Taʼtil davomida oʻquvchilar boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi va xavfsizligini taʼminlashga eʼtibor qaratish muhim hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan taʼtil davrida oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida qator ishlar amalga oshiriladi.
Jumladan, taʼtil kunlarida “Barkamol avlod” bolalar maktablarida toʻgaraklar oʻquvchilar ixtiyorida boʻladi.
Shu bilan bir qatorda, oʻquvchilar “Onlayn maktab” loyihasi doirasida telekanallar orqali berib borilayotgan toʻgaraklar va turli mashgʻulotlar yordamida oʻz bilimini mustahkamlab borishi mumkin.
Shuningdek, farzandlarimiz vaqtini samarali oʻtkazishi va bilimini mustahkamlab borishiga qaratilgan bir qancha foydali elektron taʼlim resurslari ham ishlab chiqilgan boʻlib, ular quyidagilar:
Edumarket.uz – bolalarni oʻqishga ragʻbatlantiradigan virtual-onlayn taʼlim platformasi;
Kitob.uz – Respublika bolalar kutubxonasining elektron va audiokitoblar kolleksiyasidan iborat onlayn platforma;
uz.khanacademy.org – individual taʼlim oluvchilar uchun moʻljallangan bepul oʻrganish onlayn portal;
bam.uzedu.uz – “Barkamol avlod” bolalar maktablari va oʻquvchilar uchun qiziq boʻlgan kelajak kasblariga yoʻnaltirilgan toʻgaraklar haqidagi maʼlumotlarni olish mumkin.
Mazkur elektron taʼlim resurslar orqali oʻquvchi yoshlar boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi bilan bir qatorda, kitobxonlik madaniyatini shakllantirishi, oʻz ustida ishlashi hamda bilimini yana-da boyitib borishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida kuzgi taʼtil 4-noyabrdan boshlanib, 9-noyabrgacha davom etadi. Joriy yilning 10-noyabr kuni II chorakning birinchi kuni hisoblanadi.