Temir yo'llari sohasida raqamlashtirish jarayoni qanday ketmoqda?

    AOKAda «O'zbekiston temir yo'llari» AJ bosh boshqarma boshlig'i Umidulla Ibragimov ishtirokida o'tkazilgan brifingda mavzu yuzasidan ma'lumot berildi.

    Qayd etilishicha, bugungi kunda barcha sohalarda bo'lgani kabi raqamli iqtisodiyotni ham faol rivojlantirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda. Mazkur yo'nalishda temir yo'l transporti hamda uning rivojlanishi ham zamon bilan hamnafas bo'lib, yo'lovchi va yuk tashish hamda jamiyatning operatsion jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etmoqda.

    Jumladan “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyatida joriy yil 10 oy mobaynida xalqaro rivojlangan davlatlarning temir yo'l kompaniyalarining tajribasi o'rganilgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish bo'yicha izchil ish olib borilmoqda. Xususan, magistral aloqa tarmog'ini raqamlashtirish temir yo'lning asosiy yo'nalishlarida 60 foizgacha etdi. Ma'lumotlar uzatish tezligini sekundiga 1,25 Gbitgacha oshirish uchun optik-tolali liniyalar asosida korporativ ma'lumotlar uzatish tarmog'i yaratilgan.

    elektron chiptalarni xarid qilish axborot tizimining yangi versiyasi va mobil ilovalari 2019- yilda foydalanishga topshirilgan va o'tgan davrda doimiy takomillashtirilmoqda. Yangi tizimning afzalligi shundaki, poezdlarga elektron tarzda ro'yxatdan o'tish, ishlatilmagan elektron chiptalarni onlayn tarzda qaytarish imkoniyati mavjud. Hozirgi kunda elektron chiptalar ulushi 40% gacha etdi. Buning sabablari – tizimning mijozlarga yaratilgan qulayliklar, chipta sotish jarayonining shaffofligi, byurokratik to'siqlar bartaraf qilingaligi hamda elektron chiptalar qog'oz shaklidagi chiptalardan 6 ming so'mdan – 17 ming so'mgacha arzonroqligidadir, xalqaro elektron to'lov tizimlaridan foydalanish imkoniyati (Master Card, Visa, PayPal va boshqalar), xalqaro “strayp” tizimi bilan integratsiya qilinganligi va boshqa qulayliklardir.

    Joriy yil sentyabr` oyida yo'lovchilar uchun yana bir qulaylik yaratildi, ya'ni ishlatilmagan elektron chipta tizimga onlayn tarzda qaytarilganida mijozlarga 100% mablag'i plastik kartasiga qaytarilishi yo'lga qo'yildi.

    Shu bilan birga, jarayonlarni raqamlashtirish bo'yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, lokomotiv va maxsus avtomashinalar harakatini sun'iy yo'ldosh orqali monitoring axborot tizimi yaratildi. Mazkur tizim lokomotiv va avtomashinalarni ekspluatatsiya qilish xarajatlarini kamaytirish, harakat xavfsizligini ta'minlash xamda temir yo'lning operatsion faoliyatining salohiyatini oshirishga qaratilgan. Shu bilan birga mavjud refrijerator sektsiyalari axborot tizimiga ulanmoqda va ulardan tashiladigan yuklarni xarorat saqlash rejimi, sarflangan yoqilg'i xamda vagonlar harakatlanishi to'g'risidagi ma'lumotlarni markazdagi serverga uzatiladi. Bu o'z navbatida O'zbekistonda etishtirilib va eksport qilinayotgan poliz mahsulotlarini yanada sifatli va o'z vaqtida manzillariga etkazishni ta'minlaydi;

    “Keles” xalqaro chegara punktidagi temir yo'l stantsiyasida vagonlar og'irligini to'xtatmasdan aniqlash sun'iy intellekt asosida jamiyatning dasturchilari tarafidan yaratilgan axborot tizimi o'rnatilgan. Loyihaning asosiy maqsadi – poezdlar harakati xavfsizligini ta'minlash xamda xaddan tashqari yuk ortilishini oldini olish. Bir yil davomida O'zbekiston Respublikasi xududiga 300,0 mingga yaqin import va tranzit yuk vagonlari kiradi. 2021 yilning o'zida yuk hujjatida ko'rsatilmagan ortiqcha ortilgan yuklar mavjudligi bir necha martta aniqlangan. Ushbu axborot tizimi Davlat bojxona qumitasi bilan birgalikda boshqa chegara bekatlariga o'rnatilishi rejalashtirilgan bo'lib amalga oshirilmoqda;

    Yo'lovchi poezdlarda yo'lovichlarga qo'shimcha mul`timedia xizmatlar ko'rsatish uchun maxsus internet portal yaratildi va yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poezdlariga o'rnatilmoqda. Mazkur portal qo'shni davlatlarda va internet mavjud bo'lmagan xududlarda yo'lovchilarga musiqa, fil`m, kliplar tinglash va ko'rish, elektron kitoblar o'qish, yangiliklardan xabardor bo'lish, respublikaning turizm salohiyati bilan tanishish xamda poezddagi vagon-restoranidan taomlarni tanlab va buyurtma berish kabi xizmat ko'rsatishga imkoniyat yaratadi. Vokzallar va chiptaxonalarda bepul Wi-Fi hududlar tashkil qilindi.