“Tashkent Indeks”dagi talabalar majburan chiqarilmaydi

    Ijtimoiy hayot 27 Yanvar 2023 1605

    “Tashkent Indeks”dagi talabalarni ayrim oliy taʼlim muassasalari tomonidan yotoqxonalarga koʻchirilmoqda.

    “Tashkent Indeks”dagi talabalarni ayrim oliy taʼlim muassasalari tomonidan yotoqxonalarga koʻchirilmoqda. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mazkur jarayonlar ijtimoiy tarmoqlarda notoʻgʻri talqin qilinayotgani va asosga ega emasligini ma’lum qildi.

    Eslatib o’tish mumkin, joriy oʻquv yili boshida “Tashkent Indeks” savdo majmuasida talabalar vaqtincha turishlari uchun sharoit yaratilgan edi. Oʻtgan davr mobaynida aksariyat oliy taʼlim muassasalari tomonidan talabalar turar joylarida qoʻshimcha yotoq oʻrinlari yaratilib, koʻchish istagini bildirgan talabalar ko‘chirib o‘tkazilgan.

    “Shu kunlarda esa sovuq havo haroratida majmua yetarli sharoitga ega emasligi bois, ko‘chirish ishlari oliy o‘quv yurtlari talabalar turar joylarida ko‘proq qo‘shimcha boʻsh oʻrinlari yaratilishi, aksariyatida yangi yotoqxonalar barpo etilishi hisobiga yanada jadallashdi”, – deyiladi munosabatda.

    Bunda “Tashkent Indeks”da qolishni xohlovchi talabalarni majburan chiqarib yuborilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Ma’lumot o‘rnida, birgina Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ikki qavatli yotoq o‘rni tashkil etish hisobiga qo‘shimcha 139 o‘rinli, Toshkent davlat pedagogika universiteti tomonidan Oqtepa pedagogika kolleji talabalar turar joyida yangi 300 o‘rinli joy yaratilgan.

    Shu kabi boshqa oliy taʼlim muassasalari ham hozirda ichki imkoniyatdan kelib chiqib, qo‘shimcha o‘rinlar hozirlagan. Bundan tashqari, Toshkent davlat stomatologiya institutida 400 o‘ringa mo‘ljallangan yangi yotoqxona qurib, foydalanishga topshirilgan.