Taraqqiyot nafaqat ilgʻor gʻoyalarni, balki eskirib qolgan tartiblar, byurokratik gʻov va toʻsiqlardan oʻz vaqtida voz kechishni ham taqozo qiladi. Bu borada xalqaro tajribada “tartibga solish gilyotinasi” usulidan foydalanib kelinadi. Dastavval, mazkur tamoil iqtisodiy oʻsishdagi toʻsiqlarni bartaraf etish va investitsiyalarni jalb qilish maqsadida 1980-yilda Shvetsiyada ishlab chiqilgan. Uning asosiy mohiyati qisqa muddatlarda amaldagi normativ-huquqiy bazani xatlovdan oʻtkazish va qonunchilikka yoki bir-biriga zid boʻlgan, oʻz axamiyatini yoʻqotgan, amalda ortiqcha xarajatlar talab qiladigan normativ-huquqiy hujjatlarni bekor qilishga qaratilgan edi.
Ayni kezda Janubiy Koreya, Xorvatiya, Serbiya, Buyuk Britaniya, Meksika, Vyetnam, Misr, Keniya kabi davlatlar qonunchiligida bu uslub amal qilib kelyapti. Bu jarayon qisqa muddatda oʻtkazilsa-da, yalpi ichki mahsulot hajmining sezilarli darajada oshishiga va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratilishiga hissa qoʻshadi.
Bunga amaliy misol tariqasida Janubiy Koreya amaliyotini keltirish mumkin. Davlat qariyb bir yil davomida 11 000 ga yaqin normativ-xuquqiy xujjatlarni qayta koʻrib chiqdi va ularning teng yarmini bekor qildi. Natijada YAIM hajmi 36 milliard dollarga oʻsgan boʻlsa, qoʻshimcha 1 million ish oʻrni yaratildi.
Xalqaro tajriba “Tartibga solish gilyotinasi” usulini quyidagi ketma-ketlikda amalga tadbiq etish samara keltirishini koʻrsatib kelmoqda. Birinchidan, hukumat yoki islohotlarni amalga oshirish vazifasi yuklangan boshqa idora uning asosiy maqsadlarini belgilaydi. Ikkinchidan, hukumatning topshirigʻiga binoan, masʼul idora belgilangan muddatda normativ-huquqiy xujjatlar roʻyxatini shakllantiradi. Ushbu normativ-huquqiy hujjatlar qonuniyligi, dolzarbligi va bozor munosabatlariga qanchalik mosligi yuzasidan xatlovdan oʻtkaziladi. Uchinchidan, xatlovdan oʻtkazilgan barcha hujjatlar yagona reyestrga jamlanadi. Tahlillarga koʻra, ularning talablarga zid deb topilgani oʻz kuchini yoʻqotgan, deb xisoblanadi.
Bundan ikki yil oldingi tahlillar Oʻzbekiston milliy qonunchilik bazasida 30 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar mavjudligini, ularning 5 foizini qonunlar, qolgan qismini esa qonunosti hujjatlari tashkil etilishini koʻrsatdi. Shundan kelib chiqqan holda, davlatimiz rahbarining 2020-yil 29-sentyabrdagi “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” farmoni bilan norma ijodkorligi jarayonida amal qilish lozim boʻlgan bir qator prinsipal oʻzgarishlar kiritildi. Binobarin, Adliya vazirligi tomonidan manfaatdor idoralar bilan birgalikda oʻtkazilgan xatlov 2,5 mingga yaqin eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan, haddan tashqari tartibga solish yukini, byurokratik toʻsiq va gʻovlar hamda huquqni qoʻllash amaliyotida ziddiyatlarni keltirib chiqarayotgan normativ-huquqiy hujjatlar mavjudligi aniqlangan edi.
Farmonga binoan, 500 ga yaqin qarorlar eskirgan, 106 tasi qisman oʻz kuchini yoʻqotgan deb topildi va milliy qonunchilik tizimini rivojlantirishning muhim yoʻnalishlari ilgari surildi. Jumladan, eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normalarni keng koʻlamda qayta koʻrib chiqib, ularni bekor qilishni taʼminlovchi “tartibga solish gilyotinasi” usuli joriy etilishi belgilandi.
Hujjatda institutsional oʻzgarishlar nazarda tutilib, Adliya vazirligi tarkibida tartibga solish taʼsirini baholash boshqarmasi tashkil etildi, barcha davlat boshqaruvi va mahalliy ijro hokimiyati organlarida bu yoʻnalishda masʼul xodimlar ish olib borishi yoʻlga qoʻyildi.
Prezidentimizning mazkur farmoning ijrosini taʼminlash doirasida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi qarori bilan 1 887 ta tartibga solish yuki eskirgan hamda huquqni qoʻllash amaliyotiga zid boʻlgan holatlarni keltirib chiqarayotgan Hukumat qarorlari bekor qilindi.
Davlatimiz rahbarining 2021-yil 30-apreldagi “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi farmoni bilan 380 ta hujat oʻz ahamiyatini yoʻqotgan, deb topildi. Shundan kelib chiqqan holda, Adliya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasi qarorlari xatlovdan oʻtkazilib, uning natijasida qoʻshimcha ravishda 482 ta eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotganligi uchun bekor qilish boʻyicha takliflar taqdim etildi.
Oʻtgan yili hokimlarning 4 343 ta umummajburiy boʻlgan qarorlari “Tartibga solish gilyotinasi” qoʻllash asosida bekor qilindi. Buning natijasida, davlat hisobida turgan mahalliy umummajburiy hujjatlar soni 70 foizga kamaydi.
Umuman olganda, 2021-yilda adliya organlari tomonidan oʻtkazilgan monitoringlarda 2500 dan ortiq qonunchilik hujjatlariga zid boʻlgan hokimlar qarorlari qabul qilinganligi aniqlandi. Kiritilgan taʼsir choralariga asosan, ularning 2098 tasi bekor qilindi.
Ana shu raqamlar ham koʻrsatib turibdiki, “Tartibga solish gilyotinasi” tamoyilining joriy etilishi natijasida tadbirkorlarga gʻov boʻlib kelayotgan turli maʼmuriy cheklovlar bartaraf etilyapti, iqtisodiyot tarmoqlarida yuqori samaradorlikka erishish jarayoni va biznes yuritish muhitining yaxshilanishiga hissa qoʻshmoqda.
Zafar RAHMONOV,
Adliya vazirligi masʼul xodimi