Istiqbolda korrupsiya muammolariga doir yangi mutaxassislik ochish ham koʻzda tutilgan.
TDYUU magistratura bosqichiga 2 ming 789 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Ularning 150 nafardan ziyodi oʻqishga qabul qilinadi. Bu safargi kirish imtihonlari test sinovlaridan tashkil topgan. Mazkur amaliyot universitetda ilk bor joriy qilinmoqda.
Yana bir yangilik shundaki, endilikda baʼzi toifadagi magistrantlar ishlab chiqarishdan ajralmagan holda masofaviy shaklda taʼlim olishi mumkin.
Prezidentimizning 2020-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, keyingi oʻquv yilidan boshlab huquqshunoslik sohasida bakalavriatni imtiyozli diplom bilan tugatgan bitiruvchilarga magistraturaga imtihonsiz kirish imkoniyati yaratiladi. Faqat bu holda ular toʻlov-kontrakt summasining 50 foizini toʻlashi hamda oʻqishni tamomlagandan soʻng yuridik fakultetlar, litsey yoki texnikumlarda kamida uch yil uzluksiz ishlash majburiyatini zimmasiga olishi kerak.
Magistraturaga test sinovlarisiz, toʻlov-kontrakt asosida kirish imtiyozi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining markaziy apparatida kamida besh yil mobaynida yuridik mutaxassislik boʻyicha ishlab kelayotgan rahbar xodimlarga ham tegishli. Bunday imkoniyat, shuningdek, yuridik texnikumlarning rahbar va pedagoglariga taqdim etilmoqda. Ular texnikumda kamida uch yil ishlagan boʻlishi hamda magistraturani tamomlagach taʼlim dargohida yoxud adliya organlarida yana kamida uch yil uzluksiz ishlab berishi shart.
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi