Raqobat qoʻmitasining maʼlum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda kompaniya tomonidan “Rinoksil Formula+” dori vositasi reklamasi tarqatilgan boʻlib, unda Amir Temur, Jorj Vashington, Ibn Sino, Yuliy Sezar, Alisher Navoiy va Napoleon Bonapart kabi tarixiy shaxslar obrazlaridan foydalanilgan.
Reklamada mazkur shaxslar goʻyoki ushbu dori vositasini qoʻllagani haqida tasavvur uygʻotuvchi sahnalar aks ettirilgan.
Vakolatli organ qayd etishicha, bunday yondashuv tarixiy meros va mashhur shaxslar xotirasiga nisbatan hurmatsizlik sifatida baholangan hamda axloq va maʼnaviyatning umumeʼtirof etilgan normalariga zid deb topilgan.
“Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 16-moddasiga muvofiq, reklamada milliy va oilaviy anʼanalarga, shuningdek axloq va maʼnaviyatning umum qabul qilingan normalariga zid boʻlgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish taqiqlanadi.
Aniqlangan qonunbuzilish holati yuzasidan hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan ish qoʻzgʻatilib, uni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha “NIKA PHARM” MCHJga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qoʻllash haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan majburiy koʻrsatmalar berildi.