Oʻzbekiston xalqining koʻp asrlik boy tarixiga nazar tashlar ekanmiz, unda azaldan ilm-maʼrifatga alohida eʼtibor qaratilib kelganligini guvohi boʻlamiz. Oʻsha davrlarda jamiyatda ilm-fan, sanʼat va madaniyatning yuksalishi, buyuk siymolarning oʻz ijodida erishgan yutuqlari jahon tamaddunining rivojiga qoʻshgan hissasi barchamizni birdek faxru-gʻururimizga sabab boʻlib kelmoqda.
Tarixdan yaxshi maʼlumki, diyorimizdagi birinchi Renessans davri - Somoniylar davriga toʻgʻri kelib, ushbu davrda buyuk ajdodlarimizning yaratgan ilmiy-falsafiy asarlari va olamshumul kashfiyotlari islom sivilizatsiyasiga tamal toshi boʻldi. Renessansning ikkinchi davri esa – Amir Temur va Temuriylar davriga toʻgʻri kelib, nafaqat Movaraunnahr, balki butun Markaziy Osiyo oʻlkalari oʻz taraqqiyotining yangi pogʻonasiga koʻtariladi.
Oʻzbekistonda yangi uygʻonish - Uchinchi Renessans davri boshlandi. Makur holatni bugungi kunda mamlakatimizda, shiddat bilan rivojlanayotgan hayotimizda roʻy berayotgan yuksalish jarayonlari oʻzini barcha sohalarda namoyon etmoqda. Binobarin, mustaqillikka erishgan yillarimizning ilk davrida biz oʻzimizning milliy oʻzligimizni anglash, boy tarixiy-maʼnaviy hamda ilmiy merosimizning asl mazmun-mohiyati magʻzini chaqish va uni roʻyobga chiqarishga intilgan boʻlsak, endilikda xalqimiz jipslanib “milliy yuksalish sari” gʻoyasini sobit qadamlik bilan amalga oshirishga kirishdi.
Bu davrda jamiyatimizda ijtimoiy tafakkurning yuksalish tendensiyasi qaror topishi, unga xos ham milliy, ham umuminsoniy qadriyatlarning mujassamligi eʼtirof etilmoqda. Milliy ruh va umuminsoniy qadriyatlar uygʻun boʻlgan ijtimoiy tafakkur – mamlakatimiz barqaror rivojlanishining oʻzan mezon va mustahkam poydevoriga aylanmoqda.
Davlatimiz rahbari hozirgi davrni milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari deb eʼlon qilganligining zamirida qatʼiy ishonch va chuqur hikmat mujassam. Negaki, keyingi 10 yilligimiz asl yuksalish va taraqqiyot davri boʻlishi muqarrar. Zero oxirgi yillarda qabul qilingan va albatta qilinajak qonunlar, farmon va qarorlar, amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar taraqqiyotning yangi ufqlariga asos boʻladi.
“Biz keng koʻlamli demokratik oʻzgarishlar, jumladan, taʼlim islohotlari orqali Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni oʻzimizga asosiy maqsad qilib belgiladik. Bu haqda gapirar ekanmiz, avvalo, uchinchi Renessansning mazmun-mohiyatini har birimiz, butun jamiyatimiz chuqur anglab olishi kerak. Tarixga nazar solsak, Buyuk ipak yoʻlining chorrahasida joylashgan ona zaminimiz azaldan yuksak sivilizatsiya va madaniyat oʻchoqlaridan biri boʻlganini koʻramiz. Xalqimizning boy ilmiy-madaniy merosi, toshga muhrlangan qadimiy yozuvlar, bebaho meʼmoriy obidalar, nodir qoʻlyozmalar, turli osori atiqalar davlatchilik tariximizning uch ming yillik teran ildizlaridan dalolat beradi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Mazkur jihatlarni “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori”, “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, “Halollik vaksinasi”, “Maʼnaviyat boʻlmagan joyda hech qachon adolat boʻlmaydi!”, “Inson manfaatlari hamma narsadan ulugʻ”, “Xalq boy boʻlsa, davlat ham boy va qudratli boʻladi”, “Xalq bizdan rozi boʻlsa, ishimizda unum va baraka boʻladi”, “Adolat – qonun ustuvorligida”, “Insonlarning dardu tashvishlarini oʻylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir”, “Biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz”, “Biz – hech qachon mehnatdan qochmaydigan, qiyinchilikdan qoʻrqmaydigan, adolatni qadrlaydigan, azmu shijoatli, buyuk xalqmiz” kabi tamoyillarni amaliyotga tatbiq qilinayotganligi bilan izohlashimiz mumkin.
Qolaversa, bugungi kunda xalqimizni ilm-maʼrifatiga qiziqishi va eʼtiborining kuchayishi va buning uchun davlatimiz tomonidan kerakli muhim shart-sharoitlarning yaratilishi, Oʻzbekistonni rivojlanish tarixidagi ilk inqilobiy yangi uygʻonish, yaʼni Uchinchi Renessans davrini yana-da jadalashishiga xizmat qilmoqda.
Xazrat JABBOROV,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti kafedra dotseti v.b,
psixologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)