Xususan, 2022–2026 yillarga mo'ljallangan Taraqqiyot strategiyasining uchinchi yo'nalishi – milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirishda quyidagi muhim vazifalar belgilandi. Jumladan, kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6 baravar va 2030 yilga borib aholi jon boshiga to'g'ri keladigan daromadni 4 ming AQSH dollardan oshirish hamda «daromadi o'rtachadan yuqori bo'lgan davlatlar» qatoriga kirish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 1,4 baravarga oshirish, «Yashil iqtisodiyot» texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish, raqamli iqtisodiyot hajmini kamida 2,5 baravar oshirishni hamda uni asosiy «drayver» sohaga aylantirish, shuningdek kelgusi besh yilda 120 mlrd. dollar, jumladan 70 mlrd. dollar xorijiy investitsiyalarni jalb etish, eksport hajmlarini oshirish bo'yicha «pastdan-yuqoriga» tamoyilini keng joriy etish, shu bilan birga, kelgusi 5 yilda fond bozori aylanmasini 200 mln. dollardan 7 mlrd. dollarga yetkazish, respublika eksport hajmlarini 30 mlrd. dollarga yetkazish, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 80 foizga va eksportdagi ulushini 60 foizga yetkazish, dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravar oshirish, qishloq xo'jaligining yillik o'sishini kamida 5 foizga yetkazish, chorvachilik ozuqa bazasini kengaytirish va ishlab chiqarish hajmini 1,5-2 marta ko'paytirish, mahalliy sayyohlar sonini 12 mln. nafardan oshirish hamda xorijiy turistlar sonini 9 mln. nafarga yetkazish kabi muhim vazifalarni qamrab olgan.
Qayd etilgan raqamlar shunchaki raqamlar emas, balki xalq farovonligini ta'minlash uchun xizmat qiladigan maqsad va vazifalardir. Ushbu maqsadlar mamlakat rivoji hamda uning kelajagini belgilashi bilan ahamiyatlidir. Mamlakatda «xom ashyodan – tayyor mahsulotgacha» degan tamoyil asosida drayver sohalarda klaster tizimini rivojlantirish kabi rejalar taraqqiyot strategiyasining muhim qismi hisoblanadi. Chunki tayyor mahsulotgacha bo'lgan jarayon mamlakatimizda amalga oshiriladigan bo'lsa, yangi ish o'rinlari yaratilibgina qolmay, balki iqtisodiy o'sishga ham zamin yaratishini qayd etmoq lozim.
Umuman olganda, mazkur Farmonning qabul qilinishi O'zbekiston kelajagini belgilab beradi hamda kambag'allikni qisqartirishga oid muhim vazifalarni amalga oshirishda dasturamal bo'lib xizmat qiladi, desak aslo mubolag'a bo'lmaydi.
Iskandar O'roqboyev,
“Taraqqiyot strategiyasi” Markazi
bosh mutaxassisi