Surishtiruvda Vladimir Vedeneyev haqida soʻz boradi. U 45 yoshli rossiyalik muhandis boʻlib, ismi hujjatlarda Global Network Management kompaniyasining egasi sifatida koʻrsatilgan. Mazkur kompaniya Telegram serverlarini texnik qoʻllab-quvvatlaydi va IP-manzillarni nazorat qiladi.
Sud hujjatlariga koʻra, Vedeneyev Telegram serverlariga eksklyuziv kirish huquqiga ega boʻlib, bundan u kompaniya nomidan shartnomalar imzolashda foydalangan. Shu bilan birga, Telegram asoschisi Pavel Durov tomonidan berilgan ishonchnoma asosida norasmiy moliyaviy direktor sifatida ham faoliyat yuritgan.
Shuningdek, uning nomida GlobalNet va Electrontelecom kabi kompaniyalar ham boʻlib, oʻtmishda Rossiya federal xavfsizlik xizmati va Kurchatov yadro ilmiy-tadqiqot instituti kabi tashkilotlarga xizmat koʻrsatgan. Electrontelecom hanuzgacha Peterburg mintaqasida FSB tomonidan foydalaniladigan kuzatuv tizimlarini boshqaradi. Eʼtiborlisi, ayni shu vaqtda Telegramʼga 5 000 dan ortiq IP manzillarni taqdim etadi.
Messenjer protokolidagi xavf Telegram doim oʻzining xavfsizlik darajasi haqida yuqori daʼvolar qilib kelgan. Biroq u foydalanadigan MTProto protokoli “shifrlangan” xabarlar ichida ham “auth_key_id” deb ataluvchi ochiq (shifrlanmagan) elementni oʻz ichiga oladi.
Kiberxavfsizlik mutaxassisi Mishal Vozniyakning izohlashicha, bu messenjer trafigini kuzatayotgan har qanday shaxsga foydalanuvchining qurilmasi, IP-manzili va joylashuvini aniqlash imkonini beradi — hatto xabar matni shifrlangan boʻlsa ham.
Citizen Lab ekspertlaridan biri Jon Skott-Raylton ham Vozniyakning xavotirlarni tasdiqladi. Mutaxassis Rossiya hukumati nazdida tahdid sifatida koʻrilgan anonim foydalanuvchilar bu turdagi metadata orqali fosh etilishi mumkinligini aytdi.
Hujjatlarga tayanilsa, Vedeneyevning kompaniyasi Telegram serverlari joylashgan Mayami shahridagi maʼlumotlar markazidagi yoʻnaltiruvchi qurilmaga egalik qiladi. Bundan tashqari, kompaniya Telegramʼga 10 000 dan ortiq IP-manzilini ijaraga bergan. Vozniyakning fikricha, bu Telegram foydalanuvchilarining metamaʼlumotlariga kirish xavfini tugʻdiradi.








