Tayyorbek ish izlayapti — ijtimoiy satira

    Tayyorbek serg'ayrat yigit. Ishga tez kirishib ketadi. Lekin yomon odati bor-da – hech bir ishni oxirigacha etkazmaydi. Bu odatga qachon o'rgandi, o'zi ham bilmaydi.

    Maktabni ham zoʻrgʻa tamomlagandi. 7-sinfdayoq oʻquvchilikdan bezdi. Yaxshiyam maktab direktori Matqovul Qoʻshshayev qoʻshnisi ekan — maktabga har kuni oʻzi olib ketardi.

    Tayyorbek bir amallab kollejni tugatdi. Borgan kunlarini sanasa, unga diplom bergan kollej rahbarlarining siri ochilib qoladi. Shuning uchun bu mavzuni yopiqligicha qoldiramiz.

    Keyin nima boʻldi? Keyin otasi Qalqon aka Tayyorbek kollejda 1-kurs payti olib boqayotgan sigirlarni sotib, oʻgʻlini superkontrakt bilan institutga kiritdi.

    Yigitning shashti boshida kuchli edi. Biroq 2-kursga oʻtar-oʻtmas, yana yoqmay qoldi: “E, yuramanmi umrimni oʻtkazib? Harakati bor odamga diplomning keragi yoʻq!”.

    Uni internetdagi motivatsion gap-lar aynitdi. Axir oʻsha paytda doʻngpeshana blogerning diplom kerakmasligi haqidagi intervyusi rosa mashhur boʻlgandi-da.

    Hammasi kuyib ketdi. Shuncha payt boqilgan sigirlar “harom oʻldi”. Ha, mayli-da! Otasi bunga ham chidadi: “Oʻgʻlimning shunga yarasha biror kattaroq rejasi bordir-da”, deb oʻzini ovutdi.

    Tayyorbek oʻqishni tashlagandan keyin bir muddat bekor yurishiga toʻgʻri keldi. Har-har zamonda shaharga borib-kelib turdi. Nima rejada yurganini hech kim bilmadi. Rostdan ham biror rejasi bormidi oʻzi?!

    Otasi oʻgʻlining vaqti bekor oʻtayotganini koʻrib, tumanda ishlayotgan sinfdoshining yoniga ishga kiritib qoʻymoqchi boʻldi. Axir rejasi amalga oshguncha buyam harna-da.

    Ish xususiy firmaning yugur-yuguri ekan. Soliqqa bor, Davlat xizmatlariga bor, uni chaqir, buni chaqir… Bu yerda ham 2 oy ishladi. Keyin buyam yoqmay qoldi: “E, qachongacha bularning yugurdagi boʻlib yuraman?”.

    Qalqon aka yana rozi boʻldi. U hamon oʻgʻlining katta rejalari borligiga ishonardi.

    Tayyorbek tagʻin ishsiz qoldi.

    Lekin bir kuni ishi yurishib ketadiganga oʻxshadi. Mahallaga yaqindagina hokim yordamchisi boʻlgan Chaqqonboy bilan tanishib, yoshlarga qanday imtiyozlar borligi haqida surishtirdi.

    Chaqqonboyning ishi shu emasmi, unga bir haftaga qolmasdan 30 million soʻm chorva krediti olib berdi. Tayyorbek oriq-semiz 10 bosh qoʻyli boʻldi.

    Katta-katta rejalar tuzildi — 1 yilda 20 ta, 2 yilda 40 ta boʻladi. 5 yilda bu qishloqda undan oʻtadigani boʻlmaydi. Qalqon akaning xursandligini koʻring!

    Lekin chorva boqish ham oson emas ekan, ovqat ber, suv ber, junini ol. Xullas, bu Tayyorbekka toʻgʻri kelmaydi. Bundan ham yaxshi ishlar koʻp-ku.

    Bozorga chiqib, 10 ta qoʻyni kreditning yarim narxiga sotdi. Lekin shu pulga boshqa ish qilish yodidan chiqibdi. Reja qilish bilan oʻtgan 3 oyda bu puldan 1 tiyin ham qolmadi. Qolgani — boʻyinda 30 million kredit. Qalqonboy akaning umri uzoq boʻlsin!

    Tayyorbek yana boshqa ish qilmasa boʻlmaydi. Erta-indin uylanadi. Biror kasb oʻrgansa-chi?! Yaxshi fikr!

    Shu gʻoya bilan tumandagi bandlikka koʻmaklashish markaziga bordi. U yerdagilarga ham shunday odam kerak ekanmi, uch kunda Tayyorbekni monomarkazga kursga joylashtirib qoʻyishdi. Bepulligi-ku nur ustiga nur. Hadeb ishi oʻxshayvermagan Tayyorbek endi shu yerni mahkam ushlayman, kasb oʻrganib yaxshi mutaxassis boʻlaman, deb qasam ichdi. Lekin, afsuski, bu yerda ham kamida olti oy oʻqish kerak ekan. Olti oy! Boʻlmaydi!

    Nima qilsa ekan endi? Imtiyozli kredit kerak unga! Axir pul pulni topadi. Surishtirib-surishtirib, tikuvchilik sexi ochish uchun imtiyozli kredit borligini eshitdi. Onasining nomiga olsa boʻlarkan. Hammasi hal edi — Nazariddin aka qaytarib qolmaganida.

    Nimadir ish qilmasa boʻlmaydi. Tayyorbekka ish kerak. Ertaga shu masalada poytaxtga bormoqchi. U hozir xonasida yotib, shuning rejasini tuzyapti…

    Jonibek ALIJONOV,

    "Yangi Oʻzbekiston" gazetasi,

    2023-yil, 1-noyabr, 227-son