Nufuzli mehmon ishlab chiqarish maydonlarini koʻzdan kechirdi. Shuningdek, texnopark rezidenti boʻlgan kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, istiqbolli loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama etildi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Hozirgi kunda texnoparkda 27 ta rezident-kompaniya roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, ularning umumiy investitsiya hajmi 147 million dollarni tashkil etadi. 19 ta korxona allaqachon ishlab chiqarish faoliyatini yoʻlga qoʻygan.
2024-yilda texnopark rezidentlari qiymati 16,7 million dollarlik turli mahsulotlarni ishlab chiqarib, uning 52 foizini eksport qilgan. 2025-yil boshidan ishlab chiqarish hajmi 7 million dollarni tashkil etdi.
2022-yilda ochilgan “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki Oʻzbekiston kimyo sanoatining asosiy tarkibiy qismlaridan biriga aylangan va mintaqaning kimyo-sanoat sohasida oʻz oʻrnini mustahkamlab, faol rivojlanishda davom etyapti.
Nufuzli mehmonga tashrif mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov hamrohlik qildi.