Ushbu koʻrik-tanlovda Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumani 56- umumiy oʻrta taʻim maktabi va 1-son kasb hunar maktabining tarix fani oʻqituvchisi Xidirov Islomjon Tojiboy oʻgʻli ham ishtirok etdi. U tanlovga “Oloy Malikasi Qurbonjon Dodxoh faoliyati xususida ayrim mulohazalar“ mavzusidagi maqolasini taqdim etdi. Hakamlar mazkur maqolada aniqlangan yangi tarixiy maʼlumotlarni hisobga olib, Islomjon Xidirovni ikkinchi oʻringa loyiq koʻrishdi. Gʻolib ”Eng yaxshi oʻqituvchi - 2021" diplom va koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
–Ming sulolasi tomonidan idora etilgan Qoʻqon xonligi hududiy jihatdan anchayin yirik mamlakat edi, – deydi Islomjon Xidirov oʻz maqolasida. – Xonlik tarkibiga bugungi Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston davlatlarining ham koʻpgina yerlari qaram boʻlib, oʻzbeklar bilan birgalikda qozoq, tojik, qirgʻiz xalqlari ham xonlik aholisining etnik tarkibiy qismini tashkil etar edi. Ushbu xalqlar orasidan Qoʻqon xonligi ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim oʻrin egallagan bir qancha tarixiy shaxslar yetishib chiqqan boʻlib, ana shunday shaxslardan biri qirgʻiz farzandi Qurbonjon dodho edi.
Ustozimiz har bir darsga oʻzgacha tayyorgarlik koʻradi. Mavzuning yangi tariximiz tahlilidagi jihatlariga, yangilangan tomonlariga, maʼlumotlarga alohida eʼtibor qaratadi. Ana shu jarayonda oʻz-oʻzidan yangi-yangi maqolalar yozish istagi tugʻiladi. Biz jonkuyar va fidoyi muallimimizni ushbu yutugʻi bilan chin dildan tabriklab, kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
Zuhra MELIBOYEVA,
talaba