Olam chiroy ochgan shu pallada yurtimizning har bir go‘shasida Navro‘zi olam tantanalari katta shodiyona va surur ila o‘tkazilayotir. Toshkent davlat pedagogika universitetida bo‘lib o‘tgan bayram sayli ham ishtirokchilar qalbiga xushnudlik, quvonch ulashdi.
Saylda keng jamoatchilik, talabalar, atrofdagi mahallalar yoshlari, xorijiy mamlakatlar elchixonalari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Navro‘z saylida respublikamizning 14 ta hududi — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga xos bo‘lgan milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analar namoyishi betakror taassurotlarga oshno etgan bo‘lsa, milliy liboslar va taomlar, sport o‘yinlari bayram qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Yosh rassom va hunarmandlarning ijod namunalari o‘rin olgan badiiy ko‘rgazma ko‘ngillarni san’atning sehrli olamiga oshno etib, ko‘klam ruhi va nafasini tuhfa etdi. Dilroba kuy-qo‘shiqlar, o‘lanu laparlar barcha yurtdoshlarimizga birdek quvonch ulashdi.
Tinchlik, shukronalik, hamjihatlik ruhi va falsafasi jo bo‘lgan bu ayyom yoshlar qalbida qadriyat va an’analarimizga hurmat, yurtda bo‘layotgan o‘zgarishlarga nisbatan daxldorlik hissini taqdim etdi.