Jumladan, Prezidentimizning “2017-2021-yillarda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish davlat dasturi toʻgʻrisida”gi hamda “2020-2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kopmleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi” qarorlariga muvofiq, Orolboʻyi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, yangi ish joylari yaratish, shuningdek, mintaqaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, mintaqada sogʻliqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish kabi keng koʻlamli chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Eʼtirof etish kerakki, bevosita davlatimiz rahbari tashabbusi bilan murakkab ekologik muammolar taʼsirida galobal inqirozga yuz tutgan Orol dengizi va unga yaqin hududda yashovchi odamlar hayotida roʻy bergan ijtimoiy-iqtisodiy tanazzul talafonlarini bartaraf etishga bugun butun oʻzbekistonliklar bel bogʻladi. Ayni kunlarda Qoraqolpogʻiston Respublikasining shahar va tumanlari hamda uzoq va yaqin ovullarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududlar infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash ishlari izchil amalga oshirilayapti. Bu boradagi ezgu maqsadlarni roʻyobga chiqarishda turli viloyatlar tomonidan koʻrsatilayotgan begʻaraz yordamlar muhim ahamiyat kasb etayotir. Jumladan, Taxiatosh tumani Surxondaryo biriktirilgan boʻlib, 2022-2023-yillarda viloyat tadbirkorlari koʻmagi bilan sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalarida qiymati 239,6 milliard soʻmlik 19 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Pirovardida 4 mingga yaqin ish oʻrni yaratiladi.
— Hozirda Taxiatosh tumanida Surxon vohasi tadbirkorlari, bank rahbarlari va mutasaddilardan iborat viloyat shtabi tuzilgan. Ular mahalliy mutasaddilar bilan birga tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ishlar olib borishmoqda. Bu borada qilinayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov boshchiligidagi delegatsiya Qoraqalpogʻistonga tashrif buyurdi, — deydi Respulika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi rahbari Nargiza Rahmatullayeva. — Viloyatimizning eng ilgʻor tadbirkorlari va fermer xoʻjaliklari oʻz loyihalarini Taxiatosh tumanida amalga oshirish, pirovardida yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi turmush farovonligini oshirishga bel bogʻlashmoqda. Bu yerda tashkil etilgan shtabda amalga oshirilayotgan ishlar va yoʻlga qoʻyilayotgan yangi loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Rosti, bunday amaliy tadbirlar bizni taxiatoshliklar bilan qalban yaqinlashishga, oʻzaro samimiy doʻstlik-birodarlik rishtalarini mustahkam bogʻlashga katta turtki berayapti. Oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, yangidan-yangi loyihalar ijrosi, ayniqsa, hamjihatlikdagi saʼy-harakatlar Taxiatosh hayotida surxondaryoliklar salmoqli iz qoldirayotganidan dalolatdir.
Maʼlumki, bugungi kunda mamlakatimizda uzluksiz taʼlimning barcha boʻgʻinlari, shu jumladan, maktabgacha taʼlim tizimini takomillashtirish, ayniqsa, jamiyatda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy-estetik bilim hamda dunyoqarashini boyitishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shunga binoan Taxiatosh tumandagi 1 va 4-sonli umumtaʼlim maktablari hamda 11-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida surxondaryolik va Qoraqolpogʻistonlik oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida “Besh tashabbus – besh imkon” shiori ostida tadbirlar, sport musobaqalari va koʻrik-tanlovlar uyushtirildi. Tadbir doirasida oʻquvchi-yoshlarga 3000 dona badiiy kitoblar jamlanmasi taqdim etildi. Shuningdek, 11-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyati, bu yerda bolalarning taʼlim-tarbiya olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham tanishish asnosida turli xildagi oʻyinchoqlar va bolalar taʼlimi uchun moʻljallangan anjomlar sovgʻa qilindi.
Taʼkidlash joizki, Naymankoʻl ovulida yuzta bir sotixlik issiqxonalar barpo etilayapti. Hozirga qadar Taxiatosh tumanidagi “Keneges” kanalining 5,7 km. qismi, “Suyenli” kanalining 1,5 km. qismi tozalanib, 500 gektar yer maydonining sugʻorish tizimi yaxshilandi. Bundan tashqari, hududda pillachilik va bogʻdorchilikni rivojlantirish uchun 7 ming tup tut, 10 ming tup mevali va manzarali koʻchat ekildi. Shuningdek, Surxondaryo viloyati vakillari taxiatoshlik nuroniylar va faollar hamrohligida “Obod makon” mahallasida barpo etilayotgan “Yoshlar bogʻi” loyihasini koʻzdan kechirishdi va “Yashil yillik” umummiliy loyihasi doirasida mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekildi.
— “Ayollar daftari” platformasiga kiritilgan xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitish, ularning bandligini taʼminlashga yaqindan koʻmaklashish maqsadida “Obod makon” va “Doʻstlik” mahallalarida joylashgan Monomarkazlar faoliyati bilan yaqindan tanishdik, — deydi Surxondaryo viloyati hokimining oʻrinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Zulxumor Xidirova. — Ayol baxti — el-yurtning baxti. Ayol qachon oʻz hayotidan rozi boʻladi? Uyida tinchlik, roʻgʻorida fayzu baraka, farzandlari yuzida tabasssum zohir boʻlsagina ayol tom maʼnoda oʻzini baxtli his qiladi. Ayni mana shu haqiqatga tayangan holda, hudud ayollarini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvatlash, ularning bandligini taʼminlash, daromad olish manbalarini yaratishga intilyapmiz. “Ostona kilem” masʼuliyati cheklangan jamiyatining kooperatsiya asosida jundan ip yigiruv va gilam toʻqish faoliyatini tashkil etish loyihasi doirasida xotin-qizlar gilam toʻqishga oʻrgatilmoqda. Shuningdek, bu yerga kelib 20 ta xonadonga inkubator, 50 ta xonadonga tikuv mashinalari hamda dastgohlar yetkazib berdik. Taxiatoshda ishsiz xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitish va bandligini taʼminlash boʻyicha Surxondaryo tajribasini joriy etish boʻyicha galdagi vazifalarni belgilab oldik.
Azimbek SAMADOV,
“Yangi Oʻzbekiston muxbiri