Agentlik tomonidan oʻtkazilgan oʻrganuv jarayonida Toshkent viloyati Parkent tumanida joylashgan Tepa (Kultepa) arxeologiya yodgorligiga tegishli 2 gektar yer 2018-yil 28-sentyabrda Parkent tumani sobiq hokimi N.Muhammedov tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda auksion savdolari orqali “U.Q.B” MCHJga xom gʻisht ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun berib yuborilgani aniqlandi.

Ushbu arxeologiya inshootini “U.Q.B” MCHJ rahbarlari 2020-yilda qonunchilik talablariga zid ravishda boshqa tadbirkorlik subyekti – “U.M.P.” MCHJga sotib yuborgan. Ushbu tadbirkorlik subyekti ham oʻz navbatida bu obyektda xom gʻisht ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan.

Natijada Tepa (Kultepa) arxeologiya yodgorligining koʻchmas mulk obyektiga 1 trillion 587 milliard 600 million soʻmlik moddiy zarar yetkazilgan.