Seminarda parlament va hukumat aʼzolari, 50 dan ortiq vazirlik va idoralarning rahbarlari, norma ijodkorligi subyektlari, shuningdek Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari – Alkis Drakinos, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining maslahatchisi, tartibga solish taʼsirini baholashga ixtisoslashgan “Jacobs, Cordova and Associates” xalqaro konsalting tashkiloti katta direktori – Sezar Kordova maʼruza bilan ishtirok etdi.
Xalqaro ekspertlar ishtirokida oʻtkazilgan mazkur seminarni tashkil etishdan maqsad vazirlik va idoralar rahbarlarining normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini tartibga solish taʼsirini baholashga oid bilim, malaka va amaliy koʻnikmalarini oshirish. Ushbu sohada Oʻzbekistonda amalga oshirilgan islohotlar va ularning huquqiy asoslari, dastlabki natijalar va rivojlangan davlatlar tajribasi bilan tanishtirishdan iborat. Maʼlumot uchun aytish joizki, bunday tartib-taomil xalqaro amaliyotda, XX asrning 60 yillaridan qoʻllanila boshlangan. Bugungi kunda Buyuk Britaniya, Daniya, Fransiya, Germaniya, AQSH, Rossiya, Qozogʻiston kabi 60 dan ortiq davlatlarda samarali yoʻlga qoʻyilgan.
Mazkur tartib-taomilni qoʻllashdan asosiy maqsad – davlatning sifatli va muvozanatlashgan normativ-huquqiy bazasini yaratishdan iborat. Yaʼni, ortiqcha xarajat va muddat, qogʻozbozlik, byurokratik toʻsiqlardan holi boʻlgan qonun hujjatlarini qabul qilinishi taʼminlaydi. Tadbirda “Jacobs, Cordova and Associates” xalqaro konsalting tashkiloti katta direktori Doktor Kordova tartibga solish taʼsirini baholashga oid xorijiy mamlakatlar amaliyoti, jarayondagi qiyinchiliklar va mazkur tizimni joriy etishning zamonaviy yoʻnalishlari haqida gapirib oʻtdi.
Doktor Kordova maʼruzasida qonunchilik hujjatlari taʼsirini baholash muayyan qonunchilik hujjatini qabul qilish orqali jamiyat hayotida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarni va tadbirkorlarga ortiqcha xarajat yuklashni oldini olishga, eng muhimi kam xarajat evaziga samarali, natijador va albatta barcha uchun maqbul boʻlgan qarorlar qabul qilishga imkoniyat yaratadi. Seminarda, “aqlli tartibga solish” usullarini qoʻllash hisobiga Germaniyada 2000-2005-yillarda 10,5 milliard yevro, Avstraliyada 2013-2015-yillarda 4,5 milliard avstraliya dollari, Rossiyada 2020-yilda 2,5 trillion rubl miqdoridagi ortiqcha xarajatlarning oldi olinganligi taʼkidlab oʻtildi.
Shuningdek, tadbirda Adliya vazirligi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan amalga oshirilayotgan “Gender jihatdan tartibga solish taʼsirini baholash” boʻyicha loyiha ham taqdim etildi.
Seminarda Oʻzbekistonda qonunchilik hujjatlarini tartibga solish taʼsirini baholash tizimi, amalga oshirilgan islohotlar, oʻtgan davr mobaynida erishilgan dastlabki natijalar haqida aytib oʻtildi. Jumladan, joriy yilda Adliya vazirligiga ekspertizaga kelib tushgan qonunchilik loyihalarining 170 tasida (11 foizida) tadbirkorlarga ortiqcha va qoʻshimcha xarajatga olib kelishi mumkin boʻlgan 220 dan ortiq huquqiy normalar aniqlangan va ularning qabul qilinishining oldi olingan.
Umuman olganda, tartibga solish taʼsirini baholashda normativ-huquqiy hujjat loyihasi yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatning uchta muhim yoʻnalishga – iqtisodiyotga, ijtimoiy sohaga, ekologiya va atrof-muhitga taʼsiri chuqur va kompleks aniqlanadi. Bu esa, sifatli va samarali, ortiqcha xarajatsiz qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqilishi va qabul qilinishini taʼminlaydi, deb xabar beradi Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.