Joiy yilning 10-11-aprel kunlari Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash boʻyicha Al Hakim at-Termiziy xotirasiga bagʻishlangan anʼanaviy XV xalqaro turnir boʻlib oʻtadi. Unda dunyoning 30 ga yaqin davlatidan 105 nafar vakil qatnashishi kutilmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi anjumanlar zalida mazkur turnir oldidan matbuot anjumani btashkil etildi. Anjumanda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari, Tashkiliy qo‘mita raisi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi, Tashkiliy qo‘mita aʼzosi Oybek Kasimov, O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisining sport ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Uyg‘un Umarov, shuningdek xorijlik mehmonlardan Bangladesh yoshlar va sport vaziligi kotibi Sohil Ahmad, Ruminiya delegatsiyasi rahbari, xalqaro toifadagi hakam, janob Naim Belgin, Ozarbayjon delegatsiyasi rahbari Mobil Xuseynov hamda mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida bu yilgi turnirning umumiy mukofot jamgʻarmasi 100 ming AQSH dollarini tashkil etishi maʼlum qilindi. Unga ko‘ra, har bir vazn toifasida g‘oliblarga 3 000, 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilarga 2 000 hamda ikkita 3-o‘rin sohiblariga 1 000 AQSH dollari miqdorida pul mukofotlari topshiriladi. Mutlaq vaznda g‘olib bo‘lgan polvon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – 10 000 AQSH dollariga sazovor bo‘ladi. 2-o‘rin sohibi 5 000 dollar, ikkita 3-o‘rin sohiblari 3 500 dollardan, jami 22 000 dollar miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanishadi. Mutlaq vazn toifasida chorak finalda mag‘lubiyatga uchragan 4 nafar kurashchining har biriga 2 000 dollardan jami 8 000 dollar pul mukofoti taʼsis etilgan.
Anʼanaviy turnir ishtirokchilari uchun turli madaniy tadbirlar oʻtkazish va vohaning tarixiy obidalari, arxeologik yodgorliklariga sayohat uyushtirish rejalashtirilgan.
Matbuot anjumani davomida mutasaddilar va xorijlik delegatlar OAV xodimlarining savollariga javob berdilar.