Shu munosabat bilan Zoom platformasi orqali oʻtkazilgan marosimda TDYUU rektori Rahimjon Xakimov, Tomsk davlat universiteti rektori Eduard Galajinskiy va universitetlarning maʼsul hodimlari ishtirok etdi.

Marosimda universitetlar oʻrtasida ilmiy va madaniy hamkorlikni yana-da mustahkamlash va qoʻllab-quvvatlash maqsadida imzolangan mazkur hujjat qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro grantlar, konferensiya va tanlovlarda ishtirok etish, ilmiy maqolalar, oʻquv va ilmiy adabiyotlarni chop etish borasida hamkorlik qilishda muhim asos boʻlib xizmat qiladi.

Memorandumga koʻra, TDYUU va Tomsk davlat universiteti oʻrtasida ikkala tomondan 3 nafardan professor-oʻqituvchi va 5 nafardan talabaning akademik almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, hamkorlikda har yili xalkaro ilmiy konferensiya tashkil etiladi.

Maʼlumot uchun, Tomsk davlat universiteti Rossiyaning Osiyo hududidagi, shu jumladan, Volga qirgʻoqlaridan sharqda joylashgan Tomsk shahrida joylashgan birinchi rus universiteti. Universitet 1878-yil 16-mayda toʻrtta fakultetdan (tarix va filologiya, fizika-matematika, huquq va tibbiyot) iborat holda tashkil etilgan.

Hozirgi vaqtda muassasa tarkibida 15 ta fakultet va 5 ta institut mavjud boʻlib, ularda 24000 nafarga yaqin talaba 36 yoʻnalishda tahsil oladi. Universitet dunyoning 22 mamlakatidagi universitetlar bilan 87 ta hamkorlik dasturlarini amalga oshiradi.

2020-yilda Tomsk davlat universiteti QS World University Rankingda 250-oʻrinni egalladi.

Toshkent davlat yuridik universiteti

Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi