Tekin pishloq faqat qopqonda boʻladi

    Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahrida yashovchi 33 yoshli I.N. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 12.150.000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari nomaʼlum shaxs tomonidan oʻzlashtirilganligini maʼlum qilgan.

    Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent shahri, Yunusobod tumanida yashovchi 27 yoshli D.X. sodir etganligi aniqlangan.

    Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan D.X. Internet foydalanuvchilariga “Telegram” messenjeri orqali turli xil mazmunidagi xabarni (havola) joʻnatib, ularni qiziqtirib, bank karta maʼlumotlarini qoʻlga kiritish orqali bank kartalarida saqlangan pullarni oʻgʻirlab, qingʻir yoʻllar bilan boylik orttirib kelayotganligi maʼlum boʻldi.

    Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, D.X.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

    Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5-yildan 8-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.