Soʻnggi yillarda taʼlim, “yashil” energetika va iqtisodiyotning koʻplab sohalarida xorijiy davlatlar bilan hamkorlik koʻlami kengaymoqda. Xususan, bu borada Germaniya bilan manfaatli sheriklik tamoyillari yoʻlga qoʻyildi. Berlin va Ostonada Markaziy Osiyo hamda Germaniya yetakchilari ishtirokida oʻtkazilgan xalqaro sammitlarda hamkorlikning istiqboldagi rejalari tuzib olindi, maqsadlar belgilandi.
Xususan, 2024-yil sentyabrda Ostonada boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo — Germaniya” sammitida Prezidentimiz uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilish, Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan investitsiyaviy va texnologik sheriklik, “yashil” energetika, iqlim oʻzgarishlariga birgalikda javob qaytarish hamda transport yoʻlaklarini rivojlantirish boʻyicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Germaniya bilan hamkorlik koʻlami tobora kengaymoqda. Oʻzbekiston bilan terrorizm va ekstremizm, kiberjinoyatchilikka qarshi kurash, yoshlarning radikallashuvining oldini olish boʻyicha birgalikdagi ishlar davom ettirilmoqda. Yurtimizda dual taʼlimni joriy etishda Germaniya tajribasidan keng foydalanilmoqda.
Bugun mamlakatimizda, jumladan, Qashqadaryo viloyatida nemis oʻqitish standartlariga asoslangan maktabgacha taʼlim muassasalari va texnikumlar faoliyati kengaymoqda. Ayniqsa, Germaniyada talab yuqori boʻlgan sohalar boʻyicha mutaxassislar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Maqsadlar mushtarak
Yaqinda Qashqadaryo viloyati hokimi boshchiligida bir guruh mutaxassis Germaniyada xizmat safarida boʻldik. Uchrashuvlarda bir necha loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish, yoshlarga kasb-hunar oʻrgatish, ish oʻrinlari ochish va tartibli migratsiyani yoʻlga qoʻyishga doir koʻplab masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Haydelberg shahri meri Ekkart Vyursner bilan uchrashuvda oliy va kasbiy taʼlim, sogʻliqni saqlash, investitsiyalarni jalb etish hamda tartibli migratsiya yoʻnalishlarida uzoq muddatli hamda barqaror hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Uchrashuvlar samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi. Janob Ekkart Vyursner va Mannhaym shahri meri Kristian Shpext Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda taʼlim, sogʻliqni saqlash, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha oʻtkazilayotgan islohotlarni yuksak baholadi. Oʻzbekiston va Germaniya hamkorligining istiqbollari haqida iliq fikrlar bildirildi.
Tashrif doirasida Haydelberg shahrida Germaniyaning yetakchi ishbilarmon doiralari, savdo-sanoat hamda hunarmandchilik palatalari vakillari ishtirokida Qashqadaryo — Haydelberg iqtisodiy forumi oʻtkazildi. Mazkur forum ikki hudud oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, yangi investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish va amaliy hamkorlik mexanizmlarini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan.
Qashqadaryo — Dyusseldorf iqtisodiyot va hamkorlik forumida ham muhim masalalar kun tartibidan oʻrin oldi. Tadbirda Dyusseldorf shahrida faoliyat yuritayotgan 50 dan ortiq oʻrta va yirik ishlab chiqarish korxonasi ishtirok etdi. Tomonlar taʼlim, sogʻliqni saqlash, tartibli migratsiya va investitsiya yoʻnalishlarida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvlarga erishdi.
Mannhaym shahri meri Kristian Shpext va nemis taʼlim muassasalari, tashkilotlar va tadbirkorlar bilan uchrashuvda Germaniya oliy va kasbiy taʼlim muassasalari bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish, dual taʼlim dasturlarini joriy etish, muhandislik va texnika yoʻnalishlarida mutaxassislar tayyorlash boʻyicha hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Mannhaym shahridagi universitetlar va amaliy fanlarga ixtisoslashgan OTMlar tajribasi Qashqadaryo viloyatida zamonaviy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Muloqotlarda qoʻshma korxonalar tashkil etish, sanoat parklari va innovatsion klasterlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, ishlab chiqarishda raqamlashtirish va avtomatlashtirish tajribasini joriy qilish masalalari koʻrib chiqildi.
Masʼuliyat yuki
Safardan bir olam taassurot, istiqbolli reja va katta masʼuliyat bilan qaytdik. Odamlarning samimiyligi, toza-ozoda shaharlar, temir intizom bizda oʻzgacha taassurot qoldirdi. Rejalarga kelsak, hamkorlik yoʻlida oʻz oʻrnimiz borligi, ayniqsa, kadrlar tayyorlash masalasiga yangicha yondashuv asosida mehnat qilishimiz lozimligini angladik. Bu, oʻz navbatida, zimmamizga katta masʼuliyat yuklaydi.
Germaniya sanoati va iqtisodiyoti rivojlangan davlatlardan. Ushbu davlat yalpi ichki mahsuloti boʻyicha yetakchi oʻrinlarda turadi. Asosan, mashinasozlik va sanoat uskunalari, kimyo va farmatsevtika, muhandislik va texnologiya, qayta tiklanuvchi energiya sohalari rivojlangan. Ishsizlik darajasi nisbatan past. Muhandislar, axborot texnologiyalari mutaxassislari va tibbiyot xodimlariga talab yuqori.
Mamlakat oliy taʼlim sifati va qulay shartlari bilan mashhur. Oliy taʼlim muassasalari asosan uch turga boʻlinadi: universitet (ilmiy tadqiqotga yoʻnaltirilgan), amaliy universitet (sanoat bilan yaqin hamkorlikdagi amaliyotga yoʻnaltirilgan taʼlim) va dual taʼlim (oʻqish faoliyat bilan birga olib boriladi).
Bugun mamlakatimiz, xususan, viloyatimiz Germaniya bilan taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlik qilib kelmoqda. Viloyat hokimi boshchiligidagi xizmat safari ham ana shu hamkorlikning mantiqiy davomidir.
Uchrashuvlarda Germaniyadagi Haydelberg universiteti, Mannhaym texnika universiteti hamda Mannhaym amaliy menejment tadqiqotlari universiteti rahbarlari bilan muloqot oʻtkazildi. Tadbirlarda Qarshi davlat texnika universitetining ilmiy va oʻquv faoliyati, ilgʻor natijalar hamda hamkorlik istiqbollari haqida maʼlumot berildi. Taqdimotlar oʻtkazildi.
Muzokaralarda professor-oʻqituvchilar va talabalarning akademik almashinuvi, birgalikda ilmiy loyihalar grantida ishtirok etish, ilmiy anjumanlar oʻtkazish, qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy qilish kabi koʻplab masalalar muhokama qilindi. Kelishuvlarga erishildi.
Germaniyaning yirik transport-logistika kompaniyalaridan biri — “Pfenning Logistics GmbH” bilan hamkorlik oʻrnatildi. Mazkur kompaniya 110 filial, 7000 dan ortiq xodimga ega. Kompaniya tasarrufida 1000 ta yuk avtomobili mavjud boʻlib, u vropa boʻylab zamonaviy va ishonchli logistika xizmatlarini koʻrsatib kelmoqda.
Imzolangan bitimga koʻra, yiliga 300 nafar yuk mashina haydovchisi va 300 nafar avtotransport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha malakali mutaxassis Germaniyaga yuboriladi. Bu hamkorlik universitetimizning logistika sohasida mutaxassislar tayyorlash borasidagi faoliyatida yangi sahifa ochadi.
Germaniya Sunʼiy intellekt tadqiqot markazi ilmiy maslahatchisi, professor Volfgang Valster bilan uchrashuv ham biz uchun manfaatli boʻldi. Sababi, viloyat oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan 50 talaba ushbu markazda malaka oshirishi uchun 2 million yevro miqdorida grant ajratiladigan boʻldi.
Til bilganga ming tanga
Bugun yurtimizda oliy taʼlim muassasalari faoliyatiga 4 mezon asosida, yaʼni bitiruvchilar bandligi, ilmiy tadqiqotlar uchun tarmoq buyurtmasi va mahsulotini sotish, ilmiy salohiyati va tan olingan xalqaro jurnallardagi maqolalari hamda jalb qilingan mahalliy va xorijiy grantlarga qarab baho beriladi. Shu nuqtayi nazardan, talabalar bandligini taʼminlashda germaniyalik ish beruvchilar biz uchun yaxshi imkoniyat.
2025-yil noyabrda Berlinda oʻtkazilgan Oʻzbekiston — Germaniya oliy taʼlim muassasalari rektorlari forumida universitetimiz va Germaniyadagi “Avestos GmbH” xalqaro kompaniyasi hamda Drezden texnika universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolangan edi.
Mazkur bitimlarga koʻra, Drezden texnika universiteti bilan hamkorlikda professor-oʻqituvchilar uchun malaka oshirish, stajirovka va tajriba almashinuvini tashkil etish, germaniyalik mutaxassislarni universitetimiz taʼlim va ilmiy tadqiqot jarayonlariga jalb etish, birgalikda ERASMUS+ CBHE dasturi doirasida qoʻshma loyihalar tayyorlash belgilandi.
“Avestos GmbH” xalqaro kompaniyasi bilan esa universitetimizda nemis tilini oʻqitishni yoʻlga qoʻyish va talabalarimizni Germaniyada haq toʻlanadigan amaliyot dasturiga tayyorlash boʻyicha hamkorlik qilinmoqda.
Universitetimiz xalqaro hamkorlik va akademik mobillik yoʻnalishida soʻnggi yillarda salmoqli natijalarga erishib kelmoqda. Xususan, Erasmus+ ICM KA171 dasturi doirasida 2025-yilda 8 talabamiz xalqaro grantni qoʻlga kiritdi. Shuningdek, Slovakiya milliy stipendiya dasturi doirasida oʻtgan yili 4, 2026-yil uchun esa yana 4 nafar talaba grant yutib, xorijda taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻldi. 2026-yilda Erasmus+ ICM KA171 loyihasi doirasida qoʻshimcha 10 talabamiz nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalarida oʻqishga yuborilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Erasmus+ CBHE yoʻnalishidagi HEMUA loyihasi doirasida ham universitetimiz faol ishtirok etib kelmoqda. Ushbu loyiha doirasida bizga ajratilgan umumiy mablagʻ qariyb 40 ming yevroni tashkil etadi. Mazkur grant asosida 2 professor-oʻqituvchimiz Italiyaning nufuzli Bolonya universitetida ilmiy va pedagogik tajriba almashib qaytdi.
Talabalar uchun amaliy va mavsumiy bandlik imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida “Work and Travel” dasturi doirasida ham tizimli ishlar bajarilmoqda. Jumladan, Bolgariyaga 100 nafar talabamiz hujjat topshirib, hozir viza olish arafasida. Shuningdek, Germaniya yoʻnalishi boʻyicha 50 nafar talabamiz uchun hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Kadrlar tayyorlash sifatini oshirish va xorijiy mehnat bozoriga moslashuvni kuchaytirish maqsadida universitetimizda nemis tilini oʻqitish boʻyicha maxsus kurslar tashkil etildi. Bugun ushbu kurslarda 250 talaba nemis tilini oʻrganib, xalqaro taʼlim va mehnat dasturlarida ishtirok etish uchun zarur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlmoqda.
Hamkorlik bizga nima beradi?
Germaniya dual taʼlim boʻyicha katta tajribaga ega. Bugun yurtimizda muhandislik sohasida ushbu taʼlim tizimini keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yirik korxonalar va oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida ilgʻor muhandislik maktablari tashkil etilmoqda. Bu malakali mutaxassislar tayyorlash imkoniyatini yanada kengaytiradi.
Bundan tashqari, Yevropadagi nufuzli universitetlar bilan hamkorlik xalqaro grantlar dasturlarida ishtirok etishimizga imkon beradi. Yosh olimlarimizning bilimi va tajribasi oshadi, yangi avlod darsliklari yaratiladi. Taʼlim sifati ortadi.
Xorijda oson ish topishi uchun, avvalo, muhandis talabalarimizga zamonga mos taʼlim berishimiz, shuningdek, asosiy taʼlim yoʻnalishlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazishimiz lozim. Universitetimizning 3 ta magistratura mutaxassisligi va 2 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi Germaniyaning ASIIN kompaniyasida xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Bu nima beradi? Ertaga talabada universitet diplomi, muhandislikka oid xalqaro sertifikat, til bilish boʻyicha yana bir sertifikat boʻlsa, ishsiz qolmaydi. Nafaqat Oʻzbekistonda, balki chet elda ham oʻziga munosib, serdaromad ishni oson topa oladi.
— Anchadan beri yoshlarni Germaniyada professional faoliyat yuritishga erta va real tarzda qanday tayyorlash mumkinligi masalasi meni qiziqtirib kelmoqda, — dedi germaniyalik mutaxassis Frank Birkemeer. — Amaliy tajribamdan kelib chiqib ayta olamanki, kasbiy malakadan tashqari, shaxsiy munosabat, mehnat madaniyati, madaniy moslashuv hamda germaniyalik ish beruvchilarning imkoniyati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu nuqtayi nazardan, Qarshi davlat texnika universiteti talabalari uchun tuzilmaviy axborot va yoʻnaltiruvchi dastur taklif etish gʻoyasi paydo boʻldi. Bu Germaniyada ishlashni istagan talabalar uchun ixtiyoriy qoʻshimcha oʻquv dasturi boʻladi.
Hamkorlik oʻzaro hamfikrlik poydevoriga qurilgan boʻlsa, ezgulikka xizmat qiladi. Millatlarni oʻzaro yaqinlashtiradi, muammolarga yechim topishga yordam beradi. Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyatidagi soʻzi, yakdil fikri ana shu tamoyilga asoslangan.
Sherzod NEʼMATOV,
Qarshi davlat texnika universiteti rektori
Hamkorlik materiali