Buyuk Britaniyaning “The Guardian” nashri jahon futbolidagi eng iqtidorli 60 nafar yosh futbolchi nomini eʼlin qildi. Ushbu roʻyxatdan Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi futbolchisi Sadriddin Hasanov ham oʻrin olgan, deya xabar bermoqda OʻFA.

Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi aprel oyida oʻtkazilgan U-17 Osiyo kubogi finalida Saudiya Arabistoniga qarshi bahsda tanaffusga 0:0 hisobi bilan yoʻl oldi.

Biroq jamoa ikkita qizil kartochka tufayli toʻqqiz kishi boʻlib qolgan edi. Shu payt katta sahnaga Hasanov chiqdi. U jamoani ilhomlantira oldi, ajoyib solo yurish orqali gol urgan holda 2:0 hisobidagi gʻalabani taʼminladi.

Turnir davomida toʻrtta gol urgan Hasanov musobaqaning eng yaxshi futbolchisi, deb topildi.

Chap qanotdan ichkariga yorib kirishni yoqtiradigan, tez, kuchli va gol sezgisi yuqori boʻlgan Hasanovda gʻoliblik ruhiyati ham bor. Hasanov Osiyoda “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” boʻlishga daʼvogar, deyiladi maqolada.

Eslatib oʻtamiz, ushbu roʻyxatdan 2019-yilda Jasurbek Jaloliddinov, 2024-yilda Azizbek Toʻlqinbekov ham oʻrin olgan edi.