“Biz islohotlarimizning ilk kunlaridanoq inson qadrini ulugʻlashni eng oliy qadriyat sifatida eʼtirof etdik va bu borada katta oʻzgarishlarni boshladik! Yagona maqsadimiz – adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash orqali xalqimizni rozi qilishdan iborat!”. 2016-yili Prezidentlik vazifasini bajarishga kirishgan Shavkat Mirziyoyev faoliyatining ilk kunlaridanoq boshlagan tub oʻzgarishlar asosiga ana shunday buyuk gʻoyani qoʻydi va uni jamiyatimiz hayotiga izchillik bilan joriy etib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari ilk saylovoldi dasturi va xalq bilan boʻlgan bevosita uchrashuvlarda aholi bildirgan takliflar asosida 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini ishlab chiqdi. Tan olish kerakki, bu strategiyada belgilangan chora-tadbirlar oshigʻi bilan bajarildi. Mazkur hujjatda koʻzda tutilgan vazifalar bajarilishi nainki yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotini, balki bizning dunyoqarashimizni ham butunlay oʻzgartirib yubordi.
Harakatlar strategiyasida koʻzda tutilgan chora-tadbirlarning amaliy natijalari yangi Oʻzbekiston, jumladan, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish hamda inson qadr-qimmatini koʻtarish yoʻlida tashlangan ulkan qadam boʻldi.
Xalq qabulxonalari inson qadr-qimmatini oshirishga katta hissa qoʻshdi
Ha, haqiqatan ham shunday. Biz 2016-yilgacha boʻlgan davrda kichik bir masalani hal etish uchun turli idoralar eshigida uzoq vaqt sarson boʻlardik, amaldorlar esa qadr-qimmatimizni bir pulga olmasdi. Tan olish kerakki, Prezident Mirziyoyev mazkur muammoni oʻta original va oʻziga xos usul bilan hal etdi.
Buning uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri virtual qabulxonasi, keyinroq Prezident Xalq qabulxonalari tashkil etildi, Prezident va boshqa rahbarlar hududlarda xalq bilan ochiq muloqotlar oʻtkaza boshladi. Bular xalqimiz ongi va ruhini keskin oʻzgartirdi. Negaki, virtual va Xalq qabulxonalari orqali hamda jonli uchrashuvlarda fuqarolar shu paytgacha hal boʻlmayotgan muammolarini davlatimiz rahbariga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkaza boshladi. Pirovardida esa, ular tezda hal etila boshlandi.
Bu tadbirlar hamyurtlarimizning adolatga nisbatan qariyb yoʻqolayozgan ishonchi qayta tiklanishi uchun muhim vosita boʻldi. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bu borada bizning asosiy maqsadimiz – Xalq qabulxonalariga qilingan hech bir murojaat eʼtiborsiz qolmaydigan tizim yaratishdan iborat boʻldi.
Rahbarlarning xalq oldidagi masʼuliyati keskin oshdi. Ular faoliyati odamlar tashvishini qay darajada hal qilishiga bogʻliq boʻlgan muhit yaratildi. Hamma idora va tashkilotlarda “Fuqarolar qabulxonalari” tashkil etildi.
Davlat xizmatlari agentligi tuzildi va bu yoʻl bilan bitta hujjat olish uchun aholining qator idoralarda sarson boʻlib yurishdek bemaʼni holatga barham berildi. 10–15 ta idoradan bir necha oy mobaynida ovora boʻlib yigʻadigan hujjatlarimizni shu bitta tashkilotdan oladigan boʻldik.
Odamlar arzini aytgani idoralarga emas, amaldorlar aholi dardini eshitish uchun ular oldiga boradigan boʻldi. Bu ham rahbarlar va xalq ongini keskin oʻzgartirdi. Amal egalari aslida xalqning xizmatkori boʻlishi, aholini rozi qilish uchun ishlashi kerakligini tushuna boshladi.
Yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari qayta tiklandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev sobiq shoʻrolar davrida boshlanib, 2016-yilgacha hukm surgan “yopiq jamiyat” siyosatini bekor qildi va mamlakatimizni dunyoga, dunyoni esa bizga ochib berdi. Jumladan, 1992 – 2016-yillar mobaynida Markaziy Osiyoning beshta qoʻshni davlati bir-biridan uzoqlashishi ularning barchasiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Shavkat Mirziyoyev Prezident lavozimiga kelgandan keyin hamma davlatlar, ayniqsa, qoʻshni mamlakatlar bilan aloqalarni tubdan kengaytirish yoʻlini boshladi. Oʻzbekistonning ochiq, konstruktiv, puxta oʻylangan va pragmatik siyosati natijasida davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, ichki va xalqaro transport kommunikatsiyalari va suvdan samarali foydalanish, davlat chegaralaridan oʻtishni soddalashtirish kabi uzoq yillardan buyon yechimini kutayotgan murakkab muammolar hal etildi.
Iqtisodiy aloqalar kuchayishi natijasida Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi hamkorlik darajasi shiddatli ravishda oʻsa boshladi. 2023-yilning yarim yilida bu koʻrsatkich 2022-yilga nisbatan 2,3 foizga oʻsib, 3,5 milliard dollarga yetdi va Oʻzbekiston jami tashqi savdosining qariyb 12 foizini tashkil etdi. Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida iqtisodiy aloqalarning qayta tiklanishi qoʻshni mamlakatlar iqtisodiyoti rivojiga muhim hissa qoʻsha boshladi.
Chegaralardan oʻtishdagi sunʼiy toʻsiqlar asrlar davomida qoʻshni boʻlib yashagan xalqlarning qarindosh-urugʻlik rishtalariga juda katta salbiy taʼsir koʻrsatardi. Masalan, farzand ota-onasining janozasiga borolmagan – chegaradan oʻtkazilmagan voqealar oddiy hol boʻlgan. Bunday noxush holatlar, bu tartibni oʻylab topgan rahbarlardan xalq qattiq norozi edi.
Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarining qayta tiklanishi ana shunday salbiy holatlarni butkul bartaraf etdi. Chegaradan ortiqcha qiyinchilik va sunʼiy toʻsiqlarsiz oʻtayotgan odamlar esa davlatimiz rahbarini duo qilmoqda!
Tadbirkorlik tafakkuri qayta uygʻotildi
Sovet zamonidan boshlab to 2016-yilgacha boʻlgan davrda yurtimizda xalqning boyib ketishiga qarshi kurashildi. U paytlarda bilimi, aqli va mehnatining miqdori hamda sifatidan qatʼi nazar, inson boyishi mumkin emasdi. Bu qoidaga rioya qilmaganlar ayovsiz jazolanardi. Shoʻrolar ota-bobolarimizning tadbirkorlik tafakkuri va salohiyatini yoʻq qildi, boylarimizning bor mulkini tortib olib, oʻzlarini jismonan mahv etdi yoki uzoq oʻlkalarga surgun qildi. Xullas, asrlar davomida tadbirkorlik darajasi yuksakligi bilan olamni hayratga solib kelgan xalqimiz shoʻrolar davrida bu xislatini yoʻqotdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy rivojlanishga toʻsiq boʻlgan bunday nojoiz holatni ham tubdan oʻzgartirdi. U “Xalq boy boʻlsa, davlat ham boy boʻladi”, degan shiorni olgʻa surdi. Tan olish kerakki, davlatimiz rahbari tomonidan mazkur gʻoyani oldinga surish ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizda inqilobiy xarakterga ega boʻldi. Yurtimizda tadbirkorlikni keng rivojlantirish va ular huquqini himoya qilishning butunlay yangi va zamonaviy talablarga javob beradigan mexanizmi yaratildi. Yangi qonunlar va tartiblar ishlab chiqildi, mavjudlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi. Tadbirkorlikni boshlash uchun ruxsatnoma olish tizimi soddalashtirildi, uning koʻp turlariga litsenziya olish umuman bekor qilindi. Tadbirkorlik subyektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlariga barham berildi.
Davlatimiz rahbari vazirlik va hokimliklar ish vaqtining kamida 50 foizi tadbirkorlar muammolarini oʻrganish va ularga yordam berishga sarflanishi lozimligi, rahbarlar faoliyatini baholashda tadbirkorlikni rivojlantirish holatiga alohida eʼtibor berilishini davlat siyosati darajasiga chiqarishi juda katta ahamiyat kasb etdi.
Xullas, yurtimizda 2016-yildan boshlangan yangi iqtisodiy siyosat tufayli yuz minglab aholi tadbirkorga aylandi va ularning soni tobora kengaymoqda. Birgina 2023-yilning birinchi yarim yilligida yuz mingga yaqin tadbirkorlik subyekti roʻyxatdan oʻtdi. Bu esa xalq turmush farovonligini oshirish va kambagʻallikni qisqartirishga ulkan hissa qoʻshmoqda. Eng muhimi, 1917–2016-yillar mobaynida xalqimizning qariyb yoʻqolib ketayozgan tadbirkorlik tafakkuri va salohiyati yana qaytadan tiklana boshladi, ular el ichida yana qadr-qimmat topa boshladi.
Ijtimoiy himoya va kambagʻallikka qarshi kurash
Avvallari ijtimoiy himoya sohasida juda katta kamchiliklar mavjud boʻlib, moddiy yordam haqiqiy kambagʻal chetda qolib, tanish-bilishlik orqali oʻziga toʻq oilalarga berilish holatlari ham uchrardi. Prezident Shavkat Mirziyoyev aholining ehtiyojmand qatlamlarini himoya qilishni davlatning eng muhim ijtimoiy funksiyalaridan biriga aylantirdi. Natijada Harakatlar strategiyasi doirasida pensionerlar, nogironlar, yolgʻiz keksalar va aholining boshqa ehtiyojmand toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatishning butunlay yangi tizimi yaratildi.
Tegishli idoralar vakillari mahalllama-mahalla, xonadonma-xonadon yurib, vaziyatni joyida oʻrganib, kam taʼminlangan, ishsiz, kambagʻal oilalar, ayollar, yoshlar roʻyxatini tuzdi va ular uchun mos ravishda alohida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” yaratildi. Mana shu daftarlarga kiritilgan fuqarolarning, avvalo, tadbirkorlik salohiyatini aniqlash, keyin ularga mos shart-sharoitlar yaratish, qoʻllab-quvvatlash tizimi ishlab chiqildi, ularga “start kapitali” berildi.
Keyingi olti yilda ijtimoiy yordam koʻlami 5 barobar oshdi va 2 milliondan ortiq oilani qamrab oldi. Bu maqsadlarga byudjetdan 2016-yili 2,2 trillion soʻm ajratilgan boʻlsa, bugun bu mablagʻ 18 trillion soʻmga yetkazildi. Ijtimoiy taʼminotga yoʻnaltirilgan mablagʻlarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2016-yildagi 0,9 foizdan 2022-yili 2, 2 foizga yoki 2,5 barobar koʻpaydi.
Tizim yanada takomillashtirilmoqda. Jumladan, yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. U shu kunga qadar 6 ta vazirlik va idorada tarqoq holda faoliyat koʻrsatgan ijtimoiy xizmatlarni yagona tashkilotda birlashtiradi.
Ijtimoiy himoya haqida gapirganda, kambagʻallik masalasini chetlab oʻtish mumkin emas. Oʻzbekistonda kambagʻallikka qarshi faol kurash 2020-yilda boshlandi. 2021-yildan buyon kam taʼminlanganlarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritish orqali ularni hisobga olish mexanizmi joriy etildi. 2017-yilda kam taʼminlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan boʻlsa, bugungi kunda ijtimoiy himoya reyestrida kam taʼminlangan 2,3 million oila, ayollar, yolgʻiz qariyalar va nogironligi boʻlgan shaxslar moddiy yordam bilan qamrab olingan. Ajratilgan mablagʻ hajmi 7 barobar oshib, yiliga 11 trillion soʻmga yetdi.
2022-yildan boshlab esa Oʻzbekistonda kambagʻallikka qarshi kurashish umummilliy tus oldi, “mahallabay” tizimi yaratildi. 2022-yil 1-yanvardan har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchisi lavozimi taʼsis etildi. Unga ehtiyojmand oilalar hisobini yuritish hamda kasb egallashda, oʻz ishini ochishda, kredit va subsidiyalar olishda oddiy odamlarga koʻmaklashish vazifasi topshirildi.
Kambagʻallikni qisqartirish borasida sezilarli natijalarga erishilmoqda, kambagʻallar soni qisqarmoqda. 2022-yilda 1 million aholi kambagʻallikdan chiqarildi, joriy yil bu raqam yanada oʻzgarishi kutilmoqda.
Bunday natijalar xorijiy ekspertlar tomonidan tan olinmoqda. Jumladan, 2023-yil 18-may kuni Toshkentda oʻtkazilgan “Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ilgʻor tajribalarni tatbiq etish” II xalqaro forumida qatnashgan iqtisod sohasida Nobel mukofoti sovrindori Abxijit Banerji mamlakatimiz oʻz namunasi bilan boshqa mamlakatlarga kambagʻallikka qarshi qanday kurashish kerakligini koʻrsatayotganini eʼtirof etdi.
Arzon va sifatli uy bilan taʼminlash sohasida inqilobiy oʻzgarishlar amalga oshirildi
2016-yilgacha boʻlgan davrda oʻz holiga tashlab qoʻyilgan masalalardan biri aholini uy-joy bilan taʼminlash edi. Davlatning bu masalaga eʼtibori kamligi tufayli oʻz uyiga ega boʻlmagan va uy olishni orzu ham qilmay qoʻygan yuz minglab odamlar qatlami paydo boʻldi. Bu juda katta va jiddiy muammoga aylangan edi.
Shavkat Mirziyoyev bu ishda ham inqilobiy oʻzgarishlarni amalga oshirdi. U hokimiyat tepasiga kelgan zahoti zudlik bilan uysiz qolgan aholi uchun arzon va sifatli uy-joy qurishni boshlab yubordi. Uy qurishga materiallar ishlab chiqaradigan barcha vazirlik va idoralarni bu ishga safarbar qildi va ularga uylarning narxi arzon boʻlishi uchun juda katta imtiyozlar berdi.
Natijada oʻtgan 6 yilda qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar koʻp uy-joy qurildi. 2023-yili yanada koʻp, yaʼni 90 ming oilani uy-joy bilan taʼminlash reja qilingan. Kelgusi 7 yilda esa 1 million xonadonli uy-joylar qurish rejalashtirilgan va bunga jami 15 milliard dollar yoʻnaltiriladi.
Hajda ham inson qadri baland boʻldi
Yurtimizda 2016-yildan boshlangan yangi davrda hayotimizning barcha jabhalari qatori haj marosimini tashkil qilish tizimida ham keskin sifat oʻzgarishlari yuz berdi. Saudiya Arabistonining haj amallarini bajarish hududlaridagi sharoitlar tubdan yaxshilandi, hajga joʻnatish kvotalari uch barobar oshirildi va 2023-yilda 15 mingga yetkazildi. Shunday imkoniyat tufayli men ham 2023-yil muqaddas haj ziyoratini ado etish baxtiga musharraf boʻldim.
Davlatimiz rahbarining yurtimizda inson qadri hamma narsadan aziz turishi kerakligi toʻgʻrisidagi fikrlari hayotga qanchalik tatbiq etilayotganini haj marosimida oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Hajning barcha amallarini bajarishga hamisha avtobuslarda olib borishdi. Mino, Arafot, Muzdalifa kabi barcha hududlarda avtobuslar xizmatimizga shay turdi. Biz transport qidirishga vaqt va qoʻshimcha mablagʻ sarflaganimiz yoʻq. Bu haj amallarini bajarishda oʻta muhim omil boʻldi. Chunki qattiq va quruq issiq haroratda koʻchada taksi ushlash ortiqcha tashvish, koʻp vaqt va xarajatlarga sabab boʻlardi.
Madina va Makka shaharlarida hashamatli, hamma qulayliklarga ega mehmonxonalarda yashadik. Haj amallari Mino vodiysida, Arafot, Muzdalifa, Jamorot hududlarida, yaʼni ochiq maydonlarda bajariladi. U yerlarda chodirlarda yashadik. Yashash joylarimizda har bir kishi uchun toza matodan tayyorlangan oppoq choyshablar solingan yumshoq yotish oʻrinlari bor. Sovutkichlar 24 soat chodirlarni sovutadi. Har qadamda salqin ichimliklar bilan toʻldirilgan maxsus idishlar qoʻyilgan. Chodirlar oldiga qoʻyilgan samovarlarda suv hamisha qaynab turadi, koʻk, qora choy, kofe, shakar, quruq sut bilan muttasil taʼminlanadi.
Oʻzbekistondan hajga borganlar hamma vaqt va hamma joyda 3 mahal issiq ovqat bilan taʼminlandi. Ovqatlar oʻzbekona, sifatli, kaloriyali va xilma-xil, deyarli har ikki kunda osh yedik. Haj paytida mehmonxonalarda va hatto Mino vodiysidagi chodirlarda ham zamonaviy kichik shifoxonalar barpo etildi. Yurtimizdan 50 nafar malakali tibbiyot xodimi va kerakli barcha dori-darmon olib borilgan, hatto yotib davolanadigan koykalar ham oʻrnatilgan. Mazkur kasalxonalarda shifokorlar 24 soat navbatchilik qildi. Zarur hollarda bemorlar Saudiya Arabistoni shifoxonalariga olib borilib, jarrohlik amaliyotlari oʻtkazib kelindi. Hatto ana shu qimmat operatsiyalar ham bemor uchun bepul bajarildi.
Qoʻshni davlatlardan borgan tanish hojilarimiz Oʻzbekistonda tashkil etilgan tibbiy xizmatga havas bilan qaradi. Tabiiyki, biz, hojilar, “Haj amallarini qulay va ajoyib tarzda bajarish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan Prezidentimiz va mutasaddilarimizdan Alloh rozi boʻlsin”, deya duolar qildik!
Xorijdagi vatandoshlarimizga munosabat oʻzgardi
Tan olish kerakki, 2016-yilgacha xalqimiz uzoq yillardan buyon orzu qilgan munosib jamiyat yaratib bera olmadik. Aksincha, bu davrda xalqimizning adolatga boʻlgan ishonchi yoʻqoldi, yaxshi yashashga intilish orzusi barbod boʻldi, asrlar davomida qoʻshni xalqlarni ham taʼminlab kelgan zaminimiz endi hatto oʻz aholimizni ham boqa olmay qoldi. Oʻz yurtida tirikchiligini taʼminlay olmagan 2 million vatandoshimiz esa xorijga ish qidirib borib, “gastarbayterlar”ga aylanishga majbur boʻldi. Yurtimizdagi sifatsiz taʼlim tizimi tufayli ular chet elda “qora ishchi” boʻlishga mahkum edi. Boz ustiga, biz ularni “dangasa, ishyoqmas” deb tahqirlab, shaʼnini yerga urishga harakat qilardik.
Shavkat Mirziyoyev mazkur vatandoshlarimizga munosabatni butunlay oʻzgartirdi, ularni “Oʻzbekistonimizning aziz farzandlari, aka-ukalarimiz, jigarlarimiz”, deb atab, migrantlarimizga har taraflama yordam koʻrsata boshladi. Xorijga ishlash uchun borayotgan aholimizni kasbga va chet tillariga oʻqitish koʻlami kengaytirildi. Ular Yevropa va Osiyoning yuqori haq toʻlanadigan mamlakatlariga ishga borishi uchun koʻmaklashilyapti. Vatandoshlarimizga dunyoning istalgan nuqtasidan mamlakatimizdagi davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanish imkoniyati yaratilmoqda. Xorijda murakkab vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizga huquqiy va boshqa yordamlar koʻrsatish koʻlami kengaytirilmoqda. Mehnat migrantlarimiz va ularning oila aʼzolari davlatimiz, xalqimizning doimiy gʻamxoʻrligida boʻlyapti. Farzandlarining oʻqishi va oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirishida ham yengilliklar berilyapti.
Natijada mehnat migrantlarimiz ham oʻzlarini Oʻzbekistonning aziz farzandlari ekanini his qilmoqda, bundan gʻururlanmoqda.
Xorijdagi vatandoshlarimiz ichida oʻsha yoqlarda oliy taʼlim olib, katta muvaffaqiyatlarga erishganlari ham bor edi. Lekin avval ular ham Oʻzbekiston uchun goʻyo begonaday edi, ular haqida gapirilmas, matbuotda yozilmasdi. Prezidentimiz bu masalada ham inqilob qildi, yaʼni ularni yurtimizga ishga kelishga daʼvat qildi. Tegishli sharoitlar yaratilgach, ular ham yurtimizga qaytib kela boshlashdi. Ayni paytda xorijdan qaytib kelgan yoshlarimiz Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, yetakchi vazirlik va idoralarda rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda, yangi Oʻzbekistonni yaratish jarayonida karvonboshilar safida bormoqda.
Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasi – inson qadrini ulugʻlash sari ulkan qadam
Mamlakatimiz taraqqiyoti keyingi bosqichining vazifalarini belgilab berish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2022–2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqildi. Taraqqiyot strategiyasining pirovard maqsadi 2026-yilga aholi jon boshiga YAIMni 1750 dollardan 2800 dollarga yetkazish, 2030-yilga esa bu koʻrsatkichni 4000 AQSH dollaridan oshirish va Oʻzbekistonni daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kiritish, yaʼni aholi turmush farovonligini keskin oshirish hisoblanadi.
Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarning bajarilishi Oʻzbekiston taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadi, jamiyatimiz hayotini tubdan oʻzgartiradi, xalqimiz farovonligini keskin oshiradi, Uchinchi Renessansning tashkiliy-huquqiy, ilmiy, maʼnaviy-madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini yaratadi, xalqimiz qadr-qimmatini yanada koʻtaradi.
Bunga hech qanday shubha yoʻq, zero, Prezidentimiz aytganidek, “biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz. Barchamiz bir tanu bir jon boʻlib, yakdil va ahil boʻlib harakat qilsak, halol-pok boʻlib, yaxshi niyat bilan mehnat qilsak, har qanday marralarni egallashga, boshqacha aytganda, tariximizning yangi sahifasini yaratishga qodir xalqmiz!”
Odil OLIMJONOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi
huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh
ilmiy xodimi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor