Fargʻona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi doirasida Istanbulda Terminal Yapı kompaniyalar guruhi boshqaruv kengashi raisi Mexmet Delimollaoglu bilan uchrashib, Fargʻona xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqarish masalasini muhokama qildi.

Boshqa sohalardagi yirik loyihalar bilan birga, hozirgacha dunyo boʻyicha 40 ta aeroportning qurilishi va modernizatsiyasida ishtirok etgan, Kiprdagi Erjan xalqaro aeroportining boshqaruvini amalga oshirayotgan Terminal Yapı kompaniyalar guruhi Fargʻona xalqaro aeroportini boshqaruvga qabul qilib, ikki bosqichda investitsiya loyihasini amalga oshirish, bunda dastlab qoʻnish yoʻli qoplamasini va elektr tizimini yangilash, mavjud terminalni rekonstruksiya qilish va kengaytirish, ikkinchi bosqichda qoʻnish yoʻlagini kengaytirish hamda yangi terminal qurish, besh yil muddatda aeroportda yillik yoʻlovchilar oqimini 3 million nafarga yetkazishni rejalashtiryapti.

Shuningdek, loyiha doirasida aeroportda 200 tonnalik sovutkichli meva-sabzavot saqlash ombori ham barpo etilishi hamda zamonaviy yuk terminali faoliyati tashkillashtirilishi ham koʻzda tutilgan. Shu bilan birga, Fargʻona xalqaro aeroportida aviatsiya sohasi mutaxassislarini tayyorlash taʼlim markazi tashkil etish ham loyihadan oʻrin olgan.

Loyihaga birinchi yilda 15 million dollar, keyingi uch yilda 45 million dollar, jami 60 million dollar toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya yoʻnaltirish rejalashtirilgan.

Xayrullo Bozorov, mamlakatimizda aeroportlarni davlat-xususiy sheriklik asosida rekonstruksiya, modernizatsiya, ekspluatatsiya qilish va boshqarish loyihalarini amalga oshirish boʻyicha aniq-chora tadbirlar belgilanganini maʼlum qilib, Fargʻona vodiysi uchun katta ahamiyatga ega boʻlgan ushbu loyihani qisqa muddatda mutasaddi organlar bilan hamkorlikda koʻrib chiqish hamda uni amalga oshirish boʻyicha har tomonlama koʻmaklashishga tayyor ekanliklarini maʼlum qildi.

Terminal Yapı kompaniyalar guruhi Fargʻona viloyatida energetika sohasida, shu jumladan quyosh yoki geotermal elektrostansiyalarni qurish kabi loyihalarni amalga oshirish, yirik koʻchmas mulk obyektlari va turar joy majmualarini qurish, neftgaz va kimyo sohasiga investitsiyalar kiritish va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish masalalariga ham katta qiziqish bildirdi.

Xayrullo Bozorov, Turkiyaning janubiy-sharqiy hududida, Istanbuldan 1 000 kilometr uzoqlikda joylashgan Shanliurfa shahriga borib, Terminal Yapı kompaniyalar guruhi tomonidan 2013-yilda qurib foydalanishga topshirilgan Şanlıurfa GAP aeroportini koʻzdan kechirdi.

Loyiha qiymati – 163 million dollar boʻlgan ushbu aeroportda yopiq binolar – 25 ming metr kvadratni, ochiq beton qoplamali maydon – 650 ming metr kvadratni tashkil etadi.

Aeroportda uzunligi 4 000, eni 60 metrlik qoʻnish yoʻli qurilgan. Loyiha doirasida taksi yoʻlaklari, avtoturargox, 100 tonnalik sovutkichli meva-sabzavot ombori, yuk va passajirlar terminal binolari, aeroport nazorat minorasi, qoʻriqchilar, oʻt oʻchirish, bojxona xizmati binolari qurilib foydalanishga topshirilgan, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.