Birgina misol: Turkiy davlatlar tashkilotining Budapeshtda boʻlib oʻtgan norasmiy sammiti arafasida Vengriyaning yetakchi “Hungarian Conservative” axborot-tahliliy nashrida “Oʻzbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotidagi yetakchiligi: Prezident Shavkat Mirziyoyevning qarashlari” sarlavhali maqola eʼlon qilindi. Unda Oʻzbekistonda TDT kun tartibini belgilab beruvchi va uning xalqaro maydondagi taʼsirini kuchaytiruvchi qator chuqur islohotlar boshlandi, deya taʼkidlanadi. Bundan anglash mumkinki, Oʻzbekistonning tashkilotdagi roli va ilgari surayotgan tashabbuslarini yetakchi ekspertlar va xorijiy OAV yuksak baholamoqda.
Oʻzbekiston bugun turli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarga aʼzo. Ular orasida TDT aʼzolarining madaniyati, tili, anʼanalari, tarixi, qadriyatlari mushtarakligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Oʻxshash til, yagona din, tarixiy va madaniy rishtalar asosida shakllangan bu tuzilma mintaqaviy koʻp qirrali hamkorlikning samarali siyosiy-diplomatik platformasiga, Markaziy Osiyo va Yevroosiyodagi siyosiy hamda iqtisodiy jarayonlarning muhim ishtirokchisiga aylanib, xalqaro maydondagi mavqei tobora mustahkamlanmoqda.
Turkiy davlatlarda yashovchilar soni 160 milliondan oshadi. Aʼzo davlatlarning hududi esa qariyb 4 million kvadrat kilometr. Bugun TDT doirasida savdo-iqtisodiy va transport-tranzit aloqalaridan tortib, kosmik tadqiqotlargacha boʻlgan 35 ta asosiy yoʻnalish boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash qiymati 2022-yilda 30 milliard AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, 2024-yilda ushbu koʻrsatkich 45 milliard AQSH dollariga yetdi. Soʻnggi toʻrt yilda aʼzo davlatlarning umumiy yalpi ichki mahsuloti
20 foiz (1,6 trillion dollar), toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 22 foiz oʻsdi. Tabiiyki, ushbu koʻrsatkich iqtisodiyotimizga ham ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.
TDT sammitlarida davlatimiz rahbari savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy, transport, turizm, sogʻliqni saqlash, madaniy-gumanitar, iqlim oʻzgarishi va ekologiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish borasida 60 dan ortiq muhim taklifni ilgari surdi. Ularning 50 ga yaqini bugun amaliy ifodasini topgan.
Vengriya kuzatuvchi maqomiga ega boʻlishiga qaramay, tashkilotning eng faol ishtirokchilaridan biri sifatida turkiy davlatlar bilan aloqalarni kengaytirishdan doimiy manfaatdor ekanini namoyish etmoqda.
Joriy yil 20-21-may kunlari Budapesht shahrida TDTning “Sharq va Gʻarbning uchrashuv joyi” shiori ostidagi norasmiy sammitida Turkiya, Ozarbayjon, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston davlat yetakchilari bilan birga tashkilot bosh kotibi ham ishtirok etdi.
Sammitda davlatimiz rahbari, avvalo, dunyodagi global vaziyatga baho berar ekan, murakkab geosiyosiy-geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim oʻzgarishi oqibatlarining kuchayishi barcha davlat uchun qiyin sinov boʻlayotganini alohida taʼkidladi. Muammolarga faqat xalqaro huquq meʼyorlari, BMT nizomi asosida yechim topish zarurligiga eʼtibor qaratdi.
Prezidentimizning konseptual ahamiyatga ega taklif va tashabbuslarini tizimlashtirsak, u qator yoʻnalishlarni oʻz ichiga olishini koʻramiz.
Birinchisi, davlatimiz rahbari TDT xalqlari hamkorligining uzoq muddatli huquqiy asosini mustahkamlashga xizmat qiluvchi “Turkiy davlatlar oʻrtasida strategik sheriklik, abadiy doʻstlik hamda qardoshlik toʻgʻrisida”gi bitimni Boku sammitida imzolash taklifini bildirdi. Ushbu bitimning imzolanishi xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish va koʻp qirrali hamkorligimizning huquqiy asosini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ikkinchisi, “Turk-treyd” onlayn platformasini yaratish va Savdoni oshirish amaliy dasturini qabul qilish taklifi mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro savdo ulushini keskin koʻpaytirishga qaratilgan takliflardan biri boʻldi.
Uchinchisi, Prezidentimiz transport aloqalari masalasiga alohida toʻxtalib, “yagona darcha” hamda “yashil koridorlar” tizimlarini tezroq yoʻlga qoʻyish tashabbusini ilgari surdi. Zero, ushbu tashabbus Transkaspiy xalqaro yoʻlagi orqali yuk tashish hajmini oshirish va bojxona-chegara tartiblarini soddalashtirishda muhim ahamiyatga ega.
Joriy yil noyabrida Toshkentda Turkiy davlatlarning Xalqaro multimodal transport va logistika forumi oʻtkaziladi. Bu masalalarga ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalarni bir davrada muhokama qilish uchun qulay imkoniyatdir.
Toʻrtinchisi, innovatsion loyihalarni ragʻbatlantirish uchun qoʻshma venchur kompaniya tashkil etish va mamlakatlarimizning investitsiya imkoniyatlarini toʻliq aks ettirgan “Yagona investitsiya portali”ni joriy etish taklifi ilgari surildi. Ushbu taklif yangi va yuqori xatarli innovatsion loyihalar uchun moliyaviy resurslar jalb etishda kafolat vazifasini oʻtaydi. Portal esa barcha loyihalar, imtiyozlar, qonunchilik hujjatlari va tartib-qoidalar boʻyicha maʼlumotlarni bir joyda jamlash imkonini beradi.
Beshinchisi, kimyo, energetika, togʻ-kon, yengil sanoat, farmatsevtika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qurilish sohalarida salmoqli ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish boʻyicha Sanoat kooperatsiyasi dasturini ishlab chiqish tashabbusi bildirildi.
Mazkur tashabbus sanoat kooperatsiyasi sohasida amaliy hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish va aniq manzilli yoʻnalishlarni belgilab olishga xizmat qiladi.
Oltinchisi, Prezidentimiz qurgʻoqchilik va ekologik muammolarning oldini olish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.
Yettinchisi, Turkiy madaniyat va meros jamgʻarmasining navbatdagi yigʻilishini Oʻzbekistonda oʻtkazish, TURKSOY faoliyati va tuzilmasini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish taklifi bildirildi. Tashkilotning ushbu tuzilmasini yangilash aʼzolar oʻrtasida madaniy almashinuv va loyihalar muvofiqlashuvini kuchaytirish, turkiy davlatlar brendini xalqaro miqyosda ilgari surish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari ilgari surgan tashabbuslar turkiy xalqlar oʻrtasida hamkorlikning uzoq muddatli huquqiy asosini mustahkamlash, oʻzaro savdo ulushini koʻpaytirish, yuk tashish hajmini oshirish va bojxona-chegara tartiblarini soddalashtirish, oʻzaro investitsiyalar koʻlamini kengaytirish, iqlim oʻzgarishlariga qarshi birgalikda kurashish, birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Anvarjon MIRKOMILOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi








