Taxti Qoracha dovonida qulagan tosh ostida qolganlarning ikki nafari Vengriya fuqarosi boʻlgan

    Oʻzbekistonning Vengriyadagi elchixonasi halok boʻlganlarning yaqinlariga va oila aʼzolariga hamdardlik bildirdi.

    «Oʻzbekiston Respublikasining Vengriyada elchixonasi “Kitob-Samarqand” yoʻlida Qashqadaryo viloyatida toshlar qulab tushishi oqibatida ikki nafar Vengriya fuqarosining fojiali halok boʻlganligi haqidagi xabarni chuqur qaygʻu bilan qabul qildi.
    Vafot etganlarning yaqinlariga va oila aʼzolariga samimiy hamdardlik bildiramiz. Ushbu baxtsiz hodisa, afsuski, dunyoning istalgan nuqtasida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan tabiiy ofat oqibatida roʻy berdi.
    Oʻzbekiston tomoni barcha tafsilotlarni aniqlash uchun sinchkovlik bilan tergov oʻtkazmoqda. Shuningdek, halok boʻlganlarning jasadlarini vatanlariga tez orada qaytarishda toʻliq yordam berishga tayyormiz," deyiladi taʼziya matnida.

    Eslatib oʻtamiz, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi Taxti Qoracha dovonida joylashgan M-39 Toshkent-Termiz avtomobil yoʻlining 1137-kilometrida togʻdan qulagan ulkan tosh Cobalt rusumli avtomobilni pachoq qilgan. Hodisa taxminan soat 16:00 da sodir boʻlgan. Samarqand yoʻnalishida ketayotgan mashinadagi uch kishining barchasi voqea joyida halok boʻlgandi.