Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzurida Tadbirkorlik va iqtisodiy rivojlanishni o'rganish markazining ochilishi munosabati bilan seminar bo'lib o'tdi.

Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti katta ilmiy xodimi Rauf Salaxo'jaev “Tadbirkorlik va iqtisodiy rivojlanishni o'rganish markazi” faoliyatini yo'lga qo'yishning maqsadi, vazifalari haqida taqdimot qildi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Qo'ng'irotboy Sharipov, o'quv ishlari bo'yicha prorektor Mansur Eshov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektor Gulnora Abdurahmonova, Yoshlar bilan ishlash bo'yicha prorektor Sadriddin Xudoyqulov va boshqalar ishtirok etib, universitet ilmiy salohiyatini oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirishga xizmat qiluvchi ilmiy ishlar, samarali ixtirolar, innovatsion ishlanmalar yaratilishida yangi tashkil etilgan markazning o'rni alohida bo'lishini ta'kidlab o'tdilar.

Shundan so'ng, ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga ma'ruzachidan batafsil ma'lumot oldilar va kelgusidagi harakatlar ko'lami kelishib olindi.

Eslatib o'tamiz, 2020 yil 25 iyun kuni Rauf Salaxo'jaev hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rahbariyati bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni yangi bosqichga ko'tarish masalalari muhokama qilingan edi. Jumladan, TDIU huzurida tadqiqot instituti va biznes maktab tashkil etish, iqtisodiy tahlil qila olish ko'nikmalariga ega kadrlar tayyorlashda dunyoning ilg'or tajribalaridan samarali foydalanish masalalari yuzasidan “yo'l xaritasi”ni ishlab chiqib, uni amalga oshirish bo'yicha vazifalar belgilab olingan.