Joriy yil 7-dekabr kuni BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi binosida BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilish masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Fionnuala Ni Aolayn ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan mazkur tadbir BMT maxsus maʼruzachisining mamlakatimizga 28-noyabr — 7-dekabr kunlari amalga oshirgan tashrifi yakunlariga bagʻishlandi.
Uchrashuv va muloqotlar
Xuddi shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT maxsus maʼruzachisi Fionnuala Ni Aolaynni qabul qildi. Muloqot chogʻida Oʻzbekistonning BMT organlari va huquqni himoya qilish institutlari bilan sherikligini mustahkamlashga qaratilgan qator qoʻshma xalqaro tadbirlar oʻtkazishga kelishib olindi.
Mehmon tashrif dasturi doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Konstitutsiyaviy va Oliy sudlar, Tashqi ishlar, Adliya, Ichki ishlar, Moliya va Mudofaa vazirliklari, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati rahbarlari bilan ham uchrashdi.
Shuningdek, BMT maxsus maʼruzachisi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Bola huquqlari boʻyicha vakil (bolalar ombudsmani) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil (biznes ombudsman) bilan muloqotda boʻldi.
Ni Aolayn Suriya, Iroq va Afgʻonistondan qaytib kelgan shaxslarning reabilitatsiya markaziga tashrif buyurdi. Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi mazkur maskanda oʻz vaqtida “qaynoq nuqta”lardan olib chiqilgan ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
BMT maxsus maʼruzachisi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida ham boʻldi. Bu hududlarda joylashgan jazoni oʻtash koloniyalaridagi shart-sharoitlarni koʻrdi. Koloniyalar rahbariyati va xizmatchilari, shifokorlar hamda mahkumlar bilan yuzma-yuz suhbatlashdi.
Mehmon Oʻzbekiston jamiyatining turli qatlamlari namoyandalari bilan uchrashdi. Xususan, Namangan shahrida Andijon, Namangan, Fargʻona viloyatlari prokuratura hamda ichki ishlar organlari tergovchilari, shuningdek, mazkur viloyatlarning jinoyat ishlari boʻyicha sudyalari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Ni Aolayn Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida mamlakatimizdagi diniy konfessiyalar vakillari bilan muloqotda boʻldi.
Fionnuala Ni Aolayn tashrifining boshlanishi va oxirida “Taraqqiyot strategiyasi” markazida terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlari va asosiy erkinliklarini ilgari surish va himoya qilish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan davlat organlari, vazirlik va idoralar rahbarlari uchun brifinglar oʻtkazildi.
“Mehr” amaliyotining yuksak bahosi
BMT maxsus maʼruzachisi Oʻzbekiston Prezidenti bilan muloqoti, shuningdek, keng jamoatchilik ishtirokidagi matbuot anjumani va brifinglarda Oʻzbekistonning “Mehr” operatsiyasi doirasida fuqarolarni mamlakatga qaytarish, reabilitatsiya va reintegratsiya qilish borasidagi saʼy-harakatlarini yuksak baholadi.
“Oila birligi va jamiyatni qoʻllab-quvvatlashiga asoslangan oʻzbek modeli repatriatsiya qilish, bolaning manfaatini koʻzlash, siyosiy, huquqiy va ijtimoiy harakatlar markazida “qaynoq” hududlardan qaytgan ayollarni samarali reintegratsiya qilish boʻyicha eng yaxshi amaliyotning namunasidir”, dedi BMT maxsus maʼruzachisi.
BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 47-sessiyasi doirasida 2021-yil 5-iyul kuni “Suriya va Iroqdan olib kelingan ayollar va bolalarning reabilitatsiyasi hamda reintegratsiyasi” mavzusida tashkil etilgan onlayn tadbirda Oʻzbekiston vakillari ishtirok etgan edi.
Mazkur seminarda Suriyaning shimoli-sharqiy qismida joylashgan “Al-Hol” va “Roj” lagerlarida qariyb 70 ming inson — 57 davlat fuqarolari (asosan ayollar va bolalar) ogʻir ahvolda saqlanayotgani tashvish bilan qayd etildi.
Taʼkidlash joizki, 2019-yildan buyon Oʻzbekiston Suriya, Iroq va Afgʻonistondagi ayollar va bolalarni qaytarish boʻyicha beshta “Mehr” operatsiyasini oʻtkazdi. Mojaroli hududlardan mamlakatga jami 531 kishi olib kelindi.
Oʻzbekiston tomonidan “qaynoq nuqta”lardan olib chiqilgan ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish maqsadida ishchi guruhlar tuzildi. Ular zimmasiga ushbu fuqarolarni reabilitatsiya qilish, hujjatlarini tiklash, ishga joylashtirish, boshpana bilan taʼminlash, bolalarni maktab va maktabgacha taʼlim muassasalariga joylash, yetim bolalar uchun vasiy hamda homiylar belgilash yoki ularni davlatga qarashli ijtimoiy muassasalarga joylashtirish, bu insonlarning sogʻligʻi va ruhiy holati ustidan doimiy monitoring olib borish vazifalari yuklandi.
Jahon hamjamiyati Oʻzbekistonning oʻz fuqarolarini mojaro zonalaridan, jumladan, Iroq va Suriyadan vataniga qaytarish va reintegratsiyasi boʻyicha harakatlarini olqishladi. Bunday saʼy-harakatlarda Oʻzbekiston kabi faollik koʻrsatgan mamlakatlar kam ekani eʼtirof etildi.
Xalqaro ekspertlar fikricha, bu saʼy-harakatlar bolalarni jabrlanuvchilar sifatida tan olishga hamda bolalar va ayollar uchun gender masalalar inobatga olingan hamjamiyatlar darajasidagi reintegratsiya dasturlari yordamida ularning shaxsiy manfaatlarini himoya qilish zarurligiga asoslangani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.
Yanada muhimi, kuchli texnik yordam koʻrsatish va inson salohiyatini kuchaytirish orqali qilingan ushbu saʼy-harakatlar inson huquqlarini amalga oshirish, demokratiyani rivojlantirish va qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Vataniga qaytib kelgan bolalar, ayollar va oilalarning jamiyatga qaytadan integratsiyalashuvi, bir tomondan, ularning ijtimoiy jihatdan yakkalanib qolishiga barham bersa, ikkinchi tomondan, jamiyatda kambagʻallikni kamaytirish orqali tinchlik va barqarorlikni mustahkamlaydi.
BMT maxsus maʼruzachisi qayd etganidek, Suriya shimoli-sharqidagi lagerlarda minglab ayollar va bolalar oʻzboshimchalik bilan hibsga olingan. BMT mutaxassislari yashash sharoiti va muomala masalasida ular zoʻravonlik, inson ekspluatatsiyasi, tahqir va mahkumlikka duchor ekanini aytishmoqda.
Bunday harakatlar xalqaro huquq normalariga koʻra, hech qanday huquqiy himoyasiz qiynoqqa solish yoki boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy, qadr-qimmatni kamsituvchi munosabatga duchor qilish yoxud jazoga tortishga tenglashadi. Fionnuala Ni Aolayn Oʻzbekistonning stigmatizatsiyani bartaraf etish, asosiy huquq, jumladan, iqtisodiy va ijtimoiy huquqni taʼminlashga qaratilgan amaliy choralarini yuqori baholadi.
Maxsus maʼruzachi repatriatsiya va reintegratsiyaning oʻzbek modeli boshqa hukumatlar oʻz fuqarolarini olovli hududlardan qaytarishi uchun “Yoʻl xaritasi” sifatida xizmat qilishini taʼkidlar ekan, mamlakatimizda mazkur tadbir samarali, insoniy va inson huquqlariga mos tarzda amalga oshirilganini eʼtirof etdi. BMT mutaxassisi boshqa hukumatlarni Oʻzbekistondan oʻrnak olishga chaqirdi.
Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash: yangi yondashuvlar
BMT maxsus maʼruzachisi terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashdagi yangi yondashuvlarni alohida qayd etdi. Binobarin, Oʻzbekiston xalqaro maydonda terrorizmga qarshi kurashda faol ishtirok etmoqda. Xalqaro aksilterror koalitsiyalar faoliyatini izchil qoʻllab-quvvatlamoqda. Mamlakatimiz BMT Aksilterror qoʻmitasi va MDH Aksilterror markazi faoliyatida qatnashib keladi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ham bu borada tegishli ishlar bajarilmoqda. Oʻzbekiston tashabbusi bilan 2020-yilda SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi tashkil etilgan boʻlib, uning qarorgohi Toshkent shahrida joylashgan.
Mamlakatimiz BMTning Global aksilterror strategiyasini qoʻllab-quvvatlagan, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha 14 ta xalqaro konvensiya hamda protokolni ratifikatsiya qilgan.
Bundan tashqari, bu borada mamlakatimizda “Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida”, “Terrorizmga qarshi kurash toʻgʻrisida”, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
BMT maxsus maʼruzachisi Oʻzbekistonning qonun ijodkorligi va xalqaro hujjatlar qabul qilishda tashabbuskorlik koʻrsatish sohalarida yetakchi ekanini eʼtirof etgan holda, ana shu yuksak salohiyatdan “terrorizm” tushunchasiga taʼrif berishda amaliy foydalanish taklifini ilgari surdi.
Zero, terrorizmga qarshi kurash toʻgʻrisidagi asosiy konvensiyalar va BMT Xavfsizlik kengashi, Bosh Assambleya hamda Inson huquqlari boʻyicha kengashning tegishli rezolyutsiyalarida ushbu atamaga aniq izoh berilmagan.
Fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuvlar
Fionnuala Ni Aolayn oʻzining koʻplab uchrashuvlari asnosida inson huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini atroflicha muhokama qilganini taʼkidlash lozim.
Bu muloqotlarda terrorizmning oldini olish, va unga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlariga amal qilish, terrorizm jabrdiydalari va terrorizmda ayblangan mahkumlar huquqlarini taʼminlash kabi masalalar yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.
Terrorizmga qarshi kurashish sharoitida odil sudlovning kafolatlanishi muhim ahamiyatga ega. Odil sudlov huquqi inson huquqlari va qonun ustuvorligi taʼminlanishining asosiy kafolatlaridan biridir. BMT maxsus maʼruzachisining Oʻzbekiston sud tizimi vakillari bilan uchrashuvlarida shu haqda soʻz bordi.
Fionnuala Ni Aolayn xonimning mamlakatimizga 10 kunlik tashrifi dasturida fuqarolik jamiyati faollari bilan muloqotlari alohida ahamiyat kasb etdi.
Jumladan, mamlakatimizdagi diniy konfessiyalar vakillari bilan doʻstona va ishchan muhitda oʻtgan muloqotda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, shuningdek, fuqarolarning vijdon erkinligini kafolatlash, millatlar va dinlararo hamjihatlikni rivojlantirish borasida erishilgan natijalar haqida soʻz bordi.
Inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlik samaralari
BMT maxsus maʼruzachisi Oʻzbekiston hukumatining YUNISEF va BMTning inson huquqlari boʻyicha boshqa tashkilotlari, shu jumladan, Inson huquqlari boʻyicha kengash va Inson huquqlari boʻyicha oliy komissar boshqarmasi bilan hamkorligining ahamiyatini alohida eʼtirof etdi.
Haqiqatan ham, soʻnggi besh yilda mamlakatimizning ushbu xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik munosabatlari boshqa davlatlar uchun namuna boʻlishga munosib yuksak bosqichga koʻtarildi. Bunday izchil hamkorlik oʻzining ulkan natijalarini bermoqda.
Xususan, Oʻzbekiston BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga saylandi va 2021-yil 1-yanvardan amalga oshirib kelmoqda. Oʻzbekistonning Jeneva shahridagi BMT boʻlinmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi raisi oʻrinbosarligiga saylandi hamda 2022-yildan oʻz vazifasini bajarishga kirishadi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, Fionnuala Ni Aolayn BMTning Oʻzbekistonga kelgan birinchi ayol maxsus maʼruzachisidir. Bugungi kunga qadar u Belgiya (2018-yil), Fransiya (2018-yil) va Qozogʻiston (2019-yil) mamlakatlariga tashrif buyurgan.
Gʻulom MIRZO,
Oydin IBROHIMOVA,
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimlari