Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari temir yoʻl sohasini isloh qilish boʻyicha Yaponiya tajribasini oʻrgandi.

Yaponiya temir yoʻl tizimi dunyodagi eng ilgʻor tizimlardan biri boʻlib, uning umumiy uzunligi 30 ming 625 kilometrni tashkil etadi. Kunchiqar yurtda temir yoʻl sohasida “Japan Railways” (JR Group) kompaniyalar guruhi faoliyat yuritadi. JR Group 1987-yilda davlatga qarashli Yaponiya milliy temir yoʻllari (JNR) kompaniyasini  oʻzgartirish orqali tashkil etilgan.

Islohotning asosiy sabablari:
- Davlatning kompaniya boshqaruviga aralashuvi;
- Standartlashtirilgan boshqaruv;
- Menejerlar va kasaba uyushmalari faoliyatida oʻzaro muvofiqlikning yoʻqligi;
- Tashkilotning yirikligi;
- Menejerlar oʻrtasida raqobatning ahamiyati haqida yetarlicha tushuncha boʻlmaganligi.

Islohotning asosiy yoʻnalishlari:
- Raqobatni joriy etish;
- Ortiqcha xodimlar sonini qisqartirish;
- Vazifalar va operativ javobgarlikni aniq taqsimlash;
- Affillangan biznesni rivojlantirishga turtki berish.

Islohot xususiy kapitalni temir yoʻl sanoatiga jalb qilishni ragʻbatlantirdi. Bu esa markaziy hukumat subsidiyalaridan deyarli voz kechishga imkon berdi.

Temir yoʻl transporti sohasida temir yoʻl infratuzilmasini yaxshilash, yangi liniyalarni qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, yuk va yoʻlovchi vagonlari parkini yangilash uchun sharoit va ragʻbatlantirish tizimini yaratish, transportda, shu jumladan, vokzalga yondosh hududlar va stansiyalarda xizmatlarni tubdan oʻzgartirish uchun davlat-xususiy sheriklik (DXSH) tamoyillarini joriy etish maqsadga muvofiq.