Shu bois milliy innovatsion tizimni rivojlantirishga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilib, ilmiy tadqiqotlar uchun inson kapitali, ilm-fan, innovatsiyalar va texnologiyalar transferini rivojlantirish, innovatsion faoliyatni moliyalashtirish tizimi asosiy yoʻnalish sifatida belgilandi.

Davlatimiz rahbari 2022-yil 6-iyul kuni “2022–2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmon hamda ushbu hujjatda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, bu uchun zarur huquqiy, moddiy bazani yaratishga qaratilgan “2022–2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorni imzolagan edi. Mazkur hujjatlar ijrosini taʼminlash borasidagi chora-tadbirlar soha rivojini yana bir pogʻonaga koʻtaryapti.

Ilmiy izlanish va tadqiqotlarni moliyalashtirish dolzarb masala. Boisi, ilm-fan jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti uchun katta imkoniyatlar ochadigan kuch sanaladi. Uni ragʻbatlantirish iqtisodiyotni rivojlantirish, raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladigan ilgʻor innovatsiyalarni yuzaga keltiradi.

Innovatsion rivojlanish strategiyasida 2023-yil oxirigacha ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga xarajatlarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 0,17 foizgacha oshirish rejalashtirilgan. 2023-yilga doir soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, bu koʻrsatkich yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,16 foizni tashkil etdi. Buning natijasida innovatsion tadbirkorlik rivojlanib, yaratilgan yangi ish oʻrinlari koʻpaydi. Bunday natijaga erishishda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida innovatsiyalar koʻlami va samaradorligi ortgani muhim omil boʻldi. 

Izlanuvchilar oʻz gʻoyasi loyihasini sodda tarzda taqdim qilishi mumkin

Kichik tadbirkorlikning innovatsion faolligini oshirib, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy jadal oʻsishiga erishish mumkin. Shu bois innovatsion texnologiyalar yaratishning gʻoyadan yakuniy isteʼmolchigacha boʻlgan kompleks tizimini taʼminlash orqali innovatsiyalarga talabni ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bugun istagan izlanuvchi oʻz gʻoyasi loyihasini sodda tarzda taqdim qilishi, yangi turdagi raqobatbardosh mahsulotlar yaratishi mumkin. Bu boradagi imkoniyatlar soʻnggi yillarda yurtimiz va jahon bozorlarida “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi ostidagi mahsulotlar turi koʻpayishiga xizmat qilmoqda.

Oʻtgan 2,5 yilda davlat dasturlari doirasida amalga oshirilgan tijoratlashtirish loyihalarining umumiy qiymati 375,9 milliard soʻm, xususan 2023-yilning birinchi yarmida bu koʻrsatkich 189,6 milliard soʻmni tashkil etgan. Tadbirkorlik fondlari hisobidan tijoratlashtirish loyihalarini moliyalashtirish sezilarli darajada oshdi. Tijoratlashtirish loyihalariga tadbirkorlik mablagʻlari hisobidan yoʻnaltirilgan investitsiyalar ulushi 62 foizni, davlat grantlari hisobidan ajratilgan mablagʻlar esa 38 foizni tashkil etdi.

Bugungi kun uchun ilm-fanni rivojlantirish davlat ahamiyatiga molik eng muhim strategik vazifa sanaladi. 2023-yil sentyabr holatiga koʻra, 92 ta loyiha doirasida 198 ta yangi mahsulot va xizmat turlari, 812 ta ish oʻrni yaratildi. Xususan, Oʻzbekistonlik olimlarning ishlanmalari asosida yuqori texnologiyalarga asoslangan bioaktiv qoplamaga ega dental tish implantlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Mazkur mahsulot konstruksiya jihatdan xorijiy analoglaridan qolishmaydi va mahalliy xomashyolardan tayyorlangan biofaol qobiq bilan qoplanganligi bilan farqlanadi.

Yana bir gap, mahalliy mikrobiolog olimlar bilan hamkorlikda ekologik toza, resurstejamkor va iqtisodiy samarali kompleks taʼsir etuvchi “Teria” seriyali bakterial oʻgʻitlarni suyuq va quruq holda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilib, yiliga 90 tonna mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, suvni molekulyar darajada yuqori samaradorlik bilan tozalovchi, rivojlangan mamlakatlardan import qilinadigan analoglariga nisbatan arzon, shuningdek, isteʼmolchilar talablariga qarab turli oʻlchamlarda ishlab chiqariladigan teskari osmos suv filtrlari mahalliy olimlarimiz loyihalari asosida yaratilib, savdo rastalaridan oʻrin oldi.

Davlat buyurtmasi ehtiyojlardan kelib chiqib shakllantiriladi

Bizda ilm-fanga yagona davlat buyurtmachisi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hisoblanadi. Bu samarador tizim iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlaridan kelib chiqib, davlat buyurtmasi shakllantirilishini anglatadi. Buyurtmachi tomonidan muayyan mavzular eʼlon qilinadi. Masalan, qishloq xoʻjaligida zararkunandalarga qarshi kurashish, oʻsimliklar kasallanishining oldini olishga qaratilgan biologik usullarni yaratishni olaylik. Bu borada kimyoviy usullardan foydalanish kutilgan natijani bermaydi. Har bir hududning oʻz mikroflorasi, shu bilan birga, kasallik va zararkunandalari bor. Anglashiladiki, chet elda ishlab chiqarilgan preparatlarni qoʻllay olmaymiz.

Yangi loyiha yaratmoqchi boʻlganlar oldiga mana shu masalalar koʻndalang qoʻyiladi. Buyurtma shakllantirilib, unda kutilayotgan aniq natijalar, loyiha summasi yoziladi va tanlov eʼlon qilinadi. Tahlillarga koʻra, tanlovlarda bitta mavzu boʻyicha 5–6 tagacha loyiha ishtirok etadi. Bu raqobat bor, eng yaxshi samara beradigan loyihani tanlash imkoni yuqori, degani.

Xususiy sektor tomonidan ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot ishlariga yoʻnaltirilgan investitsiyalar hajmi rejalashtirilgan koʻrsatkichlarga nisbatan ikki barobardan koʻproq oshdi. Vazirlik tomonidan moliyalashtirilgan ilmiy loyihalarda xususiy sektorning ulushi 7 milliard 35 million soʻmni tashkil etdi.

Ilm-fanni rivojlantirish davlat ahamiyatiga molik eng muhim strategik vazifa sanaladi. Innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishda “tarmoq — hudud — ilmiy/oliy taʼlim tashkiloti” zanjirining yaxlit tizimini joriy etishning ahamiyati katta. 2023-yilning 9 oy mobaynida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan umumiy qiymati 71,95 milliard soʻmlik 67 ta loyiha moliyalashtirildi hamda 31,50 milliard soʻmlik xususiy sektor mablagʻi (cost sharing) jalb qilindi. Loyihalar doirasida 63 turdagi yangi mahsulot yaratildi.

Yildan yilga tanlovlarda ishtirok etish istagini bildirgan, muammolarga yechim sifatida yangi loyihalar ishlab chiqayotganlar soni ortib bormoqda. Bu quvonarli hol. Joriy yil 17–20-oktyabr kunlari “InnoWeek.uz-2023” innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida “Kuzgi tijoratlashtirish forumi” oʻtkazildi. Forum doirasida yangi tijoratlashtirilgan ishlanmalar va innovatsion mahsulotlar koʻrgazmasi ham tashkil etildi. Natijada 32,6 milliard soʻmlik 50 ta mahalliy korxona va tashkilotlar bilan tijoratlashtirish loyihalarining sotuv shartnomalari hamda 4,1 million dollarlik 7 ta eksport shartnomasi imzolandi.

Yuqori texnologiyali mahsulotlarning eksportdagi ulushi oshdi 

Ilmiy hajmdor va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi innovatsion (spin-off) korxonalar sonini oshirish katta samara beradi. Bunday yondashuvning afzalligi shundaki, hududiy tarmoq tashkilotlari innovatsiyalarga boʻlgan ehtiyojlar portfelini ishlab chiqib, Innovatsion rivojlanish agentligiga taqdim etadi. Oʻz navbatida, tarmoq muammolarining ilmiy yechimini taʼminlash boʻyicha ijrochi ilmiy/oliy taʼlim tashkiloti, yaʼni innovatsion “spin-off” kompaniyani tanlov asosida aniqlaydi va “1+1” prinsipi asosida tarmoq tashkilotlari bilan birga ishlab chiqilgan loyihalarni moliyalashtiradi. Mahsulot bozorda muvaffaqiyatli oʻzlashtirilsa, sanoatda seriyalab ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida investitsiya portfeli ishlab chiqiladi. Bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan jarayonda gʻoya katta foyda keltiradigan mahsulotga aylanadi.

Bugun 17 ta “spin-off” korxonasi ish boshlagan va ular tomonidan 92 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish hamda 69 xil xizmat koʻrsatish faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Sohani rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar samarasi oʻlaroq, joriy yilning oʻtgan davrida tashqi bozorlarda yuqori texnologiyali mahsulotlarning umumiy eksport hajmidagi ulushi 2,4 foizini tashkil etdi. Bu koʻrsatkich 2023-yil oxirigacha 3 foizga yetishi kutilmoqda. Ilmiy-innovatsion mahsulotlar va xizmatlarni jahon bozoriga eksport qilish hajmini oshirishga qaratilgan loyihalarning umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiqni tashkil etadi. Bunday natijalarga erishishda tizimli islohotlar asosiy omil boʻlmoqda.

Biznesi boshqa kompaniyalarga yordam berishdan iborat boʻlgan akselerator kompaniyalar rezidentlarga, jamoaga biznes modelni “charxlash”, zarur kontaktlarga ega boʻlish va savdoni amalga oshirishda yordam beradigan dasturni taklif qiladi. Hududlarda startap akseleratsiya dasturlarini amalga oshirish yakunlari boʻyicha joriy yil boshidan buyon 71 ta startap loyihasi ishga tushirildi.

Hududlarni innovatsion rivojlantirishda “aqlli” texnologiyalardan keng foydalanilmoqda. Xususan, aholi va tadbirkorlarga tez, qulay va ishonchli davlat xizmatlarini koʻrsatishga qaratilgan “Raqamli hukumat”,  profilaktika va diagnostika imkoniyatlarini kengaytiradigan “Intellektual tibbiyot”, geoaxborot texnologiyalaridan foydalangan holda transport vositalaridan samarali foydalanish, yoʻl harakati va jamoat transporti harakatini boshqarish imkonini beradigan “Intellektual transport”, agrosanoat majmuasida samarali “yashil” texnologiyalarga asoslangan “Aqlli fermerlik”, daromad manbalarini kengaytirish orqali aholi farovonligini oshirishga qaratilgan “Aqlli mahalla” texnologiyalari joriy etilmoqda.

Bunga erishish uchun innovatsion faoliyatga yoʻnaltirilgan davlat moliyaviy resurslari kengaytiriladi. Elektron kooperatsiya portali orqali amalga oshiriladigan innovatsion mahsulot va xizmatlarni toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilishga oid shartnomalar reestrini yuritish hamda investitsion loyihalarda innovatsiyalarni joriy qilish, hududlarda oʻzlashtiriladigan investitsiya loyihalarini texnologik yechimlar bilan toʻldirish, shu yoʻnalishlarga investitsiya olib kelinishida koʻmaklashish ham galdagi muhim vazifamiz sanaladi.

Jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fansiz hal etish qiyin. Shuning uchun ham bugungi davrning oʻzi ilm-fan rivojini yangi bosqichga koʻtarishni talab qilmoqda. Mamlakatimizda kechayotgan iqtisodiy islohotlar va iqtisodiy siyosatni kuzatar ekanmiz, har bir soha rivoji uchun zarur omillarning barchasi mavjud ekaniga, qolaversa, ilm-fanni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab, innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilayotganiga guvoh boʻlamiz. Bu kabi islohotlar, albatta, katta samara beradi.

Shahlo TURDIQULOVA,

oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari,

professor