39 ta davlatda referendum uchastkalari tuzildi

    Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum uchastkalari tuzildi. Bu haqda bugun, 27-mart kuni Markaziy saylov komissiyasi binosida boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisda maʼlum qilindi.

    Qayd etilishicha, joriy yil 25-mart kuni Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligining tegishli xatiga asosan Oʻzbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum uchastkalari tuzish toʻgʻrisidagi taqdimnomasi Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan.

    Shunga asosan, TIV tomonidan Oʻzbekistonning 39 ta davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum uchastkalarini tuzish taklif etilgan.

    Jumladan, AQSH, BAA, Germaniya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni va TUrkiya kabi davlatlarda 2 tadan, Qozogʻiston va Xitoyda 3 tadan hamda Rossiyada 7 tadan referendum uchastkalarini tuzish taklif qilingan.

    Markaziy saylov komissiyasi tomonidan TIV taklifini qoʻllab-quvvatlash maqsadga muvofiq deb topildi va tegishli qaror qabul qilindi.

    Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuziladigan referendum uchastkalari 14-Toshkent shahar referendum okrugiga biriktirildi.