Bunda har bir soha kesimida amalga oshirilgan islohotlarning natijadorligi ortib, vazirlik va idoralarning fuqarolar oldida hisobdorligi ortib, fuqarolar bilan doimiy asosda ishlash tizimi yo'lga qo'yildi.

Muhimi, ushbu ochiqlik siyosati, faol fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolik nazorati bugun olib borilayotgan islohotlarda ham bosh mezon bo'lib kelmoqda. Jumladan, mamlakatimizni kelgusi besh yilda rivojlantirishga qaratilgan 2022–2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi loyihasi ham to'plangan tajriba va an'analardan kelib chiqqan holda, 2021 yilning 30 dekabridan, 2022 yilning 15 yanvar sanasiga qadar keng jamoatchilik muhokamasidan o'tkazildi.

Ushbu muhokamalar jarayonida barcha yurdoshlarimiz, fuqarolik jamiyati institutlari hamda davlat organlari faolligini yanada oshirish maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan maxsus videorolik, infografik ma'lumot va slaydlar tayyorlanib, davlat va nodavlat teleradiokanallar, bosma va elektron nashrlar hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali faol targ'ibot ishlari olib borildi.

Shuningdek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va uning hamkorlari, ya'ni davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan davlat organlari mas'ul xodimlari, soha mutaxassislari, olimlar, professor-o'qituvchilar, turli soha vakillari, mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida konferensiyalar, uchrashuvlar va davra suhbatlari tashkil etildi.

Natijada, muhokamalar davomida faqatgina elektron platformalar orqali 17 mingdan ortiq taklif va tashabbuslar bildirildi. Xususan, ko'plab yurtoshlarimiz hamda vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlari tomonidan elektron pochta manzillari hamda telefon qo'ng'iroqlari orqali 1000 dan ortiq takliflar yuborildi.

Shuni alohida e'tirof etish joizki, Taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqishda va qabul qilishda Harakatlar strategiyasiga nisbatan mamlakatimiz aholisining ishtiroki sezilarli darajada ortdi. Bu bilan hujjatning yanada xalqchilligi ta'minlandi. Eng muhimi, besh yil avval Harakatlar strategiyasi doirasida boshlangan xalq bilan muloqot tizimi izchillik bilan davom ettirildi. Chunki, aynan Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan ishlarni amalga oshirish jarayonida davlat organlarining aholi bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqoti yo'lga qo'yildi. Yildan-yilga shaffoflik ortib bordi, bu esa o'z-o'zidan aholining davlat organlariga nisbatan munosabatini tubdan o'zgartirib, uning faolligi, islohotlarga ishonchi va daxldorligini kuchaytirdi. Eng muhimi, fuqarolar tomonidan davlat organlari oldiga masala qo'yish imkoniyatlari yanada kengaydi.

Shu o'rinda, Taraqqiyot strategiyasining har bir bosqichini amalga oshirishda jamoatchilik nazorati ishtirokining kuchaytirilayotgani ham e'tiborga molik. Tabiiyki, bunday nazoratni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlarning yaratilayotgani esa alohida diqqatga sazovor. eng muhimi, har bir maqsadning amalga oshirilish jarayoni aholi tomonidan doimiy ravishda kuzatib borilishi ta'minlanadi.

Bugun har bir fuqaroning fikrini tinglash, amalga oshirilayotgan islohotlarning asosi sanaladi. Shu boisdan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Taraqqiyot strategiyasi loyihasi bo'yicha taklif bildirgan barcha fuqarolarni ular tomonidan berilgan takliflarni amalga oshirish imkoniyati va holati to'g'risida xabardor qilish maqsadida bugungi kunga qadar 2 mingdan ortiq fuqaroga takliflarining kelgusi taqdirini ma'lum qilishga qaratilgan tashakkurnomalar yuborildi.

Ayni kunda ushbu tashabbus izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, 2022 yilning 25 mart kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Taraqqiyot strategiyasi loyihasida faol ishtirok etgan bir guruh fuqarolarni taqdirlashga qaratilgan tadbir tashkil etildi.

Unda Toshkent shahridan turib taklif bildirgan, mahalliy Kengashlar deputatlari, davlat va nodavlat tashkilotlari xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda bir guruh faol fuqarolar ishtirok etdilar.

Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov tomonidan ushbu hujjat tom ma'noda xalq fikri va takliflari asosida shakllangan xalqchil hujjat ekanligi e'tirof etilib, Markaz ekspert va mutaxassislari tomonidan fuqarolarning bildirilgan barcha takliflari, xususan bu yilgi Davlat dasturiga kiritilmagan takliflar, kelgusida, albatta davlat ahamiyatidagi dastur va strategiyalar ishlab chiqilishida, ayniqsa hududlarni rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqishda foydalanish uchun sohalar kesimida taqsimlanib, tegishli vazirlik va idoralarga etkazilayotganligini ma'lum qildi.

Umuman olganda, kelgusi besh yilda Markaz fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar bilan faol hamkorlikni davom ettirib, Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishning har bir jarayonida jamoatchilik nazoratini olib boradi va muntazam ravishda fuqarolarning taklif hamda tashabbuslarini tinglagan holda ularni umumlashtirib, tegishli Davlat dasturlarida aks ettirish choralarini ko'rishda davom etadi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati