Tashqi savdo faoliyati ishtirokchilarini qo‘llab- quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 6 Aprel 2022 8325

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF–60-son Farmoniga muvofiq, tashqi savdoni tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish, mahalliy tadbirkorlik sub’ektlarining eksport faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish choralarini yanada kuchaytirish orqali yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar eksportini kengaytirish maqsadida:

    1. Belgilansinki, 2022 yil 1 apreldan boshlab:

    a) 2023 yil 1 aprelga qadar:

    mahalliy korxonalar (ularning vakolatli vakillari)ga Yevropa Ittifoqi davlatlariga yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarini 70 foizgacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi;

    qo‘shni davlatlarga eksport qilingan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarini 50 foizgacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi;

    b) muvofiqlikni baholash organlarini xalqaro ILAC/IAF tashkilotlari a’zosi hisoblangan akkreditatsiya idorasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi;

    v) tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tovarlar (maxsus turdagi tovarlardan tashqari), ishlar va xizmatlar eksportini shartnoma tuzmasdan hisobvaraq-fakturalar (invoyslar) asosida amalga oshirishda talab etiladigan oldindan to‘lov miqdori 100 foizdan 50 foizga kamaytiriladi.

    2. Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi (S.Umurzakov) (keyingi o‘rinlarda – Hukumat komissiyasi):

    ikki hafta muddatda eksport qilishda tashish xarajatlarini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladigan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ro‘yxatini tasdiqlasin va uning Eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlashning yagona portalida (www.exportportali.uz) e’lon qilib borilishini ta’minlasin;

    Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.

    3. Moliya vazirligi Eksportni rag‘batlantirish agentligining buyurtmanomalariga binoan mazkur Farmonning 1-bandida nazarda tutilgan qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshirish uchun zarur mablag‘larni respublika byudjetidan ajratib borsin.

    4. Hukumat komissiyasiga mahalliy eksportchi korxonalarning murojaatlariga asosan eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan kreditlarni qaytarish muddatini yana olti oygacha uzaytirish vakolati berilsin.

    Bunda, ushbu kreditlarni qaytarish muddatining o‘zgartirilishi Markaziy bank tomonidan kredit shartlari qayta ko‘rib chiqilgan aktivlar sifatida hisoblanmasligi belgilab qo‘yilsin.

    5. “Bojxona ombori” rejimida olti oydan ko‘p bo‘lgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llashni taqiqlovchi tartib bekor qilinsin.

    6. Yoshlar tadbirkorligini yanada qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, innovatsion texnologiyalarga asoslangan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida Hukumat komissiyasining qaroriga asosan Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ularga 500 ming AQSH dollarigacha kreditlar ajratishga ruxsat berilsin.

    7. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga 2023 yil 1 yanvarga qadar Hukumat komissiyasi xulosasi asosida O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo operatsiyalarini tartibga solishning vaqtinchalik mexanizmlarini joriy qilish vakolati berilsin.

    Bunda, tayyor mahsulotlar eksportini rag‘batlantirish, shuningdek, import shartnomalari qiymatlarini sun’iy ravishda oshirish, ichki bozorga sifatsiz mahsulotlar kirib kelishi va kontrabanda holatlarining oldini olish choralari nazarda tutilsin.

    8. “O‘ztreyd” va “O‘zsanoateksport” aksiyadorlik jamiyatlariga tashqi savdo kompaniyalarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash maqsadida Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 10 million AQSH dollar mablag‘ ajratilsin.

    Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi “O‘ztreyd” va “O‘zsanoateksport” aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallaridagi (jamg‘armalaridagi) davlat aksiyalari (ulushlari) paketlari bo‘yicha aksiyador huquqini amalga oshiradi.

    9. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bir hafta muddatda Eksportni rag‘batlantirish agentligiga “O‘ztreyd” va “O‘zsanoateksport” aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallaridagi (jamg‘armalaridagi) davlat aksiyalari (ulushlari) o‘tkazilishini ta’minlasin.

    10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.

    11. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    12. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.B.Voitov belgilansin.

    Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2022 yil 6 aprel