«Inson qadri uchun», «Davlat – inson uchun» degan ezgu g‘oyalarni hayotga tatbiq etish maqsadida sud huquq islohotlari keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Fuqarolarning erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat ekanligi, fuqarolarning sud orqali himoyalanishga bo‘lgan huquqlari, odil sudlov tamoyillari, sud davlat hokimiyatining mustaqil tarmog‘i ekanligi, sudlarning mustaqilligi va faqat qonunga bo‘ysunishi, aybsizlik prezumpsiyasi kabi qator fundamental, umum e’tirof etilgan xalqaro huquq normalari o‘z aksini topgan.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud–huquq sohasidagi islohotlarning maqsadi inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishning eng muhim kafolati sifatida sud hokimiyatining nufuzini mustahkamlash, sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, ularning demokratik insonparvar huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatni barpo etishdagi rolini kuchaytirishdan iboratdir.

Shu bilan birga, sud-tergov amaliyoti inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha samarali mexanizmlar to‘liq ishga solinmaganligi, shuningdek, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud orqali ishonchli ta’minlash choralarini kuchaytirish zarurati mavjudligini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston — 2030 strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda ta’minlash, shuningdek, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilinishiga erishish maqsad qilib berilgan.

2024 yil 10 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi  Prezidentining  Tezkor-qidiruv hamda tergov  faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida (PF-89-son) farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar — tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi joriy etildi va jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joiy etildi. Shuningdek jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyatsiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko‘rib chiqilishi tartibi belgilandi.

Endilikda 2025 yil 1 yanvardan boshlab sud tizimida tergov sudyasi lavozimi joriy qilinib  tergov sudyasiga quyidagi jinoyat materiallarini, shu jumladan sanksiyalar va majburlov choralarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati berildi, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash bilan bog‘liq iltimosnomalarni ko‘rib chiqish, qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish masalalari bilan bog‘lik iltimosnomalarni ko‘rib chiqish, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnomalarni, murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnoma, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma, tintuv o‘tkazish haqidagi iltimosnoma, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi iltimosnoma, mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha vakolatlarini amalga oshiradi.

Shuningdek tergov sudyalariga quyidagilar bo‘yicha majburlov choralari qo‘llash bo‘yicha yani, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqish,  ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqish,  ushlab turish muddatini qirq sakkiz soatga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqish,  prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha vakolatlarga ega.

Shu bilan birga tergov sudyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlariham belgilab berilgan. Shuningdek ushbu farmonda yuqori sudlarga qonunchilikda belgilangan tartibda tergov sudyasiga yuklatilgan vazifalarning adolatli va xolisona bajarilishi bo‘yicha qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlash hamda  fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini sud yo‘li bilan samarali himoya qilish vazifalari belgilandi va jinoyat protsessual krdeksining tegishli moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarning keyingi bosqichi sifatida yurtimizda tergov sudyasi institutining joriy qilinishi jinoyat protsessida qonun ustuvorligini ta’minlashga, fuqarolarning qonuniy manfaatlarni samarali himoya qilinishiga va odil sudlovning ta’minlanishiga hizmat qiladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

    Q.Q. Matkarimov,
Sud hokimiyati, advokatura va
huquqni muhofaza qiluvchi organlar
sho‘basi ( kafedrasi) dotsenti, yfd (DSc