Brifingda sohada muammoli vaziyatga uchragan aholi savollariga javob berildi.
Savol: Erta soat 7:00 dan kech soat 18:30 gacha ishlaydi. Bolalarni oʻz farzandidan ortiqroq sevib ardoqlaydi. Mashgʻulot oʻtadi. Ovqatlantiradi. Uxlatadi. Kiyintiradi kuzatadi. Lekin biror bir inson nega tarbiyachining oyligi 967 000 soʻm, bu oylik bilan hozirgi kunda yashab boʻladimi, deb soʻramaydi. Holbuki tarbiyachilar boshqa kasb egalaridan koʻproq ishlab, kam oylik oladi. Bu oylik bilan roʻzgor tebratsinmi, komunal xizmatlar uchun toʻlasinmi, farzandini oʻqitsinmi yoki kiyim - kechakka yetkazsinmi?
Javob: Davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisining oylik ish haqi uning maʼlumoti va malaka toifasiga qarab belgilangan.
2018-yil yanvar holatiga tarbiyachining oylik ish haqi uning maʼlumoti va malaka toifasiga mos ravishda oʻrta maxsus boʻlganda – 617 171 soʻm, oliy maʼlumotli boʻlganda – 668 356 soʻm, ikkinchi malaka toifali boʻlganda – 722 815 soʻm, birinchi malaka toifali boʻlganda – 779 554 soʻm va oliy malaka toifali boʻlganda - 838 649 soʻmni tashkil etgan.
Prezidentning 2018-yil 28-fevraldagi PQ-3571-sonli qaroriga asosan 2018-yil 1-martdan boshlab tarbiyachilarning oylik ish haqi 30 foizga oshirildi.
Bundan tashqari, Prezident farmonlariga muvofiq 2018-yil yanvardan boshlab hozirgi kunga qadar, byudjet tashkilotlari xodmilarining, jumladan, maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyachilarining oylik ish haqlari 5-marta oshirildi.
Bugungi kunga kelib, 3-5 yoshli bolalar guruhlarida ishlovchi tarbiyachining oylik ish haqi oʻrta maxsus boʻlganda – 1 111 444 soʻm, oliy maʼlumotli boʻlganda – 1 203 660 soʻm, ikkinchi malaka toifali boʻlganda – 1 301 738 soʻm, birinchi malaka toifali boʻlganda – 1 403 920 soʻm va oliy malaka toifali boʻlganda 1 510 347 soʻmni tashkil etmoqda;
tayyorgarlik guruhi (5-7 yoshli bolalar guruhi) tarbiyachisining oylik ish haqi oliy maʼlumotli boʻlganda – 1 727 603 soʻm, ikkinchi malaka toifali boʻlganda – 1 850 054 soʻm, birinchi malaka toifali boʻlganda – 1 975 627 soʻm va oliy malaka toifali boʻlganda – 2 095 874 soʻmni tashkil etmoqda.
Shuningdek, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida yillik ish haqi jamgʻarmasining 15% miqdorda Xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasi tashkil etilgan boʻlib, ushbu jamgʻarma hisobidan oʻrnak va tashabbus koʻrsatgan xodimlarga, jumladan, tarbiyachilarga ham oylik ish haqining 50%gacha boʻlgan miqdorda ustamalar toʻlanadi.
Mazkur ustamalar bilan qoʻshib hisoblaganda tayyorlov guruhi 5-7 yoshli bolalar tarbiyachisining oylik ish haqi oliy maʼlumotli boʻlganda – 2 591 404 soʻm, ikkinchi malaka toifali boʻlganda – 2 775 080 soʻm, birinchi malaka toifali boʻlganda – 2 963 440 soʻm va oliy malaka toifali boʻlganda – 3 143 811 soʻmni tashkil etmoqda.
Shuningdek, Pandemiya davrida Vazirlar Mahkamasining 21.09.2020-yildagi “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjetining barqarorligini taʼminlash va xarajatlarini maqbullashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 575-son qarorning 1-ilovasiga muvofiq Maktabgacha taʼlim vazirligining byudjetdan tashqari jamgʻarmasi uchun nazarda tutilgan mablagʻlari maqbullashtirilgan.









