Bu haqda Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, shu yilning 28-avgust sanasida Termiz hayvonot bogʻida saqlanayotgan noyob turdagi Xongul- Buxoro bugʻusi bolaladi.
Hozirda jonivorning salomatligi yaxshi, u veterinarlarning nazorat ostiga olingan. Bugungi kunda hayvonot bogʻida 4 bosh- 2 bosh erkak, 2 bosh urgʻochi Buxoro xonguli saqlanmoqda.
Maʼlumot uchun; Xongul (Buxoro bugʻusi) yoʻq boʻlib ketayotgan, lokal tarqalgan kenja tur hisoblanadi. Oʻtmishda Sirdaryo va Amudaryo havzalarining barcha toʻqayzorlarida keng tarqalgan.
Hozirda Amudaryo vodiysining yuqori (Surxondaryo viloyati) va oʻrta (Buxoro viloyati Qizilqum qoʻriqxonasi) oqimida yashovchi, Zarafshon Milliy tabiat bogʻi va Quyi Amudaryo biosfera rezervati, shuningdek, Zarafshon daryosi yuqorisida – Oʻzbekiston va Tojikiston chegarasidagi aborigen populyatsiyalari, introduksiya va reintroduksiya yoʻli bilan yuzaga kelgan sunʼiy guruhlari mavjud.