Farmonga koʻra, Milliy sifat infratuzilmasini rivojlantirishning 2026-yil uchun asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:
- Barqaror rivojlanish uchun sifat infratuzilmasi indeksida Oʻzbekiston Respublikasi oʻrnini kamiida 20 pogʻonaga koʻtarish;
- Xalqaro tarozi va oʻlchovlar byurosi tomonidan eʼtirof etilgan kalibrlash imkoniyatlari sonini 2,5 barobarga oshirish;
- xalqaro darajada tan olingan akkreditatsiya xizmatlari ulushini kamida 80 foizga yetkazish.
Shuningdek, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimidagi Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi Vazirlar Mahkamasi boʻysunuviga oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi faoliyati toʻxtatiladi hamda uning tarkibidagi muvofiqlikni baholash organlari tugatiladi.
Oʻzbekiston standartlar instituti unga Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazini qoʻshib olish orqali qayta tashkil etiladi.
Farmonga koʻra, 2026-yil 1-apreldan muvofiqlikni baholash sohasida tadbirkorlarga quyidagi yengilliklar joriy etiladi:
- muvofiqlikni baholash organlari tomonidan akkreditatsiya sohasida koʻrsatilgan pullik xizmatlar tushumidan ajratmalar 2,5 barobarga
- kamaytirilib, 2 foiz miqdorida belgilanadi hamda toʻliqligicha Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi ixtiyorida qoldiriladi;
- tadbirkorlar tomonidan 2 va undan ortiq akkreditatsiyadan oʻtgan holda muvofiqlikni baholash xizmatlari yoʻlga qoʻyilgan sohada davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ushbu sohada sinov laboratoriyalari va sertifikatlash organlari tashkil etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
- muvofiqlikni baholash organlariga Milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya oʻtgan holda eksport bozorlarida talab etilayotgan xorijiy standartlar asosida muvofiqlikni baholash ishlarini oʻtkazishga ruxsat etiladi.
Quyidagi iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish toʻliq xalqaro standartlar asosida tashkil etiladi:
- 2026-yil 1-iyuldan toʻqimachilik, charm, mebel, elektrotexnika, avtomobilsozlik, axborot texnologiyalari;
- 2027-yil 1-yanvardan neft va gaz, metallurgiya, transport, qurilish mahsulotlari, tibbiy buyumlar;
- 2028-yil 1-yanvardan energetika, kimyo, ekologiya, xizmat koʻrsatish sohalari.
Farmonga koʻra, metrologiya sohasini xalqaro talablar bilan muvofiqlashtirish maqsadida 2027-yil 1-yanvardan boshlab:
- oʻlchash vositalarini qiyoslash amaliyotidan voz kechgan holda, qonunlashtiruvchi metrologiya doirasida verifikatsiyalash tizimi joriy etiladi;
- sanoatda foydalanilayotgan va mahsulot sifatiga bevosita taʼsir qiladigan oʻlchash vositalari kalibrlashga oʻtkaziladi va standart namunalarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi bekor qilinadi;
- kalibrlash laboratoriyalarining Xalqaro tarozi va oʻlchashlar byurosi bazasida eʼtirof etilgan kalibrlash imkoniyatlari qayd etilgan yoʻnalishlari akkreditatsiyadan oʻtishdan ozod qilinadi.
2026/2027 oʻquv yilidan standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash yoʻnalishlarida tahsil olayotgan oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun:
- “Maxsus stipendiya” taʼsis etiladi;
- rivojlangan davlatlar, xususan Yevropa Ittifoqining texnik jihatdan tartibga solish (Technical Regulation) tizimini oʻrganish modeli asosida dars soatlari joriy qilinadi;
- soʻnggi 2-yilni xorijiy universitetda davom ettirishni nazarda tutuvchi “2+2” shaklidagi qoʻshma taʼlim dasturlari ishlab chiqiladi.