Bojxona organlarida ish samaradorligini oshirish va ish jarayonida inson omilini imkon qadar kamaytirish maqsadida tizimli islohotlar amalga oshirilishi natijasida bojxona koʻrik jarayoni uchun sarflanadigan vaqtning nafaqat kamayishiga erishilyapti, shu bilan birgalikda turli bojxona qoidabuzarliklarini aniqlash borasida ham katta yutuqlarga erishilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi bojxona postlarini katta hajmdagi skaner qurilmalari bilan jihozlash loyihasi doirasida Xitoy Xalq Respublikasining grant mablagʻlari hisobidan taqdim etilgan temir yoʻl vagonlarini skaner qiluvchi inspeksion-koʻrik majmualari yordamida oz vaqt ichida katta hajmli yuklarni bojxona koʻrigidan oʻtkazish imkoni yaratildi.

Xuddi shunday inspeksion-koʻrik majmualaridan yana birini Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Oʻzbekiston” temir yoʻl chegara bojxona postiga oʻrnatish ishlari oʻz yakuniga yetdi. Shu munosabat bilan 26-yanvar – bojxona xizmati xodimlari kuni munosabati bilan mazkur postda inspeksion-koʻrik majmuasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirning rasmiy ochilish marosimidan soʻng, yigʻilganlar inspeksion-koʻrik majmuasi bilan yaqindan tanishib, uning imkoniyatlari, ish samaradorligi boʻyicha koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldilar.

Taʼkidlab oʻtish joizki, mazkur zamonaviy texnika yordamida temir yoʻl konteynerlari harakatlanayotgan vaqtida uning ichida mavjud boʻlgan tovarlarni koʻrish imkoniyati mavjud. Bu esa konteynerdagi tovarlarning deklaratsiyada koʻrsatilganligiga mosligi, kontrabanda predmetlari bor-yoʻqligini nazorat qilish imkonini beradi.

Zero, inspeksion-koʻrik majmuasini oʻrnatishdan koʻzlangan asosiy maqsad ham kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishi holatlarining oldini olish, xavfni boshqarish tizimi orqali bojxona nazorati samaradorligini oshirish barobarida, eksport va import jarayonlarini yana-da tezlashtirishdan iboratdir.