Termizda sud-tibbiyot ekspertlari uchun xalqaro standartlar boʻyicha trening oʻtkazildi

    Joriy yil 21-22-aprel kunlari Termiz shahrida “Istanbul protokoliga muvofiq qiynoq va shafqatsiz muomalani sud-tibbiy hujjatlashtirish” mavzusida trening boʻlib oʻtdi.

    Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va YeXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisining qoʻshma loyihasi doirasida tashkil etildi.

    Oʻquv mashgʻulotida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentining tibbiyot mutaxassislari va Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining sud-tibbiy ekspertlari ishtirok etdi.

    Tadbirda asosiy eʼtibor mutaxassislarning Istanbul protokoliga muvofiq qiynoqlar va shafqatsiz muomalani samarali hujjatlashtirish boʻyicha xalqaro standartlar haqidagi bilimlarini oshirishga qaratildi.

    Trening ochilishida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, YeXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisining loyihalar boʻyicha katta maslahatchisi E.Yurkovski, qamoqxonalar islohoti va inson huquqlari boʻyicha xalqaro maslahatchi, IPPF xalqaro penitensiar jamgʻarmasining MDH mamlakatlari boʻyicha vakili A.Shambilov (Ispaniya), Istanbul protokoli boʻyicha xalqaro ekspert, Istanbul protokolini ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh aʼzosi, sud tibbiyoti professori, Tbilisi davlat tibbiyot universiteti sud tibbiyoti kafedrasi mudiri R.Beriashvili (Gruziya), shuningdek, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Surxondaryo viloyati filiallari rahbarlari, viloyat penitensiar muassasalari vakillari soʻzga chiqdi.

    Taʼkidlanganidek, 2020-2024-yillarda YeXHT koʻmagida qiynoq holatlarini samarali tekshirish va hujjatlashtirish boʻyicha oʻndan ortiq oʻquv tadbiri oʻtkazilgan. Oʻz navbatida, ushbu trening BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi 40-yilligini nishonlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturining bir qismi hisoblanadi.

    Yangi Oʻzbekiston jazoni ijro etish tizimini insonparvarlashtirish va inson huquqlarini mustahkamlash sohasida sezilarli yutuqlarga erishmoqda, mahbuslar bilan muomala qilish sohasidagi xalqaro standartlarni faol joriy etmoqda. Mamlakatda qamoqda saqlash sharoitlarini yaxshilash va mahbuslarning huquqlarini taʼminlashga qaratilgan bir qator muhim qonun hujjatlari qabul qilingan.

    Shafqatsiz muomala va qiynoqlardan xoli boʻlish xalqaro hujjatlarda ham, milliy qonunchilikda ham mustahkamlangan asosiy huquqdir. Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har qanday holatda va istisnosiz tarzda qiynoqqa solish va shafqatsiz muomalada boʻlish qatʼiyan taqiqlangan.

    Oʻquv mashgʻulotlari davomida ishtirokchilar Istanbul protokoli qoidalari bilan batafsil tanishdilar. Qiynoqlarning oldini olishga oid asosiy xalqaro hujjatlar va milliy qonunchilikni oʻrgandilar.

    Shuningdek, Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi milliy qonunchiligining oʻziga xos xususiyatlari tahlil etilib, qiynoqlarning oldini olish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilar xalqaro va milliy miqyosda qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan turli mexanizmlar haqida zarur maʼlumotlarga ega boʻldilar.

    Tadbirda shuningdek, inson huquqlariga rioya qilish va qiynoqlarning oldini olish masalalari boʻyicha kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.

    Keyingi shunday oʻquv mashgʻuloti 24-25-aprel kunlari Fargʻona shahrida oʻtkazilishi rejalashtirildi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

    Milliy markazi matbuot xizmati.