Jumladan, Hindistonning “The Indian Express” gazetasida Qoraqalpog‘istonning asosiy turistik yo‘nalishlaridan biri bo‘lmish Mo‘ynoq tumani va Orol dengizi haqida maqola e’lon qilindi.
Maqolada hududning qisqacha tarixi, o‘tmishdagi Orol dengizining qurishi hamda bugungi kunda Mo‘ynoq tumani eng mashhur turistik maskanga aylangani, so‘nggi yillarda bu yerda xostel va mehmonxonalarning ko‘payib borishi, tabiiy ofat bilan bog‘liq bo‘lgan yangi turizm yo‘nalishining rivojlanishi mahalliy aholi uchun yangi umid in’om etgani aytib o‘tilgan.
Shu bilan bir qatorda maqola muallifi Orol dengizi tarixi muzeyi, Kemalar qabristoni, Orol dengizi bo‘yidagi o‘tovlar majmuasi va u yerdagi sharoitlar, internet tarmog‘i va mobil aloqa bo‘lmagan va sivilizasiyadan juda uzoqda bo‘lgan ekstremal turistik o‘rinlar haqida ta’kidlab o‘tgan.
Ma’lumot sifatida, “The Indian Express” gazetasi ingliz tilida bo‘lib, 1931 yildan buyon faoliyat olib bormoqda. Har kuni 300 mingdan ortiq tirajga ega ushbu gazetaning elektron varianti - indianexpress.com veb-saytini har oyda 60 million internet foydalanuvchilarini jalb qiladi va dunyodagi eng yirik yangiliklar saytlarining biri bo‘lib hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 31 may - 5 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligining tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan bir qator xorijiy OAV vakillari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasining diqqatga sazovor joylari bo‘ylab keng qamrovli press-tur tashkil etildi. Press-turda Buyuk Britaniya, Ispaniya, Finlyandiya, Hindiston va Indoneziya davlatlaridan “The Caspian Post”, “Lonely Planet”, “Metro TV”, “The Travel Magazine”, “Indian Express”, “Alonesia” kabi blog, telekanal va nashriyotlarning fotograf, muxbir hamda teleboshlovchilari ishtirok etishdi.