Shu munosabat bilan Zoom platformasi orqali oʻtkazilgan marosimda TDYUU rektori Rahimjon Xakimov, akademiya rektori Vladimir Mau va muassasalarning maʼsul hodimlari ishtirok etdi.
Marosimda qayd etilganidek, universitet va akademiya oʻrtasida ilmiy va madaniy hamkorlikni yana-da mustahkamlash va qoʻllab-quvvatlash maqsadida imzolangan mazkur hujjat mamlakatimizda yuridik taʼlim va fanni rivojlantirish yoʻlidagi navbatdagi muhim qadamdir.

Shartnomaga koʻra, kelgusida ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida talabalar va professor-oʻqituvchilar akademik almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi, bakalavriat, magistratura, doktorantura, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari uchun kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha taʼlim dasturlari birgalikda ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, xalqaro aloqalarini kengaytirishga koʻmaklashish, taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro grantlar, konferensiya va tanlovlarda ishtirok etish, ilmiy maqolalar, oʻquv va ilmiy adabiyotlarni chop etish borasida hamkorlikda ish olib boriladi.
Maʼlumot uchun, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya Xalq xoʻjaligi va davlat boshqaruvi akademiyasi 2010-yil 20-sentyabrda tashkil etilgan va u Prezident huzuridagi yagona taʼlim muassasasi hisoblanadi.
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi