Qaror bilan tashqi savdo operatsiyalari monitoringini yanada takomillashtirish hamda shartnomalar ijrosida asossiz debitor va kreditor qarzdorliklar shakllanishini oldini olish maqsadida:

  • tashqi savdo shartnomalari soni 22 tadan 6 taga (eksport, import, barter, ichki eksport, invoys asosida eksport, invoys asosida import) qisqartirildi;
  • tashqi savdo ishtirokchilari uchun bitta shartnoma doirasida turli bojxona rejimlaridan foydalanish imkoni yaratildi;
  • endilikda Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimida tovarlarni mamlakatimizdan olib chiqishni nazarda tutuvchi “markazlashtirilgan eksport”, “eksport birja”, “eksport-konsignatsiya”, “qayta ishlash (respublika hududida)”, “eksport lizing”, “olib chiqish” shartnomalari umumiy “eksport” shartnomasi shaklida, tovarlarni mamlakatimizga olib kirishni nazarda tutuvchi “markazlashtirilgan import”, “import birja”, “qayta ishlash (respublika tashqarisida)”, “import lizing” va “olib kirish” shartnomalari umumiy “import” shartnomasi tarzida shakllantiriladi;
  • “import« shartnomasi asosida tovarlarni «erkin muomalaga chiqarish (import)” yoki “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimlariga yoxud keyinchalik xorijga sotish maqsadida “bojxona ombori”, “erkin ombor” va “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimlariga rasmiylashtirishga ruxsat etildi;
  • “eksport« shartnomasi asosida tovarlarni «eksport” bojxona rejimiga yoki bojxona hududiga avval olib kirilgan tovarlarni “reeksport” bojxona rejimiga yoxud “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimidan keyingi qayta ishlash operatsiyasi uchun “erkin ombor” bojxona rejimiga rasmiylashtirish imkoniyati joriy etildi;
  • tovarlarning shartnoma ijrosida aks etishi bojxona yuk deklaratsiyasining bitim xususiyati bandiga muvofiq amalga oshiriladi.

Vakolatli iqtisodiy operator maqomini olish jarayonlari soddalashtirildi va ularga tatbiq etiladigan qulayliklar kengaytirildi. Bunda:

  • bojxona toʻlovlarini kechiktirib toʻlash muddati 20 ish kunidan 30 kalendar kungacha uzaytirildi;
  • xavf darajasi oʻrta boʻlgan operatorlarning tovarlari bir soat mobaynida rasmiylashtirilishi belgilandi;
  • yuridik shaxsning rahbari, bosh buxgalteri va vakolatli shaxsining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning javobgarlikka tortilganlik holatlari ikki va undan ortiq marotaba mavjud boʻlmaslik sharti qayd etildi;
  • tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan debitor qarzdorlik summasi 10 foizdan oshmasligi belgilab berildi.

Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan sanadan eʼtiboran 3 oydan soʻng kuchga kiradi.