17-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi tomonidan tashkil etilayotgan “Technoways” texnologik rivojlanish marafoni oʻz ishini boshladi. Ikki hafta davom etadigan mazkur tadbir oliy taʼlim muassasalari talabalari boʻlmish ilmga chanqoq iqtidorli yoshlarni innovatsiya, startap, texnologiya, dasturlash boʻyicha bilimlarini oshirish, loyihalar yaratish hamda tijoratlashtirish koʻnikmalarini shakllantirishga yoʻnaltiriladi.
Ishtirokchilar “Robototexnika”, “3D prototiplashtirish”, “Internet buyumlari”, “Marketing”, “IT”, “Gamedevelop”, yoʻnalishlari boʻyicha 6 ta zamonaviy laboratoriyaning texnik imkoniyatlaridan foydalanib, onlayn hamda amaliy tarzda innovatsion loyihalar yaratishga qaratilgan bilim va koʻnikmalar oladilar.
Marafonning tantanali ochilish marosimini Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktori oʻrinbosari Akbarxon Sobirxonov onlayn tanlov natijalariga koʻra mazkur tadbirda ishtirok etish sharafiga muyassar boʻlgan barcha yoshlarni qutladi.
– Marafonimizning maqsadi bozorga tijoratlashtirish darajasi yuqori boʻlgan yangi yoki takomillashgan mahsulot va xizmatlarni chiqarishdir, – dedi A. Sobirxonov. – Dasturimizning oʻquv-amaliy qismi oʻn toʻrt kunga moʻljallangan, lekin yoshlar bir yil davomida oʻzlariga belgilangan mentorlar bilan maslahatlashish, ulardan begʻaraz yordam olib turishlari mumkin. Technoways texnologik rivojlanish marafoni sertifikat olish uchun emas, balki innovatsion loyihalarni yaratish uchun bilim va koʻnikmalarga ega boʻlish maqsadida tashkil etilganini alohida qayd etmoqchiman.
Marafon davomida ishtirokchilar tegishli yoʻnalishlar boʻyicha guruhlarga taqsimlanadi. Mazkur guruhlarga Innovatsion ishlanmalar joriy etish ilmiy-amaliy markazi hamda tegishli soha mutaxassislaridan iborat murabbiylar tayinlanadi. Ishtirokchilar oʻzlari tanlangan yoʻnalishlari boʻyicha umumiy interaktiv seminar-treninglar, taqdimot mashgʻulotlarida ishtirok etadilar.
Mazkur guruhlar tomonidan yaratilgan loyihalar saralab olinib, loyiha mualliflari Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi rezidentligiga qabul qilinadi. Tijoratlashtirish darajasi yuqori boʻlgan loyihalarni moliyalashtirishga biznesmen va investorlar jalb qilinadi.