Nurobod mahallasi Sayxunobod tumanining eng chekka hududlaridan. Yurtimiz mustaqilligining 35 yillik shodiyonasi arafasida hududda yangi 50 oʻrinli xususiy maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat yurita boshladi. Bu mahalla ahli uchun chinakam sovgʻa boʻldi. Endi yaqin-atrofdagi bolalar zamonaviy sharoitga ega, innovatsion usullarda mashgʻulotlar oʻtiladigan yangi bogʻchada taʼlim-tarbiya oladi. Xayrli ish tashabbuskori esa sirdaryolik tadbirkor Zamira Salimova.

Ayolning oʻzi Mirzaobod tumanida istiqomat qiladi. Tadbirkorlik faoliyatini 2019-yili shu tumanda 25 oʻrinli oilaviy bogʻcha tashkil etishdan boshlagan. Oradan koʻp oʻtmay, Guliston shahrida ham 35 oʻrinli nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Bugun uchta bogʻchaga rahbarlik qilib kelyapti. Non va non mahsulotlari ishlab chiqaradigan sexi ham bor. Hududdagi 50 ga yaqin xotin-qizni ish bilan taʼminlagan. Ayol koʻzga koʻringan tadbirkorlardan. Qachonlardir bu ish uning orzusi boʻlgan. Yurtimizda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, qolaversa, xotin-qizlarga yaratilayotgan sharoitlar, xususiy biznesga keng yoʻl ochish, barcha sohadagi katta islohotlar — hammasi ayolga kuch va ishonch berdi.

— Bundan oʻn yil oldin oliy maʼlumoti yoʻq, ishsiz, tadbirkorlikni faqat orzu qiladigan ayol edim, — deydi “Yangi tadbirkor kelajagi” MCHJ rahbari Zamira Salimova. — Hozir esa koʻp tarmoqli ishbilarmonman, oʻnlab xotin-qizni ish bilan taʼminlayapman. Hatto oliy maʼlumotli boʻldim. 2020-yili oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirib, maktabgacha va maktab taʼlimi yoʻnalishida oʻqiy boshlaganimda 3 farzandim ham talaba edi. Ular qatori men ham oʻqidim, oʻz ustimda ishlashdan toʻxtamadim. Bular ertak emas, haqiqat. Gapirsa mubolagʻadek tuyulishi mumkin, ammo yurtimizda tadbirkorlar va xotin-qizlarga bunchalik sharoit yaratilmaganida hozirgi natijalarga erishishim amrimahol edi. Qolaversa, tinchlik, barqarorlikda gap katta. Yurti, oilasi notinch ayol muvaffaqiyatga erisholmaydi. Mana shu xotirjamlik uchun shukrona aytaman. Inson qadri va manfaatlari oliy qadriyat darajasiga koʻtarilgan davlat va jamiyatning erkin, tashabbuskor fuqarosi ekanimdan gʻururlanaman. Bugungi tadbirkor, avvalo, erkin, faqat ishi, rivojlanish haqida oʻylaydi, muammolar boshini ogʻritmaydi. Tekshiruvlar, soliq yuklamalaridan hayiqmaydi. Davlatimiz rahbari tadbirkorlarni ana shunday muammolardan, qoʻrquvlardan xalos qildi. Bu shunchaki gap emas. Har bir sohada xususiy sektorga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida esa soatlab gapirish mumkin. Oddiy bir tadbirkor sifatida oʻzim ham ularning koʻpidan foydalanib kelyapman.

Masalan, yangi bogʻchani ochish uchun ham 100 million soʻm imtiyozli kredit oldim. Shu koʻmak ishimni rivojlantirishga katta yordam berdi. Yaʼni bugun tadbirkorlarga berilayotgan har bir imtiyoz va qulaylik ortida ishbilarmonlikni yanada rivojlantirish maqsadi turibdi. Bundan samarali foydalanishimiz, oʻz ustimizda ishlashdan toʻxtamasligimiz kerak. Doim faoliyatimni kengaytirish harakatidaman. Kelgusida maxsus va xususiy maktablar ochmoqchiman. Hozir yurtimizda maktabgacha taʼlim tashkilotini klaster shaklida yuritish imkoniyati mavjud. Bu natijaga ham, albatta, erishaman. Davlatimiz rahbarining har yili tadbirkorlar bilan boʻlib oʻtadigan ochiq muloqotida katta imtiyozlar taqdim etilayotgani bizni yanada ruhlantiryapti. Bu galgi ochiq muloqot oʻzgacha boʻldi. Kutganimizdan ham koʻproq tashabbuslar ilgari surilib, yangi imtiyozlar taqdim etildi. Ayrim soliq imtiyozlarining amal qilish muddati uzaytirilgani, kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini har qanday tekshirishga uch yil muddatga moratoriy joriy etilgani, ikki yil davomida soliq va kredit majburiyatlarini vaqtida bajargan, ish oʻrinlarini saqlagan va sof foyda bilan ishlagan kichik hamda oʻrta biznes subyektlariga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit berish mexanizmi belgilangani — bularning barchasi tadbirkor uchun qoʻshimcha ragʻbat, yangi imkoniyat, yanada rivojlanish uchun qulay sharoit degani.

Muloqotdan boshlangan takliflar

Haqiqatan, oxirgi oylarda ommaviy axborot vositalarida eng koʻp aylanayotgan mavzulardan biri mamlakatimiz tadbirkorlariga berilayotgan yangi imkoniyat va imtiyozlar haqida boʻlyapti. Bu yangiliklar toʻgʻrisida dastlab shu yil 18-avgust kuni davlatimiz rahbarining yurtimiz ishbilarmonlari bilan boʻlib oʻtgan oltinchi ochiq muloqotida aytilgandi. Oradan koʻp oʻtmay, tadbirkorlarni quvontirib, hayajonga solgan oʻsha imtiyozlar amalda joriy etilib, huquqiy jihatdan kafolatlandi.

Gap davlatimiz rahbarining joriy yil 27-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni haqida boryapti. Hujjatda ochiq muloqotlar jarayonida bildirilgan taklif va muammolarning amaliy yechimlari aks etgan. Uning har bir bandida belgilangan yengilliklarning aksariyati biznes egalarining oʻzi uchun ham katta yangilik boʻldi. Shu bois, farmon tadbirkorlar orasida katta shov-shuv bilan kutib olinib, amaldagi qulayliklar aniq misollar bilan tahlil qilinmoqda. Ushbu voqea tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlar davri sifatida baholanyapti.

Toʻgʻri, keyingi yillarda ochiq muloqotdan soʻng har gal ana shunday yangiliklar boʻlishi, qoʻshimcha imtiyozlar berilishi odatiy holga aylangan. Ammo bu safar koʻlam ham, qamrov ham ancha keng. Asosiy eʼtibor tadbirkorni ortiqcha maʼmuriy bosimdan himoya qilish, xarajatini kamaytirish, moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish va davlat organlari bilan munosabatlarda huquqiy kafolatlarni kuchaytirishga qaratilgan. Bularning har biriga aniq, samarali yechimlar berilgan.

Masalan, farmondagi eng katta yangiliklardan biri kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini har qanday turdagi tekshirishga uch yil muddatga moratoriy joriy etilganidir. Shu davr davomida kichik biznes egalari asossiz tekshiruvlardan ozod boʻladi. ­Albatta, bu mutlaq daxlsizlik degani emas. Jinoyat ishi doirasidagi, inson sogʻligʻiga taʼsirini oʻrganish va mehnat qonunchiligiga rioya etilishi bilan bogʻliq, fuqarolar murojaatlari, qoʻshilgan qiymat soligʻini qoplash yoki qaytarish hamda tadbirkorlik subyektini tugatish munosabati bilan oʻtkaziladigan tekshiruvlar bundan mustasno.

Biroq boshqa keraksiz tekshiruvlarning boʻlmasligi tadbirkorga anchagina erkinlik beradi. Qolaversa, bu norma kichik biznes uchun psixologik va iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladi. Chunki kichik korxona uchun har bir tekshiruv nafaqat vaqt va resurs, balki ishlab chiqarish jarayonining izdan chiqishi, xodimlar eʼtiborining asosiy faoliyatdan chalgʻishi va qoʻshimcha xarajatlarni anglatishi mumkin. Asosiy jihati esa moratoriy shunchaki deklarativ norma boʻlib qolmasligi uchun masʼuliyat mexanizmi ham belgilangan. Moratoriy davrida kichik tadbirkorlik subyektini qonunga xilof ravishda tekshirish noqonuniy va bunday huquqbuzarlikka yoʻl qoʻygan shaxslar javobgarlikka tortiladi.

Bir necha yil oldin mutasaddilar bilan birga yangi ish boshlagan tadbirkorning faoliyati bilan yaqindan tanishganmiz. Oʻshanda biznes egasi oʻz ishi haqida toʻlqinlanib gapirgan. Ketayotganimizda esa mutasaddilarga kun ora korxonasiga tekshiruv kelayotgani, muammo boʻlmasa-da, vaqti behuda ketayotgani haqida iymanibgina gapirdi. Mutasaddilar esa bu xavfsizlik talabi ekani, tekshiruvlar binoning xavfsizlik vositalari va boshqa jarayonlarni koʻzdan kechirish uchun ekanini aytdi. Tadbirkor tekshiruvchilar har gal hujjat soʻrab, qayta-qayta kelayotganini yana taʼkidladi. Endi shu kabi huda-behuda tekshiruvlar boʻlmaydi.

Tadbirkorlarga ijaraga olingan yerni ikkilamchi ijaraga berish imkoniyati ham taqdim etilyapti. Farmon asosida ijaraga olingan, jumladan, auksion orqali olingan yer maydonini boshqa ishbilarmonlarga ikkilamchi ijaraga berish huquqi qoʻllanadi. Tadbirkorlik faoliyati uchun koʻchmas mulk ijarasida “tijorat ijarasi” alohida toifasi joriy etilib, namunaviy shartnomasi ishlab chiqiladi. Bu masalani, yaʼni tijorat ijarasiga oid huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish taklifini davlatimiz rahbari bilan uchrashuvda “Korzinka” supermarketlar tarmogʻi asoschisi Zafar Hoshimov ilgari surgandi.

Biznesga yangi nafas

Tadbirkor uchun moliyaviy resurs doim zarur. Hatto yirik bizneslarda ham faoliyatni kengaytirish uchun qoʻshimcha moliyaviy koʻmakka ehtiyoj boʻladi. Bu boradagi tizim yurtimizda tobora soddalashtirilib, ishbilarmonlarga qulaylik ortib borayotgani boisi shunda. Farmon esa tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlarini sezilarli kengaytiradi. Endi biznes egalariga moliyaviy va nomoliyaviy koʻmaklarni bosqichma-bosqich “yagona darcha” tamoyili asosida taqdim etish uchun yagona raqamli platforma joriy etish koʻzda tutilgan.

Qolaversa, ikki yil davomida soliq va kredit majburiyatlarini vaqtida bajargan, ish oʻrinlarini saqlagan va sof foyda bilan ishlagan kichik hamda oʻrta biznes subyektlariga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit berish mexanizmi belgilandi. “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” tomonidan kreditlar, bank kafolatlari, akkreditivlar va lizing boʻyicha 75 foizgacha kafillik, davlat xaridlarida faol ishtirok etayotgan tadbirkorlarga shartnomani bajarish va boʻnakni qaytarish uchun 2,5 milliard soʻmgacha kafolat taqdim etiladi.

Bu yerda eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihat shundaki, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash faqat kam foizli kredit berish bilan cheklanmayapti. Kafillik, davlat xaridlarida kafolat va aktivlarni sotib olishni moliyalashtirish kabi instrumentlar biznesning turli bosqichlaridagi moliyaviy toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan. Ayniqsa, bankdan kredit olishda yetarli garovga ega boʻlmagan, ammo iqtisodiy jihatdan istiqbolli loyihasi bor tadbirkorlar uchun kafillik mexanizmi juda muhim.

— Rivojlanish harakatidagi har qanday tadbirkor uchun moliyaviy resurslar doim zarur, — deydi Xorazmdagi “Damar” xorijiy kompaniyasi rahbari Feruzbek Quronboyev. — Oʻzimizdan misol: sutni qayta ishlash zavodlarimizda xorijdan olib kelingan eng zamonaviy ishlab chiqarish liniyalari oʻrnatilgan. Ularning har biri katta mablagʻga baholangan. Oʻz davrida bunday mablagʻni kredit tarzida olish tadbirkorga oson boʻlmagan. Bugun moliyaviy mexanizmlarning turi ham, qamrovi ham keng. Tadbirkorlar oʻziga qulayidan foydalanishi mumkin. Korxonamiz faoliyatini 2000-yili 150 litr sutni qayta ishlashdan boshlagan. Hozir bu hajm kuniga 40 tonnagacha yetgan. Oʻsha vaqtlarda Oʻzbekistonda birinchilardan boʻlib golland navidagi pishloq ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygandik. Mana, 26 yildirki, korxonamizda sut mahsulotlari qayta ishlanib, tayyor mahsulot olinyapti. Hozir 50 dan ortiq sut mahsuloti ishlab chiqariladi. Pishloqning 20 ga yaqin turi mavjud. Mahsulotlarimiz asosan ichki bozorga chiqariladi. 120 dan ortiq kishining bandligi taʼminlangan. 2016-yili katta loyiha boshladik.

Yurtimizda barcha sohada islohotlar avj pallaga kirayotgan, tadbirkorlik muhiti shakllanib, biznes egalariga ishonch bildirilayotgan oʻsha vaqtda yangi zavod qurishga kirishdik. Ilk odimlardayoq davlatning koʻmagini his qildik. Tuman hokimligi loyiha uchun 1,5 gektar yer ajratdi. 2018-yilda yangi zavodning dastlabki liniyalari ishga tushirildi. Loyiha doirasida 2019-yili Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan 2,3 million dollarlik kredit shartnomasi imzolandi. Bundan tashqari, korxonaga beshta grant mablagʻi ajratildi.

Oʻtgan yili 5,761 ming kvadrat metr maydondagi yangi zavod ishga tushirildi. Mahsulotlarimiz yorligʻi qayta nomlanib, “Tillo Domor”dan “Damar” brendiga oʻzgardi. Bu shunchaki nom almashinuvi emas, uzoq yillik tarixga ega mahalliy oilaviy korxonaning xalqaro bozorga moʻljallangan, energiya ­samaradorligi va ekologik meʼyorlar boʻyicha Yevropa talablariga javob beruvchi zamonaviy kompaniyaga aylanishidir. Kelgusi rejalarimiz katta. Yaqin yillarda sutni qayta ishlash hajmini bosqichma-bosqich kuniga 50, soʻng 100 tonnaga yetkazish, 40 dan ortiq mahsulot turini ishlab chiqarish, milliy brenddagi mahsulotlarimizni dastlab qoʻshni davlatlar, keyin Yaqin Sharq mamlakatlariga eksport qilishni rejalashtirganmiz. Xomashyoni koʻpaytirish uchun fermer va chorvadorlar bilan hamkorlikda ishlash boʻyicha yangicha yondashuvlar haqida oʻylayapmiz. Sanoat sayyohligini yoʻlga qoʻyib, “Xorazm sirlari” loyihasini ishga tushirish, zavod ekskursiyasi, pishloqchilik tarixi ekspozitsiyasini yoʻlga qoʻyish niyatimiz ham bor. Chunki vohaning sayyohlik imkoniyatlari tobora kengayib boryapti. Sanoat turizmi bu borada oʻziga xos yoʻnalishga aylanishi mumkin. Qolaversa, Prezidentimizning mazkur farmonida aynan turizm va xizmat koʻrsatish sohasiga ham katta eʼtibor qaratilgan. Endi yangi imtiyoz va imkoniyatlardan samarali foydalanishimiz kerak.

Eksportga yoʻl

Amerikalik olim Piter Drukerning bir gapi bor: “Tadbirkorning oʻziga xos quroli — innovatsiya. U oʻzgarishlardan yangi imkoniyat yaratish vositasi sifatida foydalanadi”. Bundan oʻn yil oldin shu iqtibos haqida gap borsa, ehtimol, koʻpchilik tadbirkorlik bilan innovatsiyaning bogʻliqligini tushunmasdi. Ammo bugun hammasi tabiiy — yuzlab innovatsion gʻoyalar startap loyihalarga aylanib, hayotga tatbiq etilyapti. Sohalar shu tarzda zamonaviylashib bormoqda.

Mazkur farmonda innovatsion tadbirkorlik va startaplarni qoʻllab-quvvatlashga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, 2027-2030-yillarda “UzVC” milliy venchur fondi tomonidan “Kelajak tadbirkori” dasturi amalga oshiriladi, 8 ta ustuvor yoʻnalish boʻyicha 30 tagacha startap loyiha ochiq tanlov asosida moliyalashtiriladi. Har bir loyihaga 5 milliard soʻmgacha investitsiya kiritish mumkin. Mablagʻ uch yilga foizsiz va garovsiz, kelgusida korxonadagi ulushga aylantiriladigan qarz yoki SAFE mexanizmi asosida beriladi. Davlat ulushi 49 foizdan oshmasligi, shuningdek, taʼsischilarga davlat ulushini bozor qiymatida sotib olish huquqining berilishi davlatning startapdagi ishtiroki doimiy nazorat vositasiga aylanib qolmasligi uchun muhim kafolatdir.

Bu yerda prinsipial oʻzgarish bor: davlat anʼanaviy “subsidiya beruvchi” rolidan tashqari, innovatsion gʻoyaga investitsiya kirituvchi sherik sifatida ham maydonga chiqmoqda. Qolaversa, farmon xususiy investorlarni ham ushbu jarayonga jalb qilishni nazarda tutadi.

Elektr va gaz uchun toʻlovdagi imtiyozlar ham tadbirkorning aylanma mablagʻiga yengillik beradi. Farmonning aynan mana shu qismi koʻplab biznes egalarini quvontirdi. Gap shundaki, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab avtomatlashtirilgan elektr va tabiiy gaz hisobga olish tizimiga ulangan tadbirkorlar uchun oylik isteʼmol boʻyicha oldindan toʻlov miqdori 15 foizgacha tushiriladi. Yangi tartib elektr va gaz hisoblagichlarida masofadan turib oʻchirish va yoqish funksiyasi mavjud boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etiladi. Shuningdek, elektr energiyasi va gaz sarfi boʻyicha yozma hisobotlarni hududiy taʼminot korxonalariga topshirish majburiyati bekor qilinadi. Elektr va gaz taʼminoti shartnomalarini qogʻozda rasmiylashtirish amaliyoti oʻrniga elektron tuzish tartibiga oʻtiladi.

— Bu oʻzgarishlarning iqtisodiy samarasi faqat qogʻozbozlikning kamayishida emas, — deydi Andijon viloyatidagi “Xoʻjaobod fayz-m” MCHJ rahbari Lutfullo Abdullayev. — Oldindan toʻlov yukining pasayishi tadbirkorning aylanma mablagʻini ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish yoki tovar xaridiga yoʻnaltirish imkonini oshiradi. Ayniqsa, bizniki singari yirik korxonalarda bunday imtiyozlar yaxshigina seziladi. Korxonamiz 2021-yili klaster tizimiga oʻtganidan beri paxta xomashyosi yetishtirish, paxta tolasi ishlab chiqarish, kalava ip yigirish, trikotaj xom mato toʻqish, tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanib kelmoqda. Yillik ishlab chiqarish quvvati 1650 tadan ortiq tayyor trikotaj mahsuloti boʻlib, bugun 1300 doimiy ishchi mehnat qilyapti. Yillik eksport qiymatini 12 million dollarga yetkazdik. Mahsulotimiz Polsha, Turkiya, Rossiya, Italiya, Qozogʻiston bozoriga kirib bormoqda. Tadbirkor uchun ichki talabdan tashqari, xorij bozoriga chiqish koʻproq imkoniyat yaratadi. Ammo bu oson jarayon emas. Mahsulot sifatidan tashqari, xarajat masalalari biznes egasini koʻproq qiynaydi. Keyingi yillarda yurtimizda tadbirkorlarga bu borada berilayotgan imtiyozlar eksportyor korxonalar sonini oshirib, eksport geografiyamizni bir necha barobar kengaytirdi.

Hatto chet davlatlarda savdo uylari va doʻkonlarini ochishimizda davlat bevosita koʻmaklashyapti. Biz ham ana shu yordamdan foydalanib, Rossiya va Qozogʻistonda savdo uylarini ochdik. Yangi farmonda eksport boʻyicha koʻplab imtiyozlar nazarda tutilganini koʻrib quvondik. Xususan, xalqaro bozorga chiqadigan milliy brendlarga 50 ming dollargacha subsidiya ajratilib, xorijdan brendmeykerlarni jalb qilish xarajatining yarmi — 500 ming dollarigacha qismi qoplab beriladigan boʻldi. Xalqaro tenderlarda ishtirok etish uchun konsalting kompaniyalarini jalb qilish va tenderda qatnashish xarajatining 80 foizigacha boʻlgan qismi ham qoplanadi. Bular shunchaki imtiyoz va yordam emas, balki davlatning tadbirkorga katta ishonchi, ragʻbati belgisidir.

* * *

Har gal Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti ana shunday amaliy natijaga oʻtishi isbot talab qilmaydigan haqiqatga aylanib boʻlgan. Yaʼni farmonda keltirilgan normalar faqat qogʻozda qolib ketmasligi, belgilangan muddatlardan boshlab hayotga tatbiq etilishini biznes egalarining oʻzi ham yaxshi biladi. Endi asosiy masala imkoniyatlardan tadbirkorlarning qay darajada samarali foydalanishi va masʼul tashkilotlarning mazkur kafolatlarni amalda taʼminlay olishidir.

Muhimi, mazkur farmon yangi Oʻzbekistonda tadbirkorlikka munosabatni yana bir bor aniq belgilab bermoqda: xususiy biznesga toʻsiq qoʻyish emas, uning qonuniy faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish davlat iqtisodiy siyosatining ustuvor vazifalaridan.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri