Masalan, oltinni qayta ishlash uchun yaratilgan sharoitlar tufayli zargarlik sanoatida oʻtgan yilning oʻzida 3,3 karra oʻsish boʻlib, 13 trillion soʻmlik mahsulot chiqarildi. Bu yil ham 1,3 barobar oʻsish reja qilingan.

Elektrotexnika tarmogʻida ham yiliga 160 ming tonna misni chuqur qayta ishlash quvvatlari bor. Lekin oʻtgan yili korxonalarga 92 ming tonna mis berilgan. Qazib olish hajmini, rudadan olinadigan mis ulushini koʻpaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Buning uchun 57 ta maxsus texnika olib kelib, ruda qazib olishni 46 milliondan 64 million tonnaga oshirish, mahalliy korxonalar uchun birjaga har oy kamida 10 ming tonna mis chiqarish topshirildi.

Elektrotexnika korxonalari oʻtgan yili 27 milliard soʻmlik imtiyozdan foydalanib, eksportni 83 million dollarga, budjetga tushumni 46 milliard soʻmga oshirgan. Ular oʻzimizda boʻlmagan alyumin katankani import boji boʻyicha imtiyoz muddatini uzaytirishni soʻragan.

Xuddi shunday zargarlik sanoati uchun qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarga, metallurgiya sanoati uchun yuqori haroratga chidamli boʻyoqlarga, oziq-ovqat korxonalari foydalanadigan sitrus konsentratlariga ham boj belgilangan. Mutasaddilarga mahalliy korxonalar uchun xomashyo importiga bojlarni toʻliq qayta koʻrib chiqish topshirildi.

Gilam ishlab chiqaruvchilarga kafolatli xomashyo bazasi yaratilgani uchun uch yilda sohada eksport 2 karra oshdi. Yoki mebelchilar uchun yogʻoch olib kelishga yengillik qilib berilgani hisobiga bu tarmoqda ham ikki yilda ishlab chiqarish 1,4 barobar koʻpaydi.

Mebelchilar polimer, eshik-romchilar alyumin xomashyosini, maishiy kimyo korxonalari pigment va aromatizator, umuman, ishlab chiqaruvchilar mahsulotini qadoqlash uchun qogʻoz va karton zaxirasini yaratish masalasini koʻtargan.

Tashqi bozorda xomashyo arzon paytda zaxira qilish uchun imtiyozli resurs boʻlsa, tashish xarajatining bir qismi qoplansa, bunday tarmoqlar ham iqtisodiy oʻsishga katta turtki beradi.

Davlatimiz rahbari kichik korxonalarning xomashyoga ehtiyojini aniqlab, qaysi davlatdan, qancha miqdorda va qanday narxda olib kelishi, transport xarajatini hisob-kitob qilib, xomashyo zaxirasini shakllantirish vazifasini qoʻydi.