Bugungi kunda yurtimiz boʻylab faoliyat yuritayotgan sayyor brigadalarning soni 2 684 tani tashkil qilmoqda. Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tez tibbiy yordam xizmatining shifokorlar bilan taʼminlanganlik darajasi respublika boʻyicha 95 foizga koʻtarildi. Jumladan, Buxoro va Namangan viloyatlarida bu koʻrsatkich 100 foizga, Andijon viloyatida 99 foizga, Samarqand viloyatida esa 98 foizga yetgan.

Respublika boʻyicha “103” xizmatining oʻrta tibbiyot xodimlari bilan taʼminlanganlik darajasi esa 2020-yil oxirida 98 foizga yetdi. Shundan 11 ta hududda ushbu koʻrsatkich 100 foizni tashkil qilmoqda.

Quvonarlisi, “103” xizmatida faoliyat yuritayotgan 13 ming nafarga yaqin shifokorlarning 4 388 nafari yuqori malaka toifasiga ega, 2 230 nafari 10–20 yillik, 1 818 nafari esa 20 yildan ortiq stajga ega.

Mamlakatimiz tez tibbiy yordam xizmati tizimida 28,4 ming nafardan ortiq oʻrta tibbiyot xodimlari ishlayotgan boʻlsa, ularning 39 foizdan ortigʻi malaka toifasiga ega. Qolaversa, ularning 6 155 nafari 5–10 yillik, 5 784 nafari 10–20 yillik hamda 4 368 nafari 20 yildan ortiq ish tajribasiga ega, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.