Aslida nima boʻlgandi? Respublika tez tibbiy yordam markazi Matbuot xizmati ushbu holat yuzasidan rasmiy maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, fuqaro M.B. (1953-yilda tugʻilgan, uyi va aniq yashash manzili yoʻq) nomiga 2025-yil 23-fevraldan boshlab tez tibbiy yordam xizmatiga bir necha marotoba murojaatlar qayd qilingan va har safar unga tibbiy xizmatlar koʻrsatilgan.
Bundan tashqari, M. B.ni 4-son va 1-son shahar klinik shifoxonalariga bir necha marta olib borilgan. Jumladan, shu yil 6-mart kunining oʻzida uning nomidan 4-marta chiqiruv uyushtirilgan va hammasida tibbiy xizmatdan foydalangan.
6-mart kuni dastlab soat 10:53 da Boʻzsuv 1/21 manziliga shu yerda yashovchi fuqaro tomonidan chaqiriq berilgan. Tez tibbiy yordam brigadasi oʻz vaqtida yetib borib, bemorni birlamchi tibbiy tekshiruvdan oʻtkazadi. Soʻngra u 1-son shahar klinik shifoxonasiga olib borilgan. Qabul boʻlimida shoshilinch holat inkor qilingach, u yashash manzili aniq boʻlmagani uchun “102” xizmatiga xabar berilib, olib ketilgan manzilga keltirib qoʻyilgan.
Keyingi chaqiriq esa soat 13:34 da Boʻzsuv 1/21 manziliga IIB xodimi tomonidan amalga oshirilgan. Voqealar rivoji deyarli bir xilda davom etadi, faqat yakunda bemor bu safar yashash manzilini Buyuk Ipak yoʻli koʻchasi, 421-uy deb koʻratgani sababli tibbiy brigada tomonidan “koll markaz« katta shifokori hamda «112” va “102” xodimlari bilan gaplashilib, aytilgan manzilga keltirib qoʻyilgan.
Soat 19:48 da Buyuk Ipak yoʻli koʻchasi, 421-uy manziliga yoʻlovchi fuqaro tomonidan navbatdagi chaqiruv boʻladi. Tez tibbiy yordam brigadasi oʻz vaqtida yetib boradi. Bemorni birlamchi tibbiy tekshiruvdan oʻtkazadi. Shoshilinch holat inkor qilinib, u manzilning oʻzida qoldiriladi.
Toʻrtinchi chaqiruv kechki payt soat 20:31da Buyuk Ipak yoʻli koʻchasi, 421-uy manziliga IIB xodimi tomonidan amalga oshirilgan. Tez tibbiy yordam brigadasi tezkor ravishda vaqtida yetib boradi va joyida bemorni birlamchi tibbiy tekshiruvdan oʻtkazadi.
IIB xodimi taklifi bilan yana qaytadan 1-shahar klinik shifoxonasiga olib borilgan. Qabul boʻlimida mutaxassis tomonidan qoʻyilgan «oʻng tomonlama sut bezining yiringli yarasi« tashxisi asosida qabul boʻlimida qoldirilgan.
Fuqaro M.B. ayni paytda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filialida rejali ravishda muolajalar olmoqda.








