Tashabbuslar uchun muloqot maydoni

    Nufuzli tashkilotga 2021-2022-yillarda raislik qilish O'zbekistonga o'tishi to'g'risida qaror qabul qilindi.

    Bundan yigirma yil avval Rossiya, Xitoy, Qozog'iston, Qirg'iziston Tojikiston va O'zbekiston tomonidan ta'sis etilgan SHHT o'tgan davrda xalqaro siyosatning muhim subyektiga aylanib, nufuzli xalqaro tuzilmalar qatorida munosib o'rin egalladi.

    Tashkilot a'zolarining umumiy hududi Yevroosiyoning 60 foizini, nufus jihatidan esa dunyo aholisining qariyb yarmini tashkil qilmoqda. SHHT bugun sakkizta a'zodan tashqari, to'rtta kuzatuvchi, uchta kuzatuvchilikka nomzod, shuningdek, oltita “muloqot bo'yicha sherik” maqomiga ega mamlakatlarni birlashtirmoqda.

    Dushanbe shahrida bo'lib o'tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisida SHHTning 20 yillik faoliyati asosiy yakunlari hamda ko'p tomonlama hamkorlikning istiqboldagi ustuvor vazifalari muhokama qilindi.

    Tashkilot mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlash, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda ko'p tomonlama hamkorlikni yo'lga qo'yish, a'zo mamlakatlar uchun foydali loyihalarni amalga oshirish maqsadida tashkil qilingani hammamizga yaxshi ma'lum. Unda barcha davlatlar teng huquqli bo'lib, tashkilot boshqa mamlakatlar manfaatlariga qarshi qaratilmagan va harbiy blok xususiyatiga ega bo'lmagan tamoyillar asosida faoliyat ko'rsatishi belgilangan.

    Tashkilot doirasida qabul qilingan har qanday qaror a'zo mamlakatlar tomonidan to'la ma'qullangandagina kuchga kiradi. Bunday omillar SHHTni siyosiy barqarorlikni kafolatlash, xavfsizlikni mustahkamlash va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan dunyodagi eng yirik tuzilmaga aylantirdi.

    Bugun ochiqlik va oshkoralik, o'zgalar ishiga aralashmaslik, do'stlik va yaxshi qo'shnichilik, insonparvarlik va demokratik tamoyillarni bosh maqsad bilgan O'zbekistonning ham bu tashkilotda o'z o'rni, so'zi va roli bor. Chunki Markaziy Osiyoning nafaqat xavfsizligi, balki iqtisodiy taraqqiyotini ham O'zbekistonsiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Rasmiy Toshkent tomonidan bildirilgan har qanday taklif va tashabbuslar olqishlanib, mamnuniyat bilan qabul qilinib kelinayotgani boisi ham shunda.

    Dushanbe sammitida O'zbekiston yetakchisi bu gal ishtirokchilar e'tiborini Afg'oniston masalasiga qaratib, bu borada o'zaro hamkorlikni muvofiqlashtirish hamda axborot xavfsizligini kuchaytirish lozimligini ta'kidladi. Ya'ni, sa'y-harakatlarni birlashtirish va ushbu mamlakatdagi vaziyatni siyosiy yo'l bilan hal qilish masalalarini keng muhokama qilish maqsadida “SHHT – Afg'oniston” formatida, kuzatuvchi davlatlar va muloqot bo'yicha sheriklarni jalb qilgan holda yuqori darajadagi uchrashuvlarni muntazam o'tkazishni taklif etib, birinchi shunday uchrashuvni Toshkentda o'tkazishni taklif qildi.

    Anjumanda ushbu nufuzli tashkilotga 2021-2022-yillarda raislik qilish O'zbekistonga o'tishi to'g'risida qaror qabul qilindi. Bunday sharafli va mas'uliyatli vazifani O'zbekiston tomoni mamnuniyat bilan qabul qilib, mamlakatimizning SHHT raisligidagi ustuvor vazifalarni ma'lum qildi.

    SHHTning nufuzi va salohiyatini yanada oshirish, savdo aloqalarini kengaytirish bo'yicha qo'shma harakatlar rejasini ishlab chiqish, sanoat kooperatsiyasi dasturining qabul qilinishini jadallashtirish, Transport logistikasini rivojlantirish, kambag'allikni qisqartirish va oziq-ovqat xavfsizligiga erishish, tinchlik va barqarorlikni ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlarni faollashtirish, mamlakatlar o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikni rivojlantirish, yuqumli kasalliklarga qarshi kurashishni nazarda tutuvchi “Yo'l xaritasi”ni qabul qilish shular jumlasidandir.

    Albatta, O'zbekiston tomonidan taklif qilingan ushbu ustuvor vazifalar nafaqat SHHTga a'zo davlatlar, balki dunyoda tinchlik va barqarorlikni ta'minlash orqali butun insoniyat farovonligini oshirishga xizmat qilishi, shubhasiz. Zero, O'zbekiston har doim ezgu va ulug'vor g'oyalar tashabbuskori bo'lib kelgan va shunday bo'lib qoladi.

    Ahmadjon G'ANIYEV,

    Oliy Majlis Qonunchilik

    palatasi deputati