Prezidentimizning yoshlar bilan navbatdagi ochiq muloqotida bildirilgan fikr va tashabbuslar, ayniqsa, taʼlim sifati, innovatsiya, raqamli texnologiyalar, tadbirkorlik va vatanparvarlik ruhini yuksaltirish borasidagi vazifalar biz, oliy taʼlim muassasalari jamoasi uchun dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.

Astoydil harakat qilgan odam, albatta, koʻzlagan manziliga yetadi. Yoshlar bilan uchrashuv natijala­rimizni sarhisob qilish va yangi reja-maqsadlarni belgilab olishimizga asos boʻldi.

Mamlakatimizning yoshlarga oid siyosati, ertani oʻylab koʻrilayotgan izchil chora-tadbirlar bugun sa­marasini bermoqda. Yoshlarimiz koʻrsatilgan gʻamxoʻr­lik, imkoniyat va imtiyozlardan ruhlanib, oʻziga ishonchi ortyapti. Bugun yangilikka intiluvchan, bi­limli, tashabbuskor yoshlarning yangi avlodi maydon­ga chiqqan. Shunga mos ravishda universitetimizda ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilyapti. Xusu­san, “Kelajakka qadam” dasturi orqali 166 talaba­ning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida banklardan 6 milliard 405 million soʻm miqdorida kredit ajratildi. Bank imtiyozlari tad­birkorlikka qiziqadigan yoshlarning oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishi yoki oilaviy tadbirkorlikni rivoj­lantirishida asosiy koʻmakchiga aylandi.

Talabalarimiz muntazam ravishda “Mirzo Ulugʻ­bek vorislari” va boshqa tanlovlarda gʻoliblar sa­fidan oʻrin egallab kelmoqda. Joriy oʻquv yilining oʻzida 13 talabamiz Oʻzbekiston Prezidenti va boshqa nomdor stipendiyalar sohibi boʻldi.

Xalqaro hamkorlik borasida ham ishlarimiz koʻ­lami kengaymoqda. Hozir 2 ta qoʻshma taʼlim dasturi boʻyicha faoliyat yurityapmiz. 350 talabamiz “Ishla va sayohat qil (Work and travel)” dasturi asosida Germa­niya va Bolgariyada pul toʻlanadigan amaliyot jarayon­larida ishtirok etish uchun hujjat topshirgan. Ayni paytda 1000 dan ortiq talaba nemis tili kurslari­da til oʻrganmoqda. Shuningdek, 15 talaba grantlar asosida Yevropa Ittifoqining nufuzli universi­tetlariga stajirovka oʻtash, qisqa va uzoq muddatli taʼlim dasturlari asosida tahsil olish uchun yubo­riladi.

2025/2026 oʻquv yilida universitetni 5408 bi­tiruvchi tamomlaydi. Ularning barchasini ish bilan taʼminlash chorasi koʻrilmoqda. Universitetimizga biriktirilgan 10 dan ortiq korxona va tashkilot bilan hamkorlikda dual taʼlim yoʻlga qoʻyilmoqda. Talabalarni yangi bilim va hunarlarga oʻrgatish maq­sadida Sunʼiy intellekt, Bioenergetika, Kimyoviy texnologiya ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari hamda “Energo Control Lab” energiya audit markazi, Seysmo­logiya va qurilish ilmiy-tadqiqot institutini tash­kil etishni maqsad qilganmiz.

Muhandis talabalarimiz xorijda oson ish topi­shi uchun, avvalo, ularga zamonga mos taʼlim berish, shuningdek, asosiy taʼlim yoʻnalishlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish lozim. Bugungi kungacha universitetimizning 3 ta magistratura mutaxassis­ligi va 2 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi Germa­niyaning ASIIN xalqaro akkreditatsiya tashkilotida roʻyxatdan oʻtkazildi. Bu nima beradi?

Ertaga talabaga diplomga qoʻshib, xalqaro akkre­ditatsiya sertifikatini ham beramiz. Demak, biti­ruvchining qoʻlida universitet diplomi, muhandis­likka oid xalqaro sertifikat, til bilish boʻyicha yana bir sertifikati boʻlsa, u ishsiz qolmaydi. Nafaqat Oʻzbekistonda, balki chet elda ham oʻziga munosib, serdaromad ishni oson topa oladi.

Bugungi kunda har bir universitet faoliyatini baholashda talabalar bandligini taʼminlashdagi koʻrsatkichiga alohida eʼtibor qaratiladi. Bu — katta masʼuliyat. Sababi, oliygohni tamomlayotgan talaba nafaqat bilimli mutaxassis, balki hunarli boʻlishi ham lozim. Ana shunda uning ertaga ishli boʻlishi oson kechadi. Bilimi, hunari bormi, ishsiz qolmaydi.

Universitetimizning qurilish va arxitektura taʼlim yoʻnalishida tahsil oladigan talabalaridan 776 nafari viloyatdagi 99 ta mahallaning bosh reja­sini ishlab chiqishga jalb etildi. Ularning amaliy mashgʻulotlari ham ana shu hududlarda tashkil qilin­moqda. Bu bilan mahorati yuksalib, tajribasi orta­di. Yangi gʻoyalar, loyihalar uchun zamin yaratiladi.

Kitobxonlikni kuchaytirish maqsadida uni­versitetimizda “Bir oyda bir kitob”, “Asardan iqtibos” kabi tanlovlar yoʻlga qoʻyildi. Profes­sor-oʻqituvchilarimiz tomonidan mahallalardagi yoshlarga kitoblar sovgʻa qilindi. Maʼnaviyat hami­sha ustuvor masala hisoblanadi, chunki mutaxassis­ning bilimi, hunari, diplomi boʻlsa-yu, maʼnaviya­ti boʻlmasa, u yetuk kadr emas. Insonning, birinchi navbatda, maʼnaviyati shakllangan boʻlishi lozim. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, badiiy asarlar bi­lan bogʻliq tanlovlar talabalarimizni kitobga oshno qildi.

Prezidentimizning yoshlar bilan muloqotida ta­labalarning sport sohasidagi iqtidorini aniqlash, ularni xalqaro musobaqalarga tayyorlash, malakali murabbiylar qoʻl ostida shugʻullanishini taʼmin­lash masalasida ham muhim tashabbuslar ilgari surildi. Shu maqsadda sport federatsiyalari bilan amaliy hamkorlik oʻrnatilmoqda. Shaxmat boʻyicha viloyat chempioni va bir necha turnirlar gʻolibasi Feruza Qurbonovaning xalqaro musobaqalarda ish­tirok etishiga yordam koʻrsatiladi.

Shu oʻrinda yoshlarga aytar soʻzimiz bor: bilim olishga masʼuliyat bilan yondashing. Har bir dars, har bir laboratoriya mashgʻuloti, har bir amaliy topshiriq kelajagingiz uchun poydevordir. Inno­vatsion fikrlashni rivojlantiring. Startap loyi­halar, ilmiy tadqiqotlar va amaliy ishlanmalarda faol ishtirok eting. Til oʻrganish va raqamli koʻ­nikmalarni oshirib boring. Bular xalqaro maydon­da raqobat qila olish uchun talab emas, balki zaru­ratdir.

Hozir universitetimizda 22 mingga yaqin tala­ba tahsil olmoqda. Iqtidorli yoshlarimiz tomoni­dan 60 dan ortiq startap loyiha yaratilib, ulardan 10 ga yaqini amaliyotga tavsiya qilindi. Ushbu star­taplar, asosan, mahallalar va hududiy korxona­lardagi muammolar yechimiga qaratilayotgani bilan ahamiyatli.

Talaba yoshlarning innovatsion loyihalari va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida uni­versitetimizda zamonaviy ekotizim yaratiladi. Yaʼni Muhandislik ilmiy-ishlab chiqarish marka­zi (Fab-lab) ishga tushirilmoqda. Markaz ularni 10 dan ortiq kasbga oʻrgatish, 150 dan ortiq yoshning bandligini taʼminlash, startaplarning “gʻoyadan mahsulotgacha” tamoyilini amalga oshirishga xiz­mat qiladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan ishonch katta sharaf va ulkan masʼuliyatdir. Bu ishonchni amaliy natijalar, yangi yutuqlar va yuksak marralar bilan oqlashga harakat qilamiz. Aminman­ki, universitetimiz talabalari nafaqat Qashqadaryo viloyati, balki butun mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadigan yetuk mutaxassis boʻlib yetishadi.

Sherzod NEʼMATOV,

Qarshi davlat texnika universiteti rektori