TAV kompaniyalar guruhi yirik aeroport platformalarining dunyodagi yetakchi operatorlari va yaratuvchilaridan biri hisoblanadi. TAV Airports Holding aeroportlarga kompleks xizmat koʻrsatish, xususan, ularni qurish, ekspluatatsiya qilish va moliyalashtirish bilan shugʻullanadi. 8 ta mamlakatdagi 15 ta aeroport hajmidagi loyihalar portfeliga ega TAV 30 ta mamlakatning 101 ta aeroportida toʻgʻridan-toʻgʻri faoliyat yuritadi. U oʻz shoʻba korxonalari orqali aeroportlarga koʻplab turdagi xizmatlar koʻrsatib kelyapti. Shu bois ham TAV Airports Holding Oʻzbekiston Respublikasi aeroportlarining amaldagi infratuzilmasini takomillashtirish va modernizatsiyalash boʻyicha qator tayyor innovatsion yechimlarni taklif etyapti.

Uchrashuvda S. Sener TAV Airports Holding yangi “Toshkent” Xalqaro aeroportini xalqaro standartlar va talablarga javob beradigan, yuqori texnologiyali, innovatsion yechimlardan foydalangan holda barpo etish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va investitsiyalar kiritishga tayyor ekanini bildirdi. Uchrashuv natijalariga koʻra, Innovatsion rivojlanish vazirligi va TAV Airports Holding kompaniyasi oʻrtasida Anglashuv memorandumi imzolandi, shuningdek hamkorlikda investitsion loyihani ishlab chiqishga kelishildi.

Mazkur memorandumda tomonlar Oʻzbekiston Respublikasida yangi aeroportlar tashkil etish, amaldagilarini modernizatsiyalash, aeroport tizimi boshqaruvini takomillashtirish, shu sohadagi investitsion loyihalarni amalga oshirish masalalarida hamkorlik qilishga kelishdilar, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.