Shu bois, bugun yurtimizning turli hududida yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari barpo etilyapti. Bu salmoqli ishga xorijiy investorlar jalb qilinmoqda. Zamonaviy texnologiyalar asosida yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Mazkur sa’y-harakatlar esa O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda “yashil” energetika bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri bo‘lishini ta’minlaydi.

Ushbu ishlarning mantiqiy davomi sifatida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida ham barcha binolarimizni qamrab oluvchi yuqori quvvatli quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi. Ushbu tizim universitetni arzon va toza energiya bilan ta’minlash barobarida talabalar va xodimlar uchun amaliy ta’lim maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda.

Urganch davlat universiteti 2023-2024 yillarda amalga oshirilgan yirik infratuzilma loyihasi doirasida butunlay yangi energetika tizimiga o‘tdi. OTMning barcha asosiy binolari va akademik majmualariga o‘rnatilgan quyosh panellari kompleksi bugun hududdagi eng yirik ta’lim energetika tizimlaridan.

Xususan, 3764 ta quyosh paneli o‘rnatilgan bo‘lib, har birining o‘rtacha quvvati 0,55 kilovattdan iborat. Natijada tizimning umumiy quvvati 2070,2 kilovattni tashkil etadi. Ushbu quvvat yiliga taxminan 3,2 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Loyiha nafaqat iqtisodiy, balki ekologik jihatdan ham muhim ahamiyat kasb etib, yiliga o‘rtacha 2450 tonna uglerod dioksidi gazi atmosferaga tarqalishining oldini oladi. Tizimning amortizatsiya muddati 25 yil etib belgilangan va uzoq muddatli barqaror ishlashga mo‘ljallangan. Shu bilan birga, loyiha to‘liq avtomatlashtirilgan to‘r tizimi asosida ishlaydi va universitetdagi hammа binoni qamrab olgan holda yagona energiya infratuzilmasini shakllantiradi. Bu tizim universitetga iqtisodiy jihatdan ham sezilarli foyda keltirmoqda.

Bundan tashqari, Urganch davlat universiteti talabalari, magistrlari va yosh mutaxassislari muqobil energetika manbasiga doir katta innovatsion tadqiqotlar loyihasi ustida ishlamoqda. Bu loyiha Xorazm viloyatining o‘ziga xos geografik va tabiiy iqlim sharoitidan kelib chiqib ishlab chiqilgan hamda hududning barqaror energetik mus­taqilligiga erishishiga yo‘naltirilgan.

Xorazm viloyati Markaziy Osiyoning eng zich irmoq va kanallar tarmog‘iga ega hududlaridan. Amudaryo havzasida joylashgan ming­lab kilometrli ochiq kanallar an’anaviy qishloq xo‘jaligini sug‘orish uchun xizmat qiladi. Ammo bu ulkan suv oqimining energetik salohiyatidan hozirgacha amalda to‘liq foydalanilmayapti.

Universitet tadqiqotchilari “To‘g‘onsiz mikroGES” kontseptsiyasini ishlab chiqmoqda. Bu texnologiyaning asosiy afzalligi shundaki, u katta to‘g‘on qurmay, ochiq kanallar oqimining kinetik energiyasidan foydalanishga xizmat qiladi. Natijada ekologik buzilish minimallashtiriladi, investitsiya xarajati keskin kamayadi va mahalliy aholi uchun ­qulay bo‘lgan energiya ta’minoti tizimi ­shakllanadi.

Ikkinchi innovatsion yo‘nalish — sun’iy shamol hosil qilish texnologiyasini energetika maqsadlarida qo‘llash. Bu g‘oya an’anaviy shamol turbinalaridan tubdan farq qiladi: tabiiy shamol intensivligi yetarli bo‘lmagan hududlarda yoki ixtiyoriy muhandislik tuzilmalar иordamida yo‘naltirilgan havo oqimi yaratib, kichik turbinalar orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘zda tutadi.

Xorazm o‘rtacha shamol tezligi jihatidan O‘zbekistonning boshqa hududlariga nisbatan past ko‘rsatkichga ega. Shu sababli universitet tadqiqotchilari Venturi effekti va aerodinamik naylar yordamiда havo oqimini keskin tezlashtirib, kichik avtonom turbinalarga yetkazib berish kontseptsiyasini o‘rganmoqda.

OTMda o‘tkazilayotgan barcha tadqiqotlar ko‘p bosqichli ilmiy metodologiyaga asoslanadi. Talabalar va magistrlar laboratoriya tajribalaridan boshlab, real muhandislik prototiplarini yaratish va pilot loyihalarni amalda sinashgacha bo‘lgan to‘liq tadqiqot siklini bajaradi.

Qolaversa, Urganch davlat universiteti Toshkent davlat texnika universiteti, ­O‘zbekiston Milliy universiteti va Xorazm Ma’mun akademiyasi bilan hamkorlikda tadqiqotlar o‘tkazmoqda. Xorijiy hamkorlar qatorida Germaniya, Janubiy Koreya, Malayziya va Niderlandiya universitetlari bilan memorandumlar imzolangan bo‘lib, qo‘shma grantlar va xalqaro tadqiqotlar imkoniyatlari faol o‘rganilmoqda.

Universitetning quyosh energetikasi, mikro­GES va sun’iy shamol bo‘yicha kompleks ilmiy faoliyati Xorazm viloyati va butun Markaziy Osiyo uchun namuna bo‘lmoqda. OTMga kelgan viloyat hokimlari, biznes vakillari va qo‘shni davlatlar mutaxassislari tajriba almashish va loyihani o‘z hududida tatbiq etish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda. Bu ko‘paytiruvchi ta’sirning aniq namunasi bo‘lib, bitta muvaffaqiyatli muassasa o‘nlab yoki yuzlab boshqa tashkilotlarga ilhom berishi mumkin.

Talabalar va o‘qituvchilar “yashil” energetika sohasida xalqaro sertifikatlashtirish dasturlarida ishtirok etmoqda. Bu kadrlar mamlakatimizning barcha hududiga borib, “yashil iqtisodiyot”ning haqiqiy elchilari va muhandislari bo‘lib xizmat qiladi. Ular faqat bilimdon mutaxassislar emas, balki amaliy muammolarni ham hal qila oladigan innovatorlar bo‘lib yetishmoqda.

Feruza MADRAHIMOVA,

Urganch davlat universiteti rektori,

pedagogika fanlari doktori, professor